Raqamli karantin: maxsus mobil ilova yaratildi!
29.04.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Bugungi kunda hukumatimiz tomonidan koronavirusning tarqalishining oldini olish maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, aholining ko‘chaga chiqishini cheklash, barcha turdagi ta’lim muassasalari, davlat va xususiy tashkilotlarning faoliyati onlayn rejimga o‘tkazildi. Bunday choralar hozirgi kunda epidemiyaning oldini olishning eng samarali usuli hisoblanadi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan “Project Managers” korxonasining yosh dasturchilari kasalligi aniqlangan bemor bilan muloqotda bo‘lganlarni aniqlash jarayonni avtomatlashtirish maqsadida “Birga Yengamiz” nomli mobil ilova yaratdi. Mazkur mobil ilova Android va iOS qurilmalar uchun mo‘ljallangan. Ilovaning asosiy vazifasi bemor bilan oxirgi 14 kun ichida yaqin masofada va muayyan vaqt aloqada bo‘lgan shaxslarni aniqlash va zarur hollarda ularni karantinga joylab, virusni yanada keng tarqalishining oldini olishdir.

– Odamlar o‘z ishlariga, karantingacha bo‘lgan davrdagi hayot tarzlariga qaytsalar-da, ularning kim bilan qachon, qayerda va qancha vaqt mobaynida uchrashganlari haqida ma’lumotlar qayd etib boriladi, – deydi mazkur ilovaning yaratuvchilaridan biri Alisher Tojiyev. – Agar biror kim kasallansa, u 14 kun davomida uchrashgan odamlarni topish hamda ularni karantinga qo‘yish mumkin bo‘ladi.

Butun dunyoda hozir olimlar va tadqiqotchilar tezroq odatiy hayotga qaytish va muloqotlarni cheklash choralari olib tashlanganidan keyin kasallikning qayta ommaviy tarqalmasligi bo‘yicha izlanishlar olib bormoqdalar. Mobil telefonlar uchun maxsus ilovalardan foydalanish mana shunday izlanishlarning natijasidir. Singapur, Janubiy Koreya, Tayvan kabi mamlakatlarda bunday ilovalar o‘z samarasini ko‘rsatib kelmoqda. Buni OAVda “onlayn karantin” yoki “raqamli karantin” deb ham atashmoqda.

Hozirda Innovatsion rivojlanish vazirligi mas’ullari koronavirusning keyingi tarqalishini oldini olishda mazkur ilovaga katta umid bog‘lamoqdalar. Negaki, COVID-19 virusini tashuvchilarda kasallik alomatlari bo‘lmasa-da, ular bemalol kasallikni boshqalarga yuqtirishi mumkin. Dunyoda aniqlangan kasallikka chalingan bemorlarning yarmi aynan kasallik tashuvchilardan virusni yuqtirganlar. Shu bois ham bu ilovadan istaganlar emas, balki butun aholi foydalanishi talab etiladi. Oksford universiteti olimlarining ta’kidlashicha, aholining kamida 60 foizi mazkur ilovalardan foydalansagina, u samara beradi.

Hozirda mazkur ilovani “PlayMarket” va “AppStore” platformalarida joylashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq