Fuqarolar, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan ko‘tarilgan savol va murojaatlar bo‘yicha brifing
08.04.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Barchamizga ma’lumki, O‘zbekistonda koronavirus (COVID-19) epidemiyasi bo‘yicha e’lon qilingan karantin rejimi vaqtida fuqarolarimiz, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan Axborot texnologiyalari sohasi bo‘yicha bir qator savollar va murojaatlar kelib tushmoqda.

Shundan kelib chiqib, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Matbuot xizmati rahbari Sherzod Axmatov bugun eng ko‘p berilayotgan savollar va murojaatlarga javob berdi.
1.Hozirgi kunda internet foydalanuvchilari va telefon aloqasi uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmaganlik uchun 2 oy davomida o‘chirilishiga yo‘l qo‘yilmayapdi! Ma’lum vaqtdan keyin ushbu to‘lanmagan qarzlar qaytariladimi!

Respublikamiz aholisining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlash, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishda mutasaddi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda tashkilotlarning muvofiqlashtirilgan faoliyatini tashkil etish, fuqarolarning hayoti va sog‘ligini muhofaza qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2020-yil 23-martda 176-son qarori qabul qilingan.

Unga ko‘ra bir qator choralar amalga oshirilmoqda. Jumladan, respublikamizda 24-martdan boshlab fuqarolar tomonidan Internet va telefon aloqasi uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmaganlik uchun 2 oy davomida o‘chirilishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Mazkur qarorga ko‘ra, litsenziya asosida faoliyat yuritayotgan telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari, ikki oy davomida simli telefon aloqasi (xalqaro telefon so‘zlashuvlardan va mobil aloqasidan tashqari) hamda Internet jahon axborot tarmog‘iga simli va simsiz ulanish xizmatlari uchun to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmagan hollarda abonentlar tarmoqdan o‘chirilmasligi ta’minlanadi.

Demak bundan ko‘rinib turibdiki, internet foydalanuvchilari va telefon aloqasi uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmaganlik uchun 2 oy davomida o‘chirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi!

Bundan ko‘rinib turibdiki, aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlar 2 oydan so‘ng amalga oshiriladi.

2. Bugungi karantin vaqtida Jazoni ijro etish koloniyalariga posilka va banderollarni pochta orqali yuborish xizmati amalga oshirilmoqdami? Bilishimcha pochta ushbu xizmatlarni to‘xtatibdi? Bu qanchalik to‘g‘ri?

Bugungi karantin vaqtida O‘zbekiston Respublikasi Ichki Ishlar Vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi koronavirus infeksiyasini jazoni ijro etish muassasalariga kirib kelishining oldini olish maqsadida, ularning manzili bo‘yicha kelib tushgan posilka va banderollarni qabul qilishni vaqtinchalik to‘xtatgan.

Shu sababli, “O‘zbekiston pochtasi” AJ tomonidan jazoni ijro etish koloniyalarining manzillari bo‘yicha posilka va banderollarni qabul qilishni vaqtinchalik to‘xtatgan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, vazirlik yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklar uchun oldindan uzr so‘raydi.

3. Karantin vaqtida, telekommunikatsiya operatorlari aholi uchun yengilliklar yaratayotgani sezilmayapdi! Bu bo‘yicha aholiga qanday qulayliklar yaratilmoqda?

Ta’kidlash kerakki, hozirgi vaqtda respublikada uzluksiz aloqani ta’minlash va fuqarolarimizga imkoniyatlar yaratish maqsadida telekomunikatsiya operatorlari ham faol ishtirok etmoqda.

Respublikamizda koronavirus (COVID-19) bo‘yicha karantin rejimi e’lon qilingan vaqtdan boshlab barcha telekommunikatsiya operatorlari umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari uydan bemalol fanlarni o‘zlashtirish uchun ta’lim manbalarining veb-saytlarga bepul kirishni (dostupni) ta’minlab berdi:.

Fuqarolarimizni oxirgi yangiliklardan xabardor qilish maqsadida telekommunikatsiya operatorlari abonentlariga eng ko‘p o‘qiydigan ommaviy axborot vositalarining manbalaridan bepul foydalanish imkoni taqdim etildi.

Jamoatchilikni koronavirus (COVID-19) to‘g‘risida xabardor qilish va tarqalishining oldini olish uchun amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida rasmiy veb-sayti (http://coronavirus.uz/uz)ga kirishi ham bepul qilindi. Mazkur manbada koronavirus haqida va O‘zbekistonda koronavirusga qarshi olib borilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ob’ektiv va ishonchli ma’lumotlarga ega bo‘lishlari mumkin.

O‘zbekistonda koronavirus masalasida ishonchli ma’lumotga ega bo‘lish uchun 16-martdan Toshkentda fuqarolarimizdan koronavirus infeksiyasi yuzasidan tug‘ilgan savollariga o‘z vaqtida javob olish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi Sall-markazining qisqa “1003” yagona raqami 24 soat davomida ishlab turibdi. Fuqarolar tomonidan amalga oshiriladigan qo‘ng‘iroqlar barcha telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari tomonidan respublikamizda bepul amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, karantin rejimi vaqtida barcha telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari tomonidan respublikamizda o‘z abonentlariga qulaylik yaratish maqsadida yangi tariflarni va yangi xizmatlarni joriy qilmoqda.

Shundan kelib chiqib, barcha telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari asosiy vazifasini bajarishi, ya’ni jamiyatda kommunikatsiya jarayonlarini ta’minlashi bilan birga, aholiga hozirgi vaziyatda qulay sharoit yaratish uchun qator ishlarni amalga oshirmoqda.

Fuqarolarimiz, barcha telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari ko‘rsatgan xizmatlari uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishi bu tarmoqning sifatli ishlashiga ta’sir ko‘rsatadi.

Fuqarolarimizga qo‘shimcha ma’lumotlarni taqdim etish maqsadida, telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari tomonidan respublikamizda ko‘rsatilayotgan xizmatlar bo‘yicha qo‘shimcha chegirmalar va bonuslar berish, to‘lovlarni amalga oshirish muddatini uzaytirish hamda ushbu chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumotlarni veb-sahifalarimizda, ijtimoiy tarmoqlar orqali xabardor qilib boramiz.

4. Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlariga tashkil etilgan “1197” qisqa raqamiga murojaat qilishda qiyinchiliklar tug‘ilmoqda. Operatorlarga qo‘ng‘iroq qilinganda ko‘p vaqt band bo‘lmoqda! Shu bo‘yicha Vazirlik tomonidan nimalar qilinmoqda?

Xabaringiz bor, 2020 yil 1 apreldan Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi qoshida Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi tashkil qilindi. Markazda tadbirkorlar ko‘ngillilar hamda volontyorlarni shuningdek yoshi ulug‘ nochor ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarning murojaatlarini qabul qilishni tashkil etish ushbu markazlarga tezlikda va qulay bog‘lanishlari uchun Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan “1197” qisqa raqami tashkil etildi.

Markazlar ish boshlagan kuni ayrim texnik vaziyatlar kuzatilgandi. Buni vazirlik tezlikda bartaraf etdi.

Aholini murojaatlari bilan tizimli ishlash va manzilli yordam ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan “1197” qisqa raqami bilan O‘zbekistonlab bo‘ylab barcha qo‘ng‘iroqlar mutlaqo bepul amalga oshirilmoqda.

Murojaatchilar qo‘ng‘iroqlariga tezkor javob berish maqsadida vazirlik tomonidan bir qator ishlar tezlikda amalga oshirilmoqda. Misol uchun 4-aprel kuni Toshkent shahridagi markazga murojaatlarning ko‘payganligini inobatga olib, Vazirlik tomonidan aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida qo‘shimcha operatorlar faoliyat ko‘rsatishi uchun sharoitlar yaratdi. Vazirlik murojaatchilar soni ko‘payishiga qarab ushbu markaz faoliyat xizmatlarini kengaytirib boradi.

Shuni alohida ta’kidlashimiz kerakki “1197” qisqa raqami har bir xududlarda tashkil etilgan markazlarga alohida- alohida xizmat ko‘rsatadi . Misol uchun Samarqand shahridan amalga oshirilgan qo‘ng‘iroqlarga Samarqand shahrida tashkil etilgan markaz javob beradi.

Aholi tomonidan barcha telefon aloqalari orqali mazkur raqamga murojaat qilishlari va kerakli ma’lumotlarni olishlari mumkin.

5. Karantin rejimi vaqtida «Gibrid pochta» xizmati ishlayoigan ekan? Bu qanday xizmat qanday tartibda ishlamoqda, bu bo‘yicha qanday imkoniyatlar yaratilmoqda ?

Bir muhim jihatga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Pochta xizmati strategik ahamiyatga ega deb bemalol aytish mumkin. Chunki, har qanday ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, epidemiologik vaziyatlarda ham pochta xizmatiga bo‘lgan talab va taklif hech qachon to‘xtab qolmagan, aksincha, doimiy ravishda o‘sib boradi.

«O‘zbekiston pochtasi» AJ mijozlarga xizmat turlarini kengaytirish, ularning sifatini muntazam oshirib bormoqda.

Bugungi kunda «O‘zbekiston pochtasi» AJ tomonidan ko‘rsatilayotgan «Gibrid pochta» xizmati bir qator afzalliklarni yaratib bermoqda.

«Gibrid pochta» xizmati bu — zamonaviy AKT tizimlari imkoniyatlaridan unumli foydalanilgan holda, elektron tarzda qabul qilingan ma’lumotlarni buyurtmali yoki oddiy xat-xabarlar shaklida pochta aloqasi yordamida qabul qiluvchi jismoniy yoki yuridik shaxslarga yetkazib berish xizmati hisoblanadi.

«Gibrid pochta» xizmati maxsus tizim bazasiga kelib tushgan ma’lumotlar respublikamizning tumanlarida joylashgan pochta aloqasi tarmoqlarida qog‘oz ko‘rinishida chop etiladi, konvertlanadi va yetkazib beriladi. Jo‘natma taqdim etilgandan so‘ng holati bo‘yicha elektron tarzda tasdiqlovchi ma’lumot beriladi.

Jo‘natmalar o‘z vaqtida, ishonchli yetkazib berilishi doimiy nazorat qilib boriladi. Har bir jo‘natmaning holati to‘g‘risida biriktirilgan shtrix-kod orqali maxsus dasturdan ma’lumot olish imkoniyati mavjud.

Hozirgi kunda mazkur xizmat orqali O‘zbekiston Respublikasi Davlat xizmatlari agentligi hujjatlari, Yo‘l harakat xavfsizligi boshqarmasining jarima xabarnomalari, Prokuratura huzuridagi Toshkent shahar Majburiy ijro byurosining xabarnomalari va boshqa shu kabi jo‘natmalar yetkazib berilmoqda.

Vazirlik barcha davlat idoralari va boshqa tashkilotlarga «O‘zbekiston pochtasi» AJning «Gibrid pochta» xizmatidan foydalanishni tavsiya etadi.

Shuni alohida ta’kidlab, o‘tish kerakki, “O‘zbekiston pochtasi” AJ boshqa davlatlardan barcha turdagi pochta jo‘natmalarini sanitariya-epidemiologik jihatdan ularni xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rgan holda qabul qilmoqda va yubormoqda.

6. “Onlayn-maktab” televizion onlayn-darslari efirga berila boshlandi. Karantin vaqtda “Uzdigital TV”, Kabel televideniye, IP televideniye abonent pullari to‘lanmasa tizimdan o‘chirib qo‘yilsa nima qilamiz. Shu bo‘yicha vazirlik tomonidan aholiga qanday qulaylik yaratilish mumkin?

Barchamizga ma’lumki, 2020-yil 30-mart kuni 8.30 dan “Onlayn-maktab” televizion onlayn-darslari efirga berila boshlandi.

Bunda “Uzdigital TV”, Kabel televideniye, IP televideniye, Internet tarmoqlari mavjud hududlardagi aholi hamda signalni yer sun’iy yo‘ldoshi orqali qabul qiluvchi kam quvvatli teleuzatkichlar o‘rnatilgan uzoq va borish qiyin aholi punktlaridaga aholi mazkur telekanallarni ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Mazkur videodarslar:

“Uzdigital TV” abonentlari uchun: National Geographic, Eurosport Oxota i Rыbalka telekanallari o‘rniga;

Kabel televideniye hamda IP -televideniye abonentlari uchun: National Geographic, kabel televideniye TVS va IP-televideniye Travel, Fashion TV telekanallari o‘rniga uzatilmoqda;

Bugungi kunda «online-maktab» rukni bilan tashkil etilgan televizion videodars mashg‘ulotlarini barcha abonentlaringizga uzluksiz yetkazilishini ta’minlash zarurligi sababli, karantin muddati bekor qilingunga qadar abonentlarni, qarzdorligi bo‘lgan taqdirda ham, kabel televideniye tarmog‘idan uzib qo‘ymaslik to‘g‘risida “O’zbekiston Kabel Televideniyasi” MChJ hamda barcha kabel televideniyesi tarmoqlari xizmatlarini ko‘rsatuvchi operator va provayderlarga tegishli ko‘rsatma yuborilgan.

Aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlar 2 oydan so‘ng amalga oshiriladi. Ya’ni to‘lavlar vaqtida amalga oshirilmagan taqdirda ham tarmoqdan uzib qo‘yilmaydi.

Siz, “Onlayn-maktab” televizion onlayn-darslari uzatilishi bilan bog‘liq muammolarga duch kelsangiz, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi qisqa “1199” raqamiga qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkin. Barcha murojaatlar belgilangan tartibda qisqa vaqt ichida ko‘rib chiqiladi va muammolar hal qilinadi.

7. Barcha operator va provayderlar tomonidan telekommunikatsiya xizmatlarini sifatli va uzluksiz taqdim etilishi bo‘yicha nima ishlar amalga oshirilmoqda?

Bugungi kunda,, operator va provayderlarning murojaatlarni qabul qiluvchi koll-sentrlarda jami 650 dan ortiq xodimlar faoliyat yuritmoqda, texnik xizmat ko‘rsatish brigadalarida 1000 dan ortiq malakali mutaxassislar ishlamoqda, ular 300 dan ziyod avtotransport bilan hamda zarur texnika va himoya vositalari bilan ta’minlangan.

Karantin davrida operator va provayderlar tomonidan yangi abonentlarni ulash ishlari to‘xtatilmagan.

Mobil aloqa operatorlari tomonidan 302 tadan ortiq baza stansiyalar internet xizmatlarini ko‘rsatish uchun modernizatsiya qilindi.

Karantin davrida foydalanuvchilar tomonidan internet trafikdan foydalanish xajmi sezilarli darajada ortayotgan holatda tarmoqning ishonchli ishlashini ta’minlash uchun zarur texnik va tashkiliy choralar ko‘rilmoqda.

8. Respublika bo‘yicha karantindagilar joylashtirilayotgan ob’ektlar hududlarida telekommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Respublika bo‘yicha karantindagilar joylashtirilayotgan ob’ektlar hududlarida telekommunikatsiya tarmoqlarini kuchaytirish, yangi qurilayotgan kasalxonalar hududlarida aloqa xizmatlarini tashkillashtirish choralari bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi.

«O‘zbektelekom» AK bugungi kunda mamlakatimizda karantin tartibidagi ob’ektlarda, jumladan, yangi barpo etilayotgan shifoxonalar hududlarida telekommunikatsiya xizmatlarini tashkil etish bo‘yicha bir qator ishlarni amalga oshirmoqda. Qisqa vaqt ichida respublikamiz bo‘ylab Sog‘liqni saqlash vazirligi obektlari hududida videokonferens aloqa xizmatini tashkil etdi

Bundan tashqari, Mudofaa vazirligi xarbiy hizmatchilari uchun karantin davrida ishonchli aloqa kanallarini tashkil etmoqda. Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘ylab karantinga joylashtirilgan ob’ekt o‘rtasida VPN xizmatlarini taqdim etilishi yo‘lga qo‘yildi.

Shu bilan birga Vazirlik tomonidan koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar doirasida aholini telekommunikatsiya xizmatlari bilan ta‘minlashi uchun barcha sharoitlarni yaratmoqda.

* * *

Hozirgi kunda O‘zbekistonda koronavirus (COVID-19) epidemiyasi bo‘yicha e’lon qilingan karantin rejimi vaqtida fuqarolarimiz, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan Axborot texnologiyalari sohasi bo‘yicha eng ko‘p berilayotgan savollar va murojaatlar shulardan iborat.

Axborot texnologiyalari sohasi bo‘yicha beriladigan barcha savollar uchun Vazirlikning tunu-kun 24 soat ishlaydigan qisqa raqamli 1199 ishonch raqami ishlab turibdi. Fuqarolar mazkur raqam orqali bemalol murojaat qilishlari mumkin!

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq