Innovatsiya vazirligi IVL qurilmalarini ishlab chiqarish uchun texnologiya transferini amalga oshirdi
05.04.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Slovakiyaning Chiranaʼs kompaniyasi va rossiyalik hamkorlar bilan birgalikda oʻpkaning sunʼiy ventilyatsiyasi apparatlari (IVL) ishlab chiqarish boʻyicha texnologiyalar transferi amalga oshirilmoqda.

Innovatsion rivojlanish vazirligining Ilmiy ishlanmalar va texnologiyalarni tijoratlashtirish hamda transfer qilish boshqarmasi boshligʻi Jamoliddin Boboxonovning aytishicha, IVL qurilmalarini ishlab chiqarish joriy yilning may oyida boshlanadi. Toshkentning Bektemir tumanida ishlab chiqarish uchastkasi qurilishini yakunlash esa joriy yilning sentyabr oyiga qadar rejalashtirilmoqda va zavod ishga tushiriladi.

Ishlab chiqarishni mahalliylashtirishning birinchi bosqichida 3 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish va 30 ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan. Ikkinchi bosqichida esa 6 million AQSH dollargacha investitsiyalar va 100 tagacha ish oʻrinlari ochilishi kutilmoqda.

– Oʻpkaning sunʼiy ventilyatsiyasi apparatlari hozirda jahonning 12 mamlakatida ishlab chiqariladi, – deydi “CHIRANA+” kompaniyasining bosh direktori Vasiliy Shimko. – CHIRANA brendi dunyoda eng mashhur oltita brenddan biri sanaladi. Apparatlarimiz boshqa kompaniya modellaridan farqli ravishda bir bosqichli emas, uch bosqichli ventilyatsiyani amalga oshiradi. Bunday apparatlar ishlab chiqaruvchi zavodning Oʻzbekistonda barpo etilishi davlatning tibbiy xavfsizligini taʼminlaydi.

Koronavirus tufayli mamlakatdagi mavjud vaziyat va bemorlar uchun IVL va shaxsiy himoya vositalari uchun sarflanadigan ehtiyojni hisobga olgan holda mazkur loyiha doirasida Oʻzbekistonga 1000 dona nafas olish konturlari, 500 dona namlik kollektor bilan nafas olish konturlari va 1000 dona bir martali bakterial-virusli filtrlarni begʻaraz foydalanish uchun topshiriladi.

Hozirda shu ishlarni amalga oshirish maqsadida “CHIRANA ASIA” Slovakiya-Rossiya-Oʻzbekiston qoʻshma korxonasi tashkil etilgan boʻlib, kompaniya “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” (“Made in Uzbekistan”) yorligʻi ostida mamlakatda yagona yuqori texnologik tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqaradi. Bunday ishlab chiqarish Oʻrta Osiyoda birinchi marta amalga oshiriladi, bu esa tibbiyot sanoatida import oʻrnini bosish jarayonini jadallashtiradi.

Bundan tashqari, taʼmirlash uchun ehtiyot qismlar va xizmat koʻrsatish markazi yaratilib, IVL (oʻpkaning sunʼiy ventilyatsiyasi apparati) va NDA (narkoz-nafas olish apparati) qurilmalari uchun noyob, mobil va zamonaviy servis xizmati tashkil etiladi. Anesteziologiya sohasida yuqori malakali xorijiy mutaxassislar taklif qilingan holda IVL va NDA qurilmalaridan foydalanish boʻyicha seminarlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Ishlab chiqariladigan mahsulotlarni, shuningdek, Tojikiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston va Afgʻonistonda sotish rejalashtirilmoqda.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq