Aziz Abduhakimov: Karantin qo‘l qovushtirib o‘tirish uchun sabab emas — O‘zbekistonda “onlayn turizm” va “masofaviy sport” rivojlantiriladi
13.04.2020
Rukn: Intervyu.
Muallif: .

Bugungi kunda koronavirus bilan bog‘liq sokinlik davrida turizm va sport sohasida qanday ishlar olib borilmoqda? Ushbu sohalarni rivojlantirishda qanday yangicha yondashuvlar qo‘llanmoqda? Qanday yangi loyihalar rejalashtirilmoqda?

Shu va boshqa savollarga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov javob beradi.

— Aziz Abduqahhorovich, mamlakatimizda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab turizm va sport yo‘nalishidagi tadbirlar kechiktirilgan, aviaqatnovlar bekor qilingan bir davrda bu ikki sohani rivojlantirish yo‘lida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

—  Ha, ayni damda yurtimizda karantin va o‘z-o‘zini izolyatsiya qilish rejimi hukmron, lekin bu davrda qo‘l qovushtirib o‘tirish kerak emas, aksincha, ushbu sokinlik davridan unumli foydalanib, sohalarni rivojlantirishda yangidan-yangi usullar va jihozlarni qo‘llash lozim. Masalan, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bugungi kunda  «onlayn turizm»ni rivojlantirish, tadbirkorlar va startaperlarni qo‘llab-quvvatlashga oid ishlarni amalga oshirayotgan bo‘lsa, Jismoniy tarbiya va sport vazirligida allaqachon “masofaviy sport”ni faol rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ishlari boshlab yuborilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi (XSTU), Oshpazlar uyushmasi, Gastronomik assotsiatsiya bilan hamkorlikda xodimlar va mutaxassislar malakasini oshirishga doir bepul onlayn kurslar va vebinarlar tashkil qilinmoqda. Qator turistik biznes vakillari koronavirusga qarshi kurashishga o‘z hissalarini qo‘shib, turli xayriya ishlarini amalga oshirishmoqda.

Bundan tashqari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi XSTU va Milliy PR markazi bilan birga xorijda milliy mahsulotni targ‘ib qilishga oid strategiyani ishlab chiqmoqda. Unga ko‘ra, karantin davri tugagach, Yevropa va MDH mamlakatlarida Road-show’lar tashkil qilish rejalashtirilmoqda.

— Shu o‘rinda onlayn turizmni rivojlantirishga alohida to‘xtalib o‘tsangiz, bu yo‘nalishda aynan qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— Ayni damda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va uning huzuridagi Milliy PR markazi O‘zbekistonda turizm bo‘yicha virtual sayohatlarni amalga oshirish imkonini beruvchi online-tourism.uz saytini yo‘lga qo‘yish ustida ishlamoqda. Bu O‘zbekiston bo‘ylab virtual sayohat qilish imkonini taqdim etuvchi birinchi platforma bo‘ladi.

Hozirgi karantin bilan bog‘liq murakkab bir davrda O‘zbekistonning turistik targ‘ibotini kuchaytirish ayni muddaodir. Bu sayyohlarga uydan chiqmay turib, o‘z sayohatlarini oldindan rejalashtirish imkonini beradi. Yangi sayt yaqin kunlarda ishga tushirilishi kutilmoqda.

— Online-tourism.uz sayti aynan qaysi yo‘nalishlarni qamrab oladi?

— Rejaga ko‘ra, ushbu sayt asosan uch yo‘nalishni qamrab oladi:

1. Sayyohlar uchun. U O‘zbekiston bo‘ylab virtual turlarni amalga oshirish imkonini beradi.

Bugungi kunda virtual turlarni yo‘lga qo‘yish uchun muzeylar va boshqa turistik obyektlar bilan hamkorlik ishlari boshlab yuborilgan. Fursatdan foydalanib, bu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi iste’dodli mutaxassislarimizni hamkorlikka jalb qilamiz, ular bilan onlayn faoliyatni yo‘lga qo‘yish mumkin.  Shu bilan birga, kafe va  restoranlar hamda boshqa turistik obyektlar egalarini virtual sayohatni yo‘lga qo‘yish uchun zarur choralar ko‘rishga chorlab qolamiz, zero bu sayyohlarga hozirning o‘zidanoq o‘ziga ma’qul keluvchi, didiga mos keluvchi joylarni tanlash imkonini beradi. Turistik biznes vakillariga bu borada yordam kerak bo‘lgan taqdirda, online-tourism.uz orqali zarur maslahat va tavsiyalar beriladi.

2. Turistik soha vakillari uchun. Bu mehmonxonalar egalari va menejerlari, turoperatorlar, mehmon uylari, gidlar va boshqalar bilan hamkorlik kuchaytirilib, sohani yanada rivojlantirishga oid ishlar amalga oshiriladi. Platforma yordamida dunyodagi so‘nggi trendlar, yangiliklar bo‘yicha vebinarlar, onlayn mushohadalar yo‘lga qo‘yiladi, onlayn qo‘llanmalar taqdim etiladi. Inqiroz va undan keyingi davrda ularning bandligi ta’minlanadi.

3. Turizmga oid yangi loyihalarni amalga oshirishni istagan startaperlar uchun. Bu yerda turizmni rivojlantirishga oid yangi loyihalar, startaperlar haqidagi ma’lumotlar jamlanadi, onlayn maslahat berish yo‘lga qo‘yiladi va h.k. Kreativ g‘oyalarga ega kishilarga loyihalarni amalga oshirish uchun grantlar ajratilishi rejalashtirilmoqda.

— Bugungi karantin bilan bog‘liq davrda turistik biznes vakillari ham murakkab davrni boshdan kechirishmoqda. Davlat tomonidan ularga qanday ko‘mak berilmoqda?

— Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich ta’kidlaganlaridek, davlatimiz bunday murakkab davrda biror bir tadbirkorni bee’tibor qoldirmaydi. Davlat rahbarining 2020-yil 19-martdagi 5969-sonli va 2020-yil 3-apreldagi 5978-sonli Farmonlariga muvofiq, tadbirkorklik subyektlariga, shu jumladan turizm sohasi subyektlariga pandemiya davrida qator imtiyozlar taqdim etildi.

Turoperatorlar, turagentlar, joylashtirish vositalari 31 dekabrga qadar yer solig‘i va mol-mulk solig‘i to‘lovidan ozod etildi, ijtimoiy soliqni kamaytirilgan stavkada (1%) to‘laydi; joylashtirish vositalari, restoranlar va boshqa mol-mulki mavjud subyektlar uchun mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha penyalar hisoblanishini to‘xtatib turildi, soliq qarzini majburiy undirish choralari ko‘rilmaydi; turizm sohasiga bog‘liq yakka tartibdagi tadbirkorlar (oilaviy mehmon uylari, gid-ekskursovodlar, hunarmandlar) uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 30 foizga kamaytirildi, shuningdek, karantin davrida faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lganlar uchun daromad solig‘i qat’iy belgilangan summasi va ijtimoiy soliq uchun to‘lovlar hisoblanishi to‘xtatildi. Bunda tadbirkorlar faoliyatini to‘xtatganligi haqida soliq organlarini uydan turib onlayn tarzda xabardor qilishlari mumkin; kredit to‘lovlari (mehmonxona, turoperator transport-logistika korxonalari) bo‘yicha qarzdorlik kechiktirildi.

Bundan tashqari, eksport-import operatsiyalari bo‘yicha yengililiklar (umumiy eksportning 10% dan oshmagan debitor qarzdorligi bo‘lgan taqdirda, kafolatlangan to‘lovsiz eksportni amalga oshirish, tashqi savdo operatsiyalari debitor qarzdorligini so‘ndirish evaziga texnologik asbob-uskunalar va xom ashyo tovarlarini bir martalik importni amalga oshirish) taqdim etildi; tashqi savdo operatsiyalari (xorijiy hamkorlarga sotilgan turistik xizmatlar bo‘yicha) bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun jarimalar qo‘llash to‘xtatiladi; soliq auditlari bekor qilindi.

Davlat rahbari irodasi bilan, hukumat qo‘llab quvvatlashi ostida amalga oshirilayotgan mazkur chora-tadbirlar tadbirkorlik subyektlarini bugungi murakkab iqtisodiy sharoitda soliq va kredit to‘lovlaridan ozod etish orqali moliyaviy holatini yanada og‘irlashib ketishi oldini oladi. Shu bilan birga, o‘z faoliyatini va u orqali ish o‘rinlari va bandlikni saqlab qolishga ko‘mak beradi. Asosiy maqsad ham shu – ish o‘rinlarini saqlab qolish va aholi turmush farovonligini oshirish.

— Pandemiya davri tugaganidan so‘ng qanday ishlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda?

— Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan jahon turizm bozoridagi favqulodda vaziyatning mamlakatimiz turizm sohasiga salbiy ta’sirini kamaytirishga doir tezkor chora tadbirlar ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavius bilan bog‘liq karantin davri tugaganidan keyin turizm sohasidagi startap loyihalar, jumladan innovatsion biznes g‘oyalar, ayniqsa yoshlar va ularning sayyohlarga qulaylik yaratishga yo‘naltirilgan dasturlarini subsidiyalashtirish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, “O‘z diyoringni o‘zing kashf et” loyihasi doirasida mahalliy aholini audio, foto va video material to‘plash jarayoniga jalb etib, shu asosda “Turizm qishlog‘i”, “Turizm mahallasi”, “Turizm ovuli” maqomiga ega aholi punktlari reyestrini kengaytirish ko‘zlanyapti.

Shuningdek, “Sayohatingni rejalashtir” aksiyasi o‘tkaziladi hamda turizm sohasi subyektlari bilan hamkorlikda aholi orasida pandemiyadan keyin O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishga oid taklif va onlayn arizalarni qabul qilishni keng targ‘ib qilish bo‘yicha elektron tizimni rag‘batlantirishga doir chora-tadbirlar amalga oshirilishi  rejalashtirilgan.

“Turizm uchun yangi biznes g‘oyalar” onlayn tanlovi, ijtimoiy tarmoqlarda xorijiy sayyohlar orasida “O‘zbekistondan olgan taassurotlarim” va mahalliy sayyohlar orasida “Mening sayohatim” aksiyalarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Milliy teleradiokompaniya bilan hamkorlikda ekskursiyachi, gidlar va boshqa mutaxassislarni jalb qilgan holda “O‘lkashunoslik”, “Yosh turist” kabi yo‘nalishda ko‘rsatuvlar tayyorlanadi.

Bundan tashqari, pandemiyaning salbiy ta’sirini yumshatishga yo‘naltirilgan yangi imtiyozlar taqdim etilishi rejalashtirilmoqda.

— Siz Bosh vazir o‘rinbosari sifatida O‘zbekistonda sportni rivojlantirishga ham mas’ulsiz, bu sohani  rivojlantirishda qanday ishlar amalga oshirilmoqda va “masofaviy sport” haqida kengroq ma’lumot bersangiz?

— O‘zbekistonda sport sohasini rivojlantirishda ham ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birga mamlakatimizning tajribali sport ustalari va murabbiylari ishtirokida turli videoroliklar ishlab chiqilmoqda. Ularning karantin davrida jismoniy faollikni saqlab qolish, sport bilan bog‘liq faoliyatni boshlashga doir maslahat va tavsiyalari berilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda turli qiziqarli chellenjlar va bellashuvlar o‘tkazilmoqda. Masalan, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi 6-26 aprel kunlari #UydaQol! #HayotgaQo‘shil! chellenjini yo‘lga qo‘ydi. Unda qatnashish uchun karantin davrida uyda oila a’zolaringiz bilan birga badantarbiya va sport mashg‘ulotlarini bajarish, so‘ngra uni videoga olgan holda, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarga joylash hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligining rasmiy sahifalari bilan ulashish talab etiladi. Har 4 kunda 3 kunlik g‘oliblar aniqlanib, vazirlik tomonidan taqdirlab boriladi.

Umuman olganda, yurtimizdagi har bir insonning sport bilan shug‘ullanishi, sog‘lom turmush tarziga rioya qilishi uning salomatligiga ham, faoliyatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

— Ayni damda karantinda bo‘lgan yurtdoshlarimizga qanday tavsiyalar berasiz?

— Hozir ko‘pchilik uyda vaqti jismoniy faollikni saqlab qolish juda muhim. Bu yo‘lda esa sog‘lom hayot tarziga rioya qilishga alohida e’tibor qaratishlarini so‘ragan bo‘lardim.

Yurtdoshlarimizga ko‘proq jismoniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishni tavsiya qilaman. Bugun internetdan foydalanish keng tus olgan bir davrda har bir inson o‘ziga to‘g‘ri keluvchi sport ilovalari va dasturlarini internetdan yuklab olib, jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishi mumkin. Deylik, kimdir muayyan bir masofaga yugurishni maqsad qildi, yana kimdir ma’lum bir kilogrammga vazn tashlash, boshqa birov sog‘lom ovqatlanishga o‘tishga qaror qildi. Ular bu maqsadlariga uy sharoitida ham erishishlari mumkin.

Uyda qoling va bu davrdan o‘zingiz uchun samarali foydalanishga harakat qiling, shaxs sifatida rivojlaning va buning uchun o‘zingizning ustingizda ishlang, gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qiling, ko‘proq kitob va boshqa qo‘llanmalarni mutolaa qiling, zero ham miya, ham tana faoliyatini doimiy ravishda rivojlantirish kelgusida, albatta, yaxshi natija beradi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq