Oʻzbekiston: maktablarning yopilishiga oʻz vaqtida javob
28.04.2020
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Jahon bankining rasmiy veb-saytida «Oʻzbekiston: maktablarning yopilishiga oʻz vaqtida javob» nomli maqola eʼlon qilindi.

Maqolada bank mutaxassislarining taʼkidlashicha, 22-aprel holatiga koʻra 180 dan ortiq mamlakatlarda maktablarni yopish toʻgʻrisida qaror qabul qilinishi kamida 1,7 milliard oʻquvchiga oʻz taʼsirini koʻrsatgan.

Maktablarning uzoq vaqtga yopilishi oz fursatda nafaqat taʼlim sifatining, balki inson kapitalining rivojlanishi va iqtisodiy imkoniyatlarning ham pasayishiga olib kelishi mumkin.

Oʻzbekiston, koʻplab davlatlar singari, koronavirus tarqalishining oldini olish uchun barcha maktablarni yopishga majbur boʻldi. Qaror 15-mart kuni, mamlakatda COVID-19 ning birinchi holati roʻyxatga olinganida qabul qilindi.

Ikki kun oʻtgach, Xalq taʼlimi vazirligi karantin davrida umumtaʼlim maktablarning 6,1 million nafar oʻquvchilari uchun masofadan turib onlayn taʼlim berilishi haqidagi Hukumat qarorini eʼlon qildi.

Maqolada qayd etilishicha, Oʻzbekistonda internet tezligi va aholini qamrab olish koʻrsatkichlari yuqori emas. “Shu sababli, Xalq taʼlimi vazirligi mamlakatdagi barcha oʻquvchilarga onlayn taʼlim yetib bormasligi mumkinligini tan oldi. Mamlakatda raqamli televidenie aholini 100 foiz qamrab olganini eʼtiborga olgan holda televizion darslarni ishga tushirish masofaviy taʼlim bilan aholini ommaviy qamrab olish uchun yagona imkoniyatdir”, — deya taʼkidlaydi Jahon banki mutaxassislari.

Vazirlik bu choralarni oʻz vaqtida qabul qildi, shunga qaramay hali koʻp ishlarni amalga oshirish kerak. Jahon banki ekspertlarining taʼkidlashicha, 30-martga qadar 350 dan ortiq videodarslar tayyorlangan boʻlib, ular milliy telekanallar hamda internetda namoyish etildi.

Favqulodda vaziyatlar paytida vaqt tigʻiz boʻlgani bois vazirlik tezda harakat qilishni davom ettirmoqda. Har kuni oʻrtacha 100 ta videodarslar tayyorlanib, taʼlimning uzluksizligi taʼminlanmoqda.

Shuningdek, maqolada “Albatta, puxta oʻylangan onlayn darslar va favqulodda yaratilgan masofaviy darslar oʻrtasida farq bor. Masofaviy taʼlimni joriy etayotgan koʻplab mamlakatlarning saʼy-harakatlari inqiroz paytidagi harakat sifatida baholanishi kerak. Inqiroz tugagach, ushbu tajriba vazirlik va boshqa manfaatdor tomonlarga kelajakda maktablar yopilishi kabi holatlar yuzaga kelsa, natijalarni baholash va masofaviy taʼlimni takomillashtirish imkoniyatini beradi», deyiladi.

Bank mutaxassislari vazirlikning pandemiya davrida favqulodda vaziyatlarga oʻz vaqtida chora koʻrgani butun Oʻzbekiston oʻquvchilarga taʼlim bera olishga tayyorligini koʻrsatadi. Shunga qaramay, taʼlim muassasalari ochilib, darslar qayta boshlanganidan soʻng vazirlik muhokama qilishi va rejalashtirishi kerak boʻlgan koʻplab masalalar mavjud.

Jahon banki vakillari kelgusida amalga oshiriladigan ishlar boʻyicha ham oʻz tavsiyalarini berdi. Xususan, ular oʻquvchilarni qoʻllab-quvvatlash, karantin paytida olingan bilimlarni baholash boʻyicha ishlarni tashkillashtirishni tavsiya etadi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq