Fuqarolar, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan kelgan savol va murojaatlar bo‘yicha brifing o’tkazildi
15.04.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Barchamizga ma’lumki, O‘zbekistonda koronavirus (COVID-19) epidemiyasi bo‘yicha e’lon qilingan karantin rejimi vaqtida fuqarolarimiz, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan axborot texnologiyalari sohasi bo‘yicha bir qator savollar va murojaatlar kelib tushmoqda.

Shundan kelib chiqib, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Matbuot kotibi Sherzod Axmatov bugun eng ko‘p berilayotgan savollar va murojaatlarga javob berdi.

1. Pochta jo‘natmalari pochta aloqasi ob’ektlarida saqlanib turganligi uchun qo‘shimcha haq olinadimi ?

Hammamizga ma’lumki, karantin vaqtida aholi uchun qulay imkoniyatlar yaratilmoqda shundan kelib chiqib, “O‘zbekiston pochtasi” AJ tomonidan jismoniy va yuridik shaxslar ularning nomiga kelib tushgan pochta jo‘natmalarini yetkazib berish ob’ektining karantinga olinganligi tufayli yetkazib berish imkon bo‘lmagan hollarda, ushbu pochta jo‘natmalarini vaqtinchalik saqlash uchun pochta aloqasi ob’ektlarida saqlanadi, bunda saqlash uchun qo‘shimcha haq olinmaydi.

2. Internet tezligi nega past ko‘rsatgichda ayniqsa mobil aloqa internet xizmatlari talabga javob bermayapdi!Bu bo‘yicha nima ishlar qilinmoqda?

Bugungi kunda, operator va provayderlarning murojaatlarni qabul qiluvchi koll-markazlarda jami 650 dan ortiq xodimlar faoliyat yuritmoqda, texnik xizmat ko‘rsatish brigadalarida 1000 dan ortiq malakali mutaxassislar ishlamoqda, ular 300 dan ziyod avtotransport bilan hamda zarur texnika va himoya vositalari bilan ta’minlangan.

Karantin davrida operator va provayderlar tomonidan yangi abonentlarni ulash ishlari to‘xtatilmagan.

Mobil aloqa operatorlari tomonidan 302 tadan ortiq baza stansiyalar internet xizmatlarini ko‘rsatish uchun modernizatsiya qilindi.

Karantin davrida foydalanuvchilar tomonidan internet trafikdan foydalanish hajmi sezilarli darajada ortayotgan holatda tarmoqning ishonchli ishlashini ta’minlash uchun zarur texnik va tashkiliy choralar ko‘rilmoqda.

Shu yerda bir ma’lumot aytib o‘tsam, «Ookla» kompaniyasi Speedtest.net servisining internet tezligi bo‘yicha 2020 yil mart oyi natijalariga ko‘ra, yangi ma’lumotlarni e’lon qildi. Speedtest Global Index reytingida O‘zbekiston yana 7 pog‘onaga ko‘tarildi.

Internet tezligi bo‘yicha reytingda O‘zbekiston hozirgi kunda 95-pog‘onani egallab turibdi (176 ta davlat qatorida) va bir oyda 7 o‘ringa, bir yil ichida esa 36 pozitsiyaga ko‘tarilish kuzatildi.

Umuman, oxirgi yil natijalariga ko‘ra O‘zbekistonda simli internet tezligi 2,5 barovar o‘sdi — 11,62 Mbit/S.dan (2019 yil mart holatiga) 26,92 Mbit/S.gacha (2020 yil mart holatiga).

Mobil internet tezligi bo‘yicha ham O‘zbekiston ijobiy natija ko‘rsatdi va 2020 yil fevral holatiga ko‘ra bitta pozitsiyaga ko‘tarildi.

3. Fuqarolar tomonidan yuborilgan ba’zi bir posilkalar ko‘rsatilgan manzillarga yetkazib berilmayapdi, bu esa posilkalarning but saqlanib, yo‘qolib qolmasligiga va manziliga yetkazib berilishida shubhalar yuzaga kelmoqda. Bu bo‘yicha nima ishlar qilinmoqda?

“O‘zbekiston pochtasi” AJ tomonidan pochta aloqasi xizmatlari uzluksiz ishlashini ta’minlab, fuqarolardan pochta jo‘natmalari, shu jumladan posilkalarni qabul qilib kelmoqda. Mazkur qabul qilingan posilkalar o‘z vaqtida oluvchining manzili bo‘yicha xizmat qiladigan pochta aloqasi ob’ektlariga yetkazib berilmoqda. Hozirgi kunda ba’zi bir shahar va tumanlar, bundan tashqari mahallalar va turar joy binolari karantinga olinganligi sababli ushbu hududdagi oluvchilarga posilkalar yetkazib berish imkoni bo‘lmagan hollar mavjud. Bunday hollarda pochta aloqasi ob’ektlarida uning xavfsizligi ta’minlangan holda saqlanadi. Mazkur hududlarda yoki ob’ektlarda karantin muddati tugaganidan so‘ng, oluvchilarga posilkalar but saqlangan holda topshirilishi ta’minlanadi.

4. Toshkent shahrida «Uzmobile» mobil internet tezligi qachon oshiriladi?

2020-yil 7-aprel kuni «O‘zbektelekom» AKning «Uzmobile» filiali texnik xizmati Toshkent shahrida uyali aloqa tarmog‘ini modernizatsiya qilish va kengaytirish, shuningdek LTE qamrov zonasini kengaytirish loyihasi bo‘yicha ishlarni yakunladi. «Uzmobile» texnik jamoasi karantin davrida ham, barcha zarur xavfsizlik choralariga rioya qilgan holda tarmoqni kengaytirish va modernizatsiya qilish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha rejalashtirilgan ishlarni davom ettirmoqda.

Ushbu loyihaning asosiy maqsadi — barcha mavjud 2G/3G baza stansiyalarini LTE (4G) standartiga o‘tkazish, bu esa o‘z navbatida «Uzmobile» abonentlari uchun keng polosali mobil aloqa xizmatlaridan foydalanish tezligini va imkoniyatini oshirishdan iborat bo‘lib, shubhasiz, karantin davrida aholi uchun juda muhimdir.

Tarmoqni kengaytirish va modernizatsiya qilish loyihasi doirasida respublikaning barcha hududlarida ishlar rejalashtirilgan xolda davom etmoqda.

5. Shu kunlarda eng ko‘p xalqqa xizmat qilayotgan shifokorlar va o‘qituvchilar uchun mobil internetlardan foydalanish uchun nega imkoniyatli tariflar ishlab chiqib taqdim etilmayapdi? Shunday vaqtda shu ikki kasb egalariga e’tibor qaratilsa maqsadga muvoffiq emasmi?

Koronavirus pandemiyasi (COVID-19) tufayli karantin davrida butun O‘zbekiston ta’lim tizimi masofaviy ta’limdan foydalanmoqda. Har kuni minglab o‘qituvchilar o‘quvchilarimiz uchun onlayn darslar o‘tkazilmoqda.

Ta’lim muassasalari o‘qituvchilariga yuqori darajada qulayliklar yaratish maqsadida, «O‘zbektelekom» AK joriy yil 10-apreldan boshlab maxsus “Talim” tarif rejasini joriy qildi. Ushbu “Talim” tarif rejasi bir oylik abonent to‘lovi 29 900 so‘m bo‘lib, 1000 daqiqa limit, 4 ming megabayt limit va 200 SMS taqdim etiladi.

“Ta’lim” tarif rejasiga ulanish yoki unga o‘tish uchun Xalq ta’limi vazirligi tizimi xodimi pasport, guvohnoma (asl nusxa) yoki abonent ushbu tizim xodimi ekanligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishi kerak. Ushbu tarif rejaga jismoniy shaxslar ulanishi mumkin.

Beeline kompaniyasi shu kunlarda tibbiyot xodimlariga, maxsus «Shifokor» tarif rejasi doirasida yangi bonuslarni tadim etmoqda.

Tibbiyot xodimlari — Beeline abonentlari uchun 2020-yilning 10-maygacha 5 ming daqiqa va 5 ming megabayt bepul taqdim etmoqda! Mazkur tarif rejasiga ulanish uchun tibbiyot sohasidagi xodimlar kompaniyaning ofislarida, kompaniyaning tartib-qoidalariga muvofiq shaxsni va tibbiyot sohasi xodimi ekanligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etilishlari mumkin.

6. Respublika bo‘yicha karantindagilar joylashtirilayotgan ob’ektlar hududlarida telekommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Respublikada karantin ob’ektlari 129 ta simli va 56 ta mobil telefon aloqasi bilan ta’minlanib, uzluksiz ishlashi nazoratga olingan.

Koronavirus infeksiyasining tarqalishini oldini olish maqsadida tashkil etilgan idoralararo ishchi guruhlar shtablari telekommunikatsiya xizmatlari bilan ta’minlandi, bemorlar bilan masofadan tezkor so‘rov ishlarini amalga oshirish uchun 170 ta planshet qurilmalari sim-kartalari bilan ajratildi.

Shuningdek, Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanida tashkil etilgan karantin zonasi hududida barqaror aloqani tashkil etish uchun 2 ta qo‘shimcha baza stansiyalar (Beeline va UzMobile) o‘rnatildi, 840 dona statsionar va 1 100 ta mobil telefon apparatlari tegishli imtiyozli daqiqalari bilan ta’minlandi.

Bundan tashqari, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan taqdim etilgan ro‘yxat asosida Toshkent shahridagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi jami 87 ta shifoxonalar o‘rtasida operatorlarning videokonferensiya tizimi orqali beg‘araz asosda muloqotlar tashkil etib kelinmoqda.

Bundan tashqari, Mudofaa vazirligi xarbiy hizmatchilari uchun karantin davrida ishonchli aloqa kanallarini tashkil etmoqda. Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘ylab karantinga joylashtirilgan ob’ekt o‘rtasida VPN xizmatlarini taqdim etilishi yo‘lga qo‘yildi.

7. “Uzdigital TV abonentlar uchun qanday qulayliklar yaratmoqda?

Bu yerda alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, bugungi kunda 3 ta televizion kanal orqali «online-maktab» rukni bilan tashkil etilayotgan televizion videodars mashg‘ulotlarini respublika bo‘yicha yer usti raqamli televideniye, kabel televideniye, IP-televideniye, internet tarmoqlari orqali hamda yer sun’iy yo‘ldoshi orqali uzoq va borish qiyin aholi punktlarida o‘rnatilgan kam quvvatli teleuzatkichlar orqali ochiq holda (bepul) tarqatishni ta’minlamoqda.

Kabel televideniyesi abonentlari xizmatlar uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmagan hollarda ham videodars telekanallari o‘chirilmasligi ta’minlanmoqda.

Aholiga karantin davrida qulaylik yaratish maqsadida “Uzdigital TV” MChJ tomonidan beshta xorijiy telekanallar – “Indiyskoye kino”, “Dom kino”, “Discovery”, “Disney” va “Euronews” ochiq rejimda (kodlanmagan holda bepul) vaqtincha tarqatilishi ta’minlanmoqda.

“Uzdigital TV” MChJ tomonidan oziq-ovqat, dori-darmon va tibbiyot buyumlarini yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi sub’ektlarning reklama roliklari bepul asosda tarqatilmoqda.

Raqamli televideniye tarmog‘iga ulanishda qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida “Uzdigital TV” MChJ tarmog‘iga ulanishga onlayn buyurtma berish va kartochkani yangi abonentga olib borib berish xizmatlari yo‘lga qo‘yildi.

Shu yerda bir masalaga e’tiboringizni qaratmoqchi edim. Hammamizga ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida simli internet va simli telefon aloqasi xizmatlari mijozlar tomonidan to‘lov amalga oshirilmaganligi uchun to‘xtatilmasligi belgilangan. Simli internet xizmatlarini ko‘rsatuvchi operator va provayderlar tomonidan mazkur qaror talablari to‘laqonli bajarilmoqda.

Mazkur qaror talablari internet foydalanuvchilarining bir qismi tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinishi holatlari ham kuzatilmoqda.

Hurmatli internet foydalanuvchilari! Agar sizda foydalanilayotgan xizmatlar uchun to‘lov amalga oshirish imkoni bo‘lsa, o‘z vaqtida xizmatlar uchun to‘lov qilishingizni so‘raymiz! Uydan chiqmagan holda to‘lovlarni amalga oshirish uchun onlayn to‘lov tizimlaridan foydalanishingiz tavsiya etamiz.

* * *

Hozirgi kunda Axborot texnologiyalari sohasi bo‘yicha eng ko‘p berilayotgan savollar va murojaatlar shulardan iborat.

Axborot texnologiyalari sohasi bo‘yicha beriladigan barcha savollar uchun Vazirlikning tunu-kun 24 soat ishlaydigan qisqa raqamli 1199 ishonch raqami ishlab turibdi. Fuqarolar mazkur raqam orqali bemalol murojaat qilishlari mumkin!

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq