Markaziy bankning veb-sayti yangilandi
03.04.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Markaziy bankning yangi veb-sayti infografika va moslashuv funksiyasidan foydalangan holda, zamonaviy ko‘rinishda va barcha uchun qulay tarzda ishlab chiqildi va ishga tushirildi. Veb-sayt keng doiradagi foydalanuvchilarning barcha ehtiyojlarini, shu jumladan, interaktiv xizmatlarni ham qamrab olib, davlat organlarining rasmiy sahifalarida ma’lumotlarni joylashtirish uchun qo‘yiladigan talablarga mos keladi.

Axborot-tahlil materiallarining katta qismi bo‘limlarga ajratilgan holda taqdim etilib, ularda pul-kredit siyosatining asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlarini va valyutalar kursi xabarnomasini interaktiv usulda, har bir valyuta kursi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni diagrammalar yordamida ko‘rish imkoniyati mavjud.

Birinchi navbatda, bugungi kunda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan va doimiy yangilanib turuvchi “Matbuot markazi”, “Interaktiv xizmatlar” va “Bank xizmatlari iste’molchilari huquqlarini himoya qilish” bo‘limlari saytning yuqori qismida keltirilgan bo‘lib, aynan ushbu bo‘limlar hozirda foydalanuvchi uchun foydali va zarur manbaga aylangan. Shu bilan birga, saytda moliyaviy savodxonlik bo‘yicha alohida sahifa qo‘shilib, ayni paytda ushbu sahifani mukammal holatda yaratish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Bularning barchasi sayt imkoniyatlarining kengayishiga, foydalanuvcilar uchun har tomonlama foydali va ko‘p funksiyali resurs sifatida taqdim etilishiga xizmat qilmoqda.

Foydalanuvchilar uchun o‘zlarining virtual murojaatlarini Markaziy bankka to‘g‘ridan-to‘g‘ri saytning asosiy sahifasi orqali yuborish va murojaatning holatini tezkorlik bilan ko‘rish imkoniyati taqdim etiladi.
Saytning yana bir afzal jihati, uni obyektlarning Interaktiv xaritasi sifatida atash mumkinligi bilan bog‘liq. Bu esa foydalanuvchiga bir nechta toifalarda kerakli ma’lumotni izlash imkonini beradi: Markaziy bankning hududiy boshqarmalari, kredit tashkilotlari va ularning filiallari, bankomatlar, ayirboshlash shoxobchalari va bank infratuzilmalari hamda ular bilan bog‘lanish ma’lumotlari mavjud.

Ma’lumotlar bazasi bilan ishlashning qulay mexanizmi joriy qilingan va ular turli xil toifalarga bo‘lingan. Misol uchun, valyuta kurslari yoki “Banknotalar va tangalar” bo‘limi. Har bir banknot va tanga animatsion fotosuratda batafsil taqdim etilgan. Bu bo‘lim avvalgidan ko‘ra qulayroq holda namoyon bo‘lib, banknotning old va orqa tomonini bir zumda ko‘rish imkonini beradi.

Saytning ichki sahifalari dizayni o‘zgartirildi, qulay navigatsiya joriy etildi, har bir material osongina yuklab olinishi va ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqatilishi mumkin.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq