“O‘ZKOMNAZORAT” naqdsiz shakldagi to‘lovlar hajmining oshgani tufayli axborot sohasida firibgarlarning faollashishi mumkinligi haqida ogohlantiradi
20.04.2020
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida pensiya va ijtimoiy nafaqalarni to‘lash to‘liq plastik kartaga tushirib berish yo‘li bilan amalga oshirilishi maʼlum qilindi.

Birinchi bosqichda may oyidan boshlab, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida pensiyani plastik kartaga to‘liq tushirib berish boshlanadi. Keyingi oylarda ushbu tartib bosqichma-bosqich boshqa hududlarga ham tatbiq etiladi. Pensiya jamg‘armasi maʼlumoti bo‘yicha hozirgi kunda pensiya va nafaqa olayotgan fuqarolar taxminan 3,7 million nafarni tashkil qiladi.

Kartalarning banklar tomonidan ochilishi va pensiya oluvchi fuqarolarga sanitariya qoida va meʼyorlariga rioya qilingan holda yetkazib berilishini alohida qayd etish lozim.

Aholining ushbu qatlami plastik kartalardan foydalanish haqida yetarlicha axborotga ega bo‘lmaganligi tufayli mablag‘lari bank kartalarida saqlanishi boshlanganidan keyin tarmoqlarda jinoyatchilarning firibgarlik sxemalariga aldanib qolishi mumkin.

Xorijiy davlatlarda firibgarlarning bank nomidan qo‘ng‘iroq qilib, kam taʼminlangan oilalar uchun xayriya aksiyasi o‘tkazilayotgani haqidagi yolg‘on axborot bilan fuqarolar va ularning oila aʼzolari haqidagi maʼlumotlarni o‘zlashtirishga urinishi, karta raqami va uning amal qilish muddati haqida so‘rashi, SMS-xabarnoma orqali kelgan sirli kodni bilib olib, keyinchalik ularning elektron hisob raqamidagi pullarni o‘g‘irlash holatlari uchrashi mumkinligi aytilmoqda.

Avval ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekistonda har bir fuqaroga haftasiga 300 ming so‘mdan berilishi” haqidagi xabarlar “feyk” xabarlarga qarshi kurashish maqsadida tashkil qilingan Antifake rasmiy kanali tomonidan yolg‘on va haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi maʼlum qilingandi.

Aholining elektron mablag‘larni boshqarishni u qadar yaxshi o‘zlashtirmagan qatlami, yaʼni pensiya oluvchrlar va nogironlarda bank plastik kartalari sonining ko‘payishi oqibatida jinoyatchilarning turli yo‘llar bilan firibgarlik qilib, bank plastik kartalarining raqamlarini bilib olishi, o‘zini ijtimoiy xizmatlar nomidan so‘rov yuborib, karantin vaqtida kartaga maxsus ijtimoiy yordam puli tushirib berishni vaʼda qilib odamlarning pullarini o‘zlashtirishi mumkin.

“O‘zkomnazorat” davlat inspeksiyasi fuqarolardan firibgarlarning bu kabi “feyk” SMS xabarnomalariga aldanmaslikni, shaxsiy maʼlumotlarni va muhim axborotlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatmaslik, begona odamlarga bermaslikni, keksa yoshdagi yaqinlarni ham bu kabi xavfli harakatlar haqida ogohlantirishni, koronovirus pandemiyasiga qarshi hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqidagi xabar hamda yangiliklarni rasmiy yoki ishonchli manbalardan olishni so‘raydi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq