Ikkinchi Jahon urushi g’alabasining 75 yilligiga bag’ishlangan pochta markasi chiqarilishi to’g’risida
12.05.2020
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Ikkinchi Jahon urushi ham xalqimiz uchun og’ir kunlarni keltirdi.

Hamyurtlarimiz insoniyat tarixidagi eng dahshatli, qonli urushda jasorat bilan kurashdilar, ko’pchilik olovli janglarda halok bo’ldi, ko’plari yarador va nogiron bo’lib yurtimizga qaytdi. Ko’p bolalar etim bo’lib qolishdi. Mamlakatimiz xalqi ochlik va qashshoqlikdan aziyat chekdi. Bunday qiyin paytlarda ko’plab o’zbek oilalari etim bo’lib qolgan turli millat farzandlarini o’z oilalariga qabul qildilar va ular bilan non ulashdilar.

Urush paytida Temirchi Shoaxmat Shomahmudovning oilasi jami 13 etim bolani tarbiyaladilar va urushdan keyin yana uchtasini o‘z oilasiga qabul qildilar. Ular orasida rus, belorus, moldavan, ukrain, latish, qozoq, tatar, chuvash, yahudiy, o’zbek bolalari bor edi. Shomaxmudovlar bolalarni mehr-muhabbat bilan tarbiyaladilar. Shuni ta’kidlash kerakki, Shomahmudovlar oilasi insoniyatning yuksak namunasini ko’rsatadigan oila sifatida tarixga kirdi.

Shomahmudovlar oilasiga 1982-yilda Toshkentdagi Xalqlar do’stligi saroyi oldidagi maydonda haykal o’rnatilgan. Xalqlar do’stligi monumenti o’zbek xalqining urush yillarida ko’rsatgan buyuk jasorat, insoniylik va bag’rikenglikning haqiqiy namunasidir.

Bu yil Ikkinchi Jahon urushi g’alabasining 75 yilligi nishonlanadi. Shu munosabat bilan “O‘zbekiston pochtasi” AJ tomonidan tayyorlanib, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan 2020-yil 8-maydan G’alabaning 75 yilligiga bag’ishlangan pochta markasi muomalaga kiritildi.

Pochta markasi pochta bloki ko‘rinishida chop etilgan. Pochta markasida Shomaxmudovlar oilasiga o’rnatilgan yodgorlik tasvirlangan. Pochta blokining pastki qismida o‘zbek tilida lotin grafikasida «9-may — Xotira va qadrlash kuni» yozuvi joylashgan.

Pochta markasi bir necha rangda ishlangan. Ofset usulida bosilgan. Perforatsiyasi taroqsimon. Qog‘ozi oq silliq. Pochta markasining o‘lchamlari 52×37 mm. Pochta blokining o‘lchami 90×80 mm. Pochta markaning adadi 5 ming nusxadan. Yusupaliyev U. — dizayni.

Identifikatsiya raqami berilgan va nominali o‘rnatilgan.

№ 1421

1421. «9-may — Xotira va qadrlash kuni» Nominali — 7300 so‘m.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq