Virtual sayohatlar Uzbekistan.travel portali bilan integratsiyalashadi
18.04.2020
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

2020-yil O‘zbekistonda “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyot yili” deya eʼlon qilindi, biroq yil avvalida ushbu yo‘nalishning bugunga kelib  naqadar dolzarb bo‘lishi aksariyatning xayoliga ham kelmagan.

Hozir mamlakat murakkab davrni boshdan kechirmoqda va iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini raqamlashtirish davlat uchun ustuvor yo‘nalishga aylanib bormoqda. Turizm sohasi ham shu yo‘nalishda harakatlanmoqda.

Yaqinda O‘zbekistonda onlayn turizm rivojlantirilishi haqida maʼlum qilindi, bu mamlakatimizning xorijda tanilishini oshirib, inqirozdan keyingi davrda pandemiya vaqtidagi kamchiliklarni bartaraf etib, sayyohlar oqimini oshirish yo‘lida xizmat qiladi. Bu yo‘nalishda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va uning huzuridagi «Milliy PR markazi» DUK tomonidan online-tourism.uz saytini ishlab chiqishga oid ishlar olib borilmoqda. Sayt “Sayyoh uchun”, “Turistik biznes vakillari uchun” va “Startaperlar uchun” kabi bo‘limlarni o‘z ichiga oladi.

Bugun biz yangi saytning birinchi — “Sayyoh uchun” bo‘limiga batafsil to‘xtalib o‘tmoqchimiz. Ushbu bo‘lim vvv.uzbekistan.travel milliy turistik veb portali bilan integratsiyalashadi.

Uzbekistan.travel portali haqida

Uzbekistan.travel saytini takomillashtirishga oid ishlar joriy yilning boshidayoq boshlangan. Bu o‘z ichiga O‘zbekistonning turistik salohiyatiga doir maʼlumotlar, foydali axborot, tarixiy va madaniy maʼlumotlar, qiziqarli faktlar va turistik yo‘nalishlar bo‘yicha barcha materiallarni jamlagan  rasmiy turistik resurs hisoblanadi.

Mazkur portalda mamlakatimizning har bir burchagi go‘zalligini xorijiy va mahalliy sayyohlarga qulay tilda yetkazib berishga harakat qilinadi. Bu yerda “Barcha uchun turizm” bo‘limi bo‘lib, unda butun mamlakat bo‘ylab turistik yo‘nalishlar haqida maʼlumotlar berilgan, ushbu maʼlumotlar doimiy onlayn rejimda to‘ldirib boriladi.

“Sayohatchi” bo‘limida siz O‘zbekistonga kelishdan oldin va sayohat davomida kerak bo‘luvchi barcha maʼlumotlarni topishingiz mumkin.

Asosiy bo‘limlardan biri hisoblangan “Diqqatga sazovor maskanlar”da esa mamlakatimizning turistik yo‘nalishlari bo‘ylab virtual ekskursiyalarni amalga oshirishingiz mumkin. Har bir inson bu yerda o‘ziga kerakli maʼlumotni topishi mumkin – u xoh ekoturistik yo‘nalishlar, xoh Ziyorat turizm obyektlari yoki Budda merosi, xoh meʼmorchilik va arxeologik yodgorliklar yoki muzeylar bo‘lsin.

Saytdagi “Fotogalereya” bo‘limiga alohida eʼtibor qaratiladi, bu yerda nafaqat O‘zbekiston haqidagi suratlarni ko‘zdan kechirish mumkin, balki ularni yuqori sifatda yuklab olish imkoni ham bo‘ladi. Shunda O‘zbekistonning turistik taqdimotini o‘tkazishni istagan inson ushbu bir-biridan ajoyib suratlardan bepul foydalanishi yoki shunchaki esdalik uchun saqlab, do‘stlari bilan bo‘lishishi mumkin bo‘ladi.

Shunisi eʼtiborga sazovorki, saytda foydalanuvchilarga onlayn rejimda har qanday xorijiy tilda savol berish imkonini beruvchi interaktiv servislar joriy qilingan.

Shu bilan birga, portalda O‘zbekistonning turistik kompaniyalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan va bu har qanday insonning didiga to‘g‘ri keluvchi turlarga onlayn buyurtma berish imkonini beradi.

Saytning tashqi va ichki interfeysi zamonaviy texnologiyalarni hisobga olgan holda so‘nggi tendensiyalarga hamohang ishlab chiqilgan.

Tillar

Uzbekistan.travel portalini 15 tilda yuritish rejalashtirilmoqda – o‘zbek, rus, ingliz, nemis, yapon, xitoy, fransuz, turk, ispan va b.

Har bir tildagi versiya uchun alohida tuzilma ishlab chiqilib, u har bir mintaqada yashovchi aholining qidiruv so‘rovnomalari va qiziqishlarini o‘z ichiga oladi. Bu esa aynan turli mamlakatlar aholisi qiziquvchi  maʼlumotlarni olish imkonini beradi.

Virtual ekskursiyalar

Uzbekistan.travel sayti, umuman olganda, O‘zbekiston haqidagi ko‘ngilochar, tarixiy va yangi bilim beruvchi kontentni o‘z ichiga jamlaydi. Bu esa mamlakatimizga yangicha qarash, kashf qilinmagan joylarni ochish va uning madaniyati hamda tarixi bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.

Buning uchun ko‘p bo‘limlarda O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylari  haqidagi videoroliklar, ularning 3D suratlari va VR panoramalari faol joylanib boriladi. Bu kishilarga uydan chiqmay turib mamlakatimiz bo‘ylab virtual ekskursiyalarni amalga oshirish imkonini beradi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq