26-aprel — Xalqaro intellektual mulk kuni
27.04.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Bu yil mazkur bayram nishonlanayotganiga 20 yil to’ldi.

Ushbu xalqaro kun sanasi tasodifan tanlanmagan. 1970-yil 26-aprel kuni Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT) tashkil etilgani to’g’risida Xalqaro konvensiya qabul qilindi. Unga muvofiq BIMT — bu Birlashgan Millatlar Tashkilotining ijod va intellektual mulk bo’yicha ixtisoslashgan agentligi bo’lib, uning faoliyati asosan butun dunyoda muvozanatli va erkin xalqaro intellektual mulk tizimini kengaytirish va rivojlantirishga qaratilgan.

2000-yil sentyabr oyida esa Butunjahon intellektual mulk tashkilotining Bosh assambleyasi Xalqaro intellektual mulk kunini ta’sis etdi.

Shunday qilib, «Xalqaro intellektual mulk kuni» 2001-yildan boshlab nishonlana boshlandi.
Yangi g’oyalar va texnologiyalarni himoya qilish, intellektual mulk ahamiyatini oshirish maqsadida har yili «Intellektual mulk kuni» dolzarb sohani rivojlantirishga bag’ishlanadi.

Yashil kelajak uchun innovatsiyalar 

Bu yil mazkur bayram «Yashil kelajak uchun innovatsiyalar» shiori ostida nishonlanmoqda. Shunday qilib, BIMT nafaqat texnologik yutuqlar, ixtirolar, ilmiy kashfiyotlar muhimligini, balki ertangi kelajak uchun barcha javobgar ekanligini ta’kidlaydi. Koronavirus pandemiyasi sababli hozirgi dunyodagi vaziyat ushbu shiorning ahamiyatini yanada kuchaytiradi. Bundan tashqari, dunyo intellektual mulk tizimi har doim ham ijodkorlik, ham texnologiya, shuningdek, universal taraqqiyotning gumanitar tamoyillari birlashmasi bo’lib kelgan.

Bunday kaleydoskop BIMT oldiga qo’yilgan vazifalarni hal qilishda duch keladigan muammolarning ko’p qirrali mohiyatini namoyish etishga, aholining keng qatlamlari tomonidan intellektual mulk qanday ahamiyatga ega ekanligini tushunishda va zarur choralarni ko’rishga yordam beradi. Bularning barchasi intellektual mulk himoya qilish tizimi san’atdan tortib innovatsion texnologiyalargacha ko’plab sohalarni rivojlantirishga hissa qo’shishga qaratilgan.

Hozirgi kunda 180 dan ortiq davlat BIMT aʼzosi hisoblanadi. Аyni vaqtda BIMT butun dunyoda intellektual mulk obʼyektlarini bir xil himoya qilish, sohaga oid qonunchilik tizimini yaratish va takomillashtirishga koʼmaklashish, davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish, himoyaga olingan obʼyektlarni xalqaro ayirboshlashni qoʼllab-quvvatlash, boshqa tashkilotlar bilan aloqalar oʼrnatish orqali himoya tizimini mustahkamlash, sohaga oid turli xalqaro shartnomalarning maʼmuriy boshqaruvini taʼminlashga xizmat qilib kelmoqda.

Intellektual mulk sohasiga ilk qadam

O‘zbekiston Butunjahon intellektual mulk tashkilotiga 1991-yildan a’zo bo’lib kirgan hamda sohaga oid 18 ta shartnomani ratifikatsiya qilgan.

Maʼlumki, intellektual mulk insonning ijodiy faoliyati natijasida yaratilgan adabiy, badiiy, sanʼat asarlari va sanoat namunasidir. Ijodiy faoliyat, oʼz navbatida, inson tafakkuri mahsuli hisoblanadi. Shu bois intellektual faoliyat ishtirokchilari – mualliflar fuqarolik-huquqiy munosabatlarning eng faol subʼektlaridir.

Respublikamizda intellektual mulk huquqini himoya qilish tizimining yaratilishini quyidagi bosqichlarga ajratish mumkin.

Birinchi bosqich 1991-1995 yillarga toʼgʼri kelib, bu davr jahon patent tizimi tajribasini oʼrganish, sohaga oid ixtisoslashgan xalqaro tashkilotlarga aʼzo boʼlish, milliy qonunchilik asoslarini yaratish, davlatning vakolatli organi toʼlaqonli shakllanish yillari boʼldi.

Ikkinchi bosqich 1996-2002 yillarga toʼgʼri keladi. Bu davrda intellektual mulk boyliklarini huquqiy jihatdan muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari takomillashtirildi. Jumladan, «Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʼgʼrisida», «Tovar belgilari, xizmat koʼrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʼgʼrisida», «Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va maʼlumotlar bazalarining huquqiy himoyasi toʼgʼrisida», «Integral mikrosxemalar topologiyalarini huquqiy muhofaza qilish toʼgʼrisida», «Selektsiya yutuqlari toʼgʼrisida», «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʼgʼrisida»gi qonunlar qabul qilindi.

Prezidentimizning 2019-yil 8-fevraldagi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi O‘zbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi tizimiga oʼtkazilib, yangi vazifalar belgilandi.

Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi mazkur sohada vakolatli organ hisoblanib, O‘zbekistonda intellektual mulk ob’yektari huquqini ta’minlaydi, ilmiy va texnologik taraqqiyotni qo’llab-quvvatlaydi va rag’batlantiradi, iqtisodiy va fuqarolik huquqda, shu jumladan xalqaro ilmiy-texnikaviy hamkorlikda qo’llaniluvchi patentlar, tovar belgilari, sanoat namunalari va foydali modellarni ro’yxatdan o’tkazadi.

Аgentlik intellektual mulk obʼyektlariga boʼlgan huquqlarni muhofaza va himoya qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi vakolatli davlat boshqaruvi organi sifatida 2019-yil davomida intellektual mulk obʼyektlariga 10142 ta talabnoma qabul qilgan, bu koʼrsatkich 2018-yilga nisbatan 17,7 foizga ortgan, shuningdek 8549 ta intellektual mulk obʼyektlari boʼyicha ekspertiza oʼtkazildi; 4445 ta intellektual mulk obʼyektlari davlat reestridan oʼtkazildi, bu koʼrsatgich 2018-yilga nisbatan 25,7 foizga ortganini koʼrsatadi, Madrid kelishuvi Protokoli boʼyicha 2254 ta tovar belgisiga huquqiy muhofaza berildi.

Bu raqamlar orqali butun dunyoda intellektual mulk rivoji raqamli iqtisodiyot va yangi texnologik kashfiyot bilan chambarchas bog’liq bo’lib, uning ahamiyati tobora ortib borayotganini ko’rish mumkin.

Intellektual mulk agentligi «Yashil kelajak uchun innovatsiyalar» shiori ostidagi kampaniyaning bir qismi sifatida kuchli va muvozanatli intellektual mulk (IP) tizimi sayyoradagi hayotni ekologik barqarorlashtiruvchi, chunonchi yashil iqtisodiyotni rivojlantiruvchi g’oyalarni rag’batlantirishini maqsad qilgan. Zero, innovatsion fikrlash va intellektual mulkdan strategik foydalanish barqarorlik masalasini hal qilishga yaqinlashtiradi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq