YuNESKO COVID-19 masalasida Vazirlar virtual muloqotini o‘tkazdi
01.04.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Joriy yilning 30-mart kuni COVID-19 va Open Science bo‘yicha YuNESKO tashabbusi bilan Vazirlar virtual muloqoti bo‘lib o‘tdi. Muloqotda 143 mamlakatdan vazirlar, vazir o‘rinbosarlari, boshqarma boshliqlari sirasidan 201 nafar vakil ishtirok etdi.

Virtual muloqot chog‘ida har bir ma’ruzachiga ikki daqiqadan vaqt berildi. Ma’ruzachilar orasida JSST, Erasmus va boshqa tashkilotlar vakillari COVID-19 bo‘yicha ilmiy ma’lumotlardan ochiq foydalanish imkonini yaratish lozimligi haqida so‘z yuritdilar. Shuningdek koronavirusga qarshi kurashdagi eng yaxshi tajribalar almashinildi.

Yig‘ilishning maqsadi dunyodagi ilmiy jamoalar o‘rtasida muloqot va tajriba almashish uchun platforma yaratishdir. YuNESKOning tabiiy fanlar bo‘yicha bosh direktor yordamchisi Shamila Nair-Bedouelle ta’kidlaganidek, COVID-19 pandemiyasi bizga mavjud tahdid va muammolarga global javob berishda ilm-fanning muhim rolini eslatdi. Hukumatlar o‘z xalqini himoya qilish uchun choralar ko‘rish, virus tarqalishini to‘xtatish va pandemiyaga qarshi kurashish uchun ilm-fanga tayanadi. Bu global muammo global yondashuvni talab etishiga alohida urg‘u berildi.

Global ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni yechishda barqaror va innovasion yechimlarni taqdim eta oladigan samarali faoliyat yuritadigan shaffof ilmiy jamoatchilik zarur. Ilm-fan sohasi vazirlari global inqirozda asosiy qaror qabul qiluvchilardir. Shu munosabat bilan YuNESKO global inqirozni bartaraf etishda vazirlar va taniqli olimlar uchun tajriba almashish, xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash uchun onlayn platformani taqdim etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Olimjon To‘ychiev ochiq muloqotda O‘zbekiston nomidan so‘zga chiqdi. U Respublikada COVID-19 koronavirusga qarshi samarali kurashish, kasallikning respublikamiz hududiga kirib kelishini oldini olish maqsadida ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida amaliy loyihalar, shuningdek, o‘tkir respirator virusli infeksiyalarga qarshi mavjud dori preparatlarini COVID-19 koronavirusini davolashda foydalanish uchun tanlab olish maqsadida ularning tezkor laboratoriya sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha e’lon qilingan grantlar haqida gapirdi.

Shuningdek, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi tomonidan COVID-19 koronavirusi uchun mahalliy test tizimini ishlab chiqarishni tashkil etish haqida so‘z yuritdi. Hozirgi kunda laboratoriya namunalari bo‘yicha test sinovlari o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan birgalikda koronavirus bilan kasallangan bemorlarning ijobiy klinik namunalari bo‘yicha sinovlar o‘tkazildi. Tekshirishlar ishlab chiqilgan test tizimi biomaterialda koronavirusi mavjudligini to‘g‘ri aniqlashini ko‘rsatdi.

Shu bilan birga O.To‘ychiev jahon hamjamiyati hamkorlikda yuqumli kasalliklarga qarshi tezkor kurashishi, muammolarnio‘rganish va yechimlarini ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy ishlarni moliyalashtirish uchun Xalqaro jamg‘arma tashkil etish bo‘yicha taklif berdi.

Bunday format va miqyosdagi muloqot ilk bora o‘tkazilmoqda. COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq xalqaro miqyosdagi favqulodda holat barcha davlatlarning ilmiy davralarini birlashishini taqozo etmoqda. COVID-19 bo‘yicha ilmiy ma’lumotlar almashinuvining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi, shu sohada ishlayotgan olimlarning hamjihatligi millionlab odamlarning hayotini saqlab qoladi. Tadbir natijasida, COVID-19ga qarshi samarali kurash tashkil etish maqsadida barcha mamlakatlar o‘zlarida mavjud tadqiqotlar natijalari bilan o‘rtoqlashishga kelishib oldilar.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq