Ucell XTV axborot-taʼlim resurslaridan megabaytlarni sarflamay foydalanish imkoniyatini taqdim etdi
23.03.2020
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Ucell mobil operatori oʻz abonentlariga Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining elektron resurslaridan bepul foydalanish imkoniyatini taqdim etdi.

Ikki tomonning kelishuviga koʻra Ucell mobil operatori abonentlari xalq taʼlimi tizimining 9 ta elektron resurslaridan mobil internet-trafik sarflamasdan foydalanishi mumkin.

Jumladan, Ucell mobil operatori abonentlari Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining rasmiy sayti (www.uzedu.uz), OpenEMIS Taʼlim muassasasini boshqarish axborot tizimi (emis.uzedu.uz), XTV Axborot-taʼlim portali (eduportal.uz) va Respublika bolalar kutubxonasi veb-saytida (kitob.uz) joylashtirilgan adabiyot, videoqoʻllanmalar va turli xil materiallardan mobil internet-trafik sarflamasdan foydalanish imkoniyatiga ega boʻldi.

Mobil operatorning narxlanmaydigan trafigi, shuningdek, Oʻzbekiston maktablarida qurilish va taʼmirlash ishlarini onlayn-monitoring tizimi (stat.uzedu.uz), va Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazining rasmiy saytiga (www.itsm.uz) ham taqdim etilmoqda.

Oʻz bilimlarini doimo oshirishni istagan mobil operator foydalanuvchilari Khan Academy (uz.khanacademy.org) va Kundalik raqamli taʼlim platformasi (www.kundalik.com) resurslaridan ham megabaytlarni sarflamasdan bahramand boʻlishlari mumkin.

— 2020-yil mamlakatimizda “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb eʼlon qilindi va tegishli davlat dasturi qabul qilindi. Dasturda umumtaʼlim muassasalarida oʻquvchilarni elektron oʻqitish boʻyicha, shu jumladan elektron sinf jurnali, oʻquvchilar kundaliklarini raqamlashtirish va elektron materiallar kutubxonasini (darsliklar, videodarslar, virtual laboratoriyalar va boshqalar) oʻz ichiga olgan axborot tizimlarini qogʻoz hujjatlarni bekor qilgan holda tajriba tariqasida joriy etish belgilangan. Mazkur hamkorlik Ucell mobil operatori xizmatlaridan foydalanayotgan oʻqituvchi va oʻquvchilarimizga qoʻshimcha imkoniyat yaratadi.

Taʼlimni rivojlantirishga qoʻshayotgan hissasi hamda koronavirus tufayli karantin eʼlon qilingan paytda hamkorlikda ish olib borayotgani uchun Ucell mobil operatoriga minnatdorchilik bildiramiz. Xalq taʼlimi vazirligi respublikada faoliyat olib borayotgan boshqa kompaniyalarni ham taʼlimni rivojlantirishda hamkorlikka chaqiradi, — deya taʼkidladi Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov.

Eslatib oʻtamiz, hozirgi kunda UMS mobil operatori ham oʻz abonentlariga Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi elektron resurslaridan megabaytlarni sarflamasdan foydalanish imkoniyatini taqdim etgan.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq