“O‘zkomnazorat” DI internetda firibgarlarning turli usullardagi yolg‘onlariga aldanmaslikni tavsiya qiladi
26.05.2020
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Firibgarlar turli usullar bilan koronavirus pandemiyasi davrida foydalanuvchilarning ishonchiga kirib, ularni aldashi, pullarini o‘g‘irlashi kabi jinoyatlar xorijda va O‘zbekistonda uchrab turibdi.

Jumladan, “O‘zkomnazorat” DI tomonidan jinoyatchilarning pandemiya davrida xayriya yoki boshqa moddiy yordamlar haqidagi yolg‘on ma’lumot tarqatib, odamlarning mablag‘larini o‘zlashtirayotgani, ijtimoiy tarmoqlarda koronavirusni qon orqali aniqlaydigan vosita ya’ni testlar sotilishi haqidagi e’lonlar bilan odamlarni aldab shaxsiy axborotlarga ega bo‘layotgani, oldindan elektron tarzda to‘lov amalga oshirilishini so‘rayotgani haqida ogohlantirgan.

Shuningdek, koronavirusni aniqlovchi soxta botlar vositasida internet firibgarlik holatlari kuzatilayotgani, foydalanuvchilardan mobil ilovalarni yuklash va o‘rnatishda dasturning qaysi operatsiyalarni amalga oshirishga ruxsat so‘rayotganiga e’tibor berish, agar bu kabi ruxsatlar soni asossiz ravishda ko‘p bo‘lsa ushbu programmani ishlatishdan voz kechish lozimligi tavsiya etilishi haqida ham xabar qilingan.

“O‘zkomnazorat” DI naqdsiz shakldagi to‘lovlar hajmining oshgani tufayli axborot sohasida firibgarlarning faollashishi mumkinligi, onlayn xaridlar, SMS xabarlar, shubhali qo‘ng‘iroqlar va ijtimoiy tarmoqlardagi soxta e’lonlardan ehtiyot bo‘lish, elektron pochta, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarni ishonchli parol bilan himoyalash, Telegram’da taniqli brendlar nomidan ochilgan “fake” kanallarga ishonmaslikni maslahat bergan.

Ko‘plab davlatlarda karantin cheklovlari yumshatilgan bo‘lsa ham firibgarlarning faolligi kamaymayapti, bunga misol tariqasida Surxondaryoda 17 yoshli o‘smirning nogiron odamning plastik kartasiga ehson qilishini aytib, uning hisobidagi pullarni yechib olganini ko‘rsatish mumkin.

Kiyim-kechak, maishiy texnika vositalari va boshqa buyumlarni onlayn do‘konlar, ijtimoiy tarmoqlardagi e’lonlar orqali xarid qilishda, taksichilar orqali onlayn buyurtmalar berishda ham firibgarlik, fuqarolar, internet foydalanuvchilarini aldash kabi salbiy vaziyatlar uchrab turibdi.

Shuning uchun maxfiy SMS-kodlarni oshkor qilmaslik, pasportlar va boshqa shaxsiy hujjatlarning skanerlangan elektron nusxalarini begonalarga yubormaslik tavsiya qilinadi. Ushbu hujjatlarni jo‘natish zarur bo‘lgan taqdirda avtorizatsiya qilingan manzillarga – savdo kompaniyalari, banklar va sug‘urta tashkilotlarining rasmiy vakillari bilan ishlash so‘raladi. Sababi shaxsga doir axborotlarning (pasport, ko‘chmas mulkga egalik qilish bo‘yicha hujjatlar va h.k) o‘g‘irlanishi tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan insonlar uchun ajratilgan sug‘urta mukofot pullarini o‘zlashtirish va yana boshqa salbiy holatlarga olib kelishi mumkin.

“O‘zkomnazorat” DI onlayn xaridlar qilishda, telefon so‘zlashuvlari vaqtida, turli e’lonlar orqali buyurtmalar qilish, xayriya aksiyalarida ishtirok etishda xushyor bo‘lish hamda ma’lumotlar haqqoniyligini tekshirishni, axborotni ishonchli va rasmiy manbalardan olish lozimligini eslatib o‘tadi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq