Avtomatlashtirilgan tizim yig‘uvchanlikni oshiradi
23.05.2020
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Soliqlarni to‘lash tizimini raqamlashtirish, birinchi navbatda, soliq to‘lovchilarning ehtiyoj va imkoniyatlariga qaratilgan. Mexanizm qanchalik qulay va sodda bo‘lsa, har bir fuqaro uchun davlat oldidagi barcha soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarish shunchalik oson bo‘ladi.

«Soliqlarni avtomatlashtirilgan yig‘ish tizimi» – «SAYT» Davlat soliq qo‘mitasining so‘nggi va muvaffaqiyatli yangiliklaridan biridir.

Ushbu loyiha 2019-yilda Namangan viloyatida sinov tariqasida joriy etildi. Viloyat aholisi maxsus qurilma (terminal) yordamida «SAYT» dasturi ishga tushirilganligi haqida xabardor etildi. Agar soliq inspektorida bunday qurilma bo‘lmasa, ularga soliq to‘lamaslik huquqi berildi.

«SAYT» dasturi orqali soliq to‘lovchiga berilgan chek odatdagidan farq qiladi. Unda soliq to‘lash to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumotlar, shuningdek soliq xizmati organi xodimining ma’lumotlari mavjud bo‘ladi va soliq to‘lovchining mobil telefon raqamiga soliq to‘lovi amalga oshirilganligi to‘g‘risida SMS xabar ham boradi.

Bundan tashqari, inspektor hududidagi mol-mulk va yer soliqlaridan qarzdorligi mavjud jismoniy shaxslarni navigator tizimi (GPS) orqali aniqlash imkoniyati yaratilgan.

«SAYT» tizimi soliq inspektoriga soliqlarni mustaqil ravishda yig‘ish va bir vaqtning o‘zida amalga oshirgan ishlarini qayd etish imkonini beradi.

Shu bilan birga, dispetcherlik web ilovasi orqali inspektorning real vaqt rejimida amalga oshirgan ishlari baholab boriladi.

— O‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, soliq inspektorlarining ish samaradorligi 2-3 baravarga oshdi, – deydi DSQ Jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i Zarifjon Zokirov.

Misol uchun, Namangan viloyatida 2019-yil I-chorakda 125 nafar soliq inspektori tomonidan 9,4 mlrd. so‘m mahalliy soliqlar yig‘ilgan (1 nafar soliq xizmatchisiga o‘rtacha 75 mln. so‘mdan to‘g‘ri kelgan) bo‘lsa, «SAYT» tizimi orqali 2020-yilning I choragida 27 mlrd. so‘m soliq undirildi (1 nafar soliq xizmatchisiga o‘rtacha 177 mln. so‘mdan to‘g‘ri kelgan).

Hokimiyat organlari tomonidan mahalliy byudjetlarning oshirib bajarilgan qismidan 1 959 dona terminal sotib olish uchun 8,4 mlrd. so‘m mablag‘ ajratildi.

Yil boshidan buyon Jizzax, Namangan, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahrida 1 118 dona terminal to‘liq ishga tushirildi. Mazkur hududlarda «SAYT» dasturi orqali 2020-yil yanvar-aprel oylarida mahalliy byudjetlarga 43,5 mlrd. so‘m soliqlar undirildi.

«SAYT» terminallarini ishlatishning keyingi bosqichida hujjatsiz faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar, kadastri mavjud bo‘lmagan ob’yektlar va ijara shartnomasi tuzmagan shaxslarni elektron ro‘yxatini shakllantirib, qonuniy ishlashga o‘tishini nazorat qilish moduli ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, «SAYT» tizimi respublikaning barcha hududlarida to‘liq joriy etilishi 2020-yilda mahalliy soliqlardan qo‘shimcha 285 mlrd. so‘m mablag‘ tushirish imkoniyatini beradi. Bu esa terminallar uchun sarflangan mablag‘larga nisbatan 35 baravarga ko‘p demakdir.

«SAYT» tizimi barcha hududlarda ishga tushirilib, yagona mexanizmga keltirilgach, soliq inspektorlari ish unumdorligini (KPI) baholash orqali ularni rag‘batlantirish ham rejalashtirilgan.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq