Koronavirusga qarshi kurashda AKT vazirligining vazifalari to‘g‘risida brifing o‘tkazildi
21.03.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

21-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekistonda koronavirus (COVID-19) epidemiyasi bo‘yicha e’lon qilingan karantin rejimi vaqtida fuqarolar, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan Axborot texnologiyalari sohasi bo‘yicha kelib tushgan savollar va murojaatlar bo‘yicha brifing o‘tkazdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining o‘rinbosari Qaxramon Yuldashev fuqarolarimiz, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan eng ko‘p berilayotgan savollar va murojaatlarga batafsil javob berdi.

O‘zbekistonda koronavirusning tarqalishi natijasida havo, temir yo‘l va avtomobil transportida yo‘lovchilarni tashish to‘xtatilgan. Xalqaro pochta jo‘natmalari almashinuvini qanday va qaysi davlatlar bilan amalga oshirilmoqda?

Xalqaro pochta jo‘natmalarini tashish uchun havo transporti (Uzbekistan Airways, Aeroflot, Korean Air, Fly Dubai) xizmatlaridan foydalanilar edi. Qatnov to‘xtagani sababli qo‘shni mamlakatlar pochta operatorlari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida joriy yil 20 martdan boshlab “O‘zbekiston pochtasi” AJ yer usti transporti orqali yuboriladigan pochta jo‘natmalarini quyidagi davlatlarga qabul qilishni tikladi: Avstriya, Belgiya, Bolgariya, Vengriya, Buyuk Britaniya, Gretsiya, Germaniya, Daniya, Italiya, Irlandiya, Ispaniya, Kipr, Lyuksemburg, Latviya, Malta, Niderlandiya, Portugaliya, Polsha, Ruminiya, Sloveniya, Slovakiya, Fransiya, Finlyandiya, Xorvatiya, Chexiya, Shvetsiya, Estoniya, Ukraina, Xitoy, Litva, Belarus, Qozog‘iston, Turkmaniston, Rossiya kabi davlatlar pochta aloqalari to‘liq tiklandi.

Bunda pochta yer usti transporti bilan Qozog‘istonga yetkaziladi va keyin Yevropa va Xitoyga jo‘natiladi.

Transport aloqalari tiklanishiga qarab ushbu davlatlar ro‘yxatiga o‘zgartirish kiritib boriladi. Kiritilgan o‘zgarishlar haqidagi xabarlar ma’lum qilib boriladi.

Aliexspress orqali tovarlarni buyurtma qilish mumkinmi?

Hozirgi kunda Aliekspressdan tovarlarga buyurtma berish mumkin. Xitoy xukumat komissiyasining qaroriga binoan 4-fevraldan 4-martgacha (Xitoyda koronavirusning eng yukori darajasi) Xitoydan pochta jo‘natmalarini jo‘natish taqiqlangan edi. Hozirgi vaqtda esa Xitoy bilan pochta almashinuvi Qozog‘iston orqali yer usti transporti orqali amalga oshirilmokda.

Aliexspress orqali buyurtma qilingan pochta jo‘natmalari, yetkazib berish vaqtida biroz kechikish mumkin. Bir qator mamlakatlarda parvozlarning bekor qilinishi munosabati bilan pochta orqali asosan yer usti transporti orqali amalga oshirilmokda.

«O‘zbekiston pochtasi» va «Qozog‘iston pochtasi» o‘rtasida Xitoy Xalq Respublikasidan pochta jo‘natmalarini (jumladan Aliexspress buyurtmalarini) yuk mashinalari orqali Qozog‘iston orqali tranzit qilish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Pochta jo‘natmalari va ularni jo‘natish sanitariya-epidemiologiya standartlariga muvofiq amalga oshiriladi, shuning uchun qabul qiluvchilarni tashvishga soladigan hech qanday sabab yo‘q.

Hozirgi kunda maktab o‘quvchilarining onlayn darsliklari ishlab chiqilib internetga joylashtirilmoqda. Shundan kelib chiqib, internet tezligi va sifatini oshirish bo‘yicha nima ishlar qilinmoqda?

Birinchi navbatda, Xalq ta’limi vazirligi va Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan tayyorlanayotgan videodarslardan bemalol foydalanish uchun internet provayderlar va mobil aloqa operatorlari tomonidan joriy yilning 1-may kuniga qadar http://eduportal.uz, http://kitob.uz, https://edumarket.uz, https://online-maktab.uz, https://talim.uzedu.uz, https://utube.uz, https://itschool.uz/, http://coronavirus.uz veb-saytlarga kirishni (dostup) bepul amalga oshirilishi ta’minlandi.

Ikkinchi navbatda, karantin davrida Internet trafik, mobil va telefon aloqa trafigi o‘zgarishlari doimiy nazoratga olingan. Yuklanish o‘ta yuqori darajada oshib ketadigan holatlarda amalga oshiriladigan ishlarning rejalari tayyorlangan.

Yana shuni aytish joizki, Internet xizmati tezligi foydalanilayotgan texnologiya bilan chambarchas bog‘liqdir. Ya’ni optik tolali aloqa liniyalari orqali xizmat taqdim etilgan hollarda kompaniya yuqori tezliklarda ya’ni 100 Mbit/sek gacha tezlikda internet xizmatini ko‘rsatish imkoniyati mavjuddir. Shuningdek, abonentlar foydalanayotgan tarif rejasi ham internet tezligiga chambarchas bog‘liq. Ya’ni 4 Mbit/sek tezlikda internet xizmati taqdim etiladigan tarif rejasida undan katta tezlikda internetdan foydalanish imkoni mavjud bo‘lmaydi. Demak ishonch bilan aytishimiz mumkinki, iste’molchining tarif rejasiga ta’sir ko‘rsatilmaydi. Bu borada barcha imkoniyatlar ishga solingan.

Respublikamizning chekka xududlarini internet bilan qamrab olish yuzasidan qanday ishlar olib borilmoqda?

Hozirgi kunda, operatorlar tomonidan tarmoqlarni rivojlantirish rejalari bo‘yicha ishlar to‘xtashlarsiz davom etirilmoqda. O‘zbekistonda koronavirus (COVID-19) pandemiyasi bo‘yicha e’lon qilingan karantin rejimi vaqtida mobil aloqa operatorlar tomonidan o‘rnatilayotgan tayanch stansiyalari uchun Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan baza stansiyalarini ishga tushirish tartibini soddalashtirish, jumladan paralel loyihalash uchun ruxsatnomalar taqdim etilishi yo‘lga qo‘yildi.

Bugungi kunga kelib, ushbu soddalashtirilgan tartib bo‘yicha 100 dan ortiq baza stansiyalar muddatidan avval ishga tushirilmoqda.

Karantin davrida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari va maktabgacha ta’lim tashkilotlari o‘quvchilariga televizion videodarslarni yetkazish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilmoqda?

O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining topshirig‘iga muvofiq:

Videodars mashg‘ulotlari joylashtiriladigan vazirliklarning ijtimoiy tarmoqlardagi kanallari va rasmiy veb-saytlari (UZ-domen) foydalanuvchilar tomonidan talab ortib ketgan holatlarda uzluksiz ishlashini ta’minlashda hamda zarurat bo‘lganida xosting imkoniyatlarini kengaytirishda texnik ko‘maklashilmoqda.

O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda ochiq holda 4 ta televizion kanal orqali «online-maktab» rukni bilan tashkil etilayotgan televizion videodars mashg‘ulotlarini respublika bo‘yicha yer usti raqamli televideniye, kabel televideniye, IP televideniye tarmoqlari orqali hamda yer sun’iy yo‘ldoshi orqali uzoq va borish qiyin aholi punktlarida o‘rnatilgan kam quvvatli teleuzatkichlar orqali ochiq holda tarqatilishini tashkillashtirish choralari ko‘rilmoqda.

Jamoat transporti, kafe va restoranlarda o‘rnatilgan ekranlarda koronavirus profilaktikasi to‘g‘risidagi roliklarni muntazam uzatib borish imkoniyati bormi?

Koronavirus profilaktikasi to‘g‘risidagi roliklarni har bir hohlovchilar rasmiy veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlardagi kanallardan bemalol yuklab olishlari mumkin. Jamoat transporti, kafe va restoranlarda o‘rnatilgan ekranlarda ko‘rsatiladigan roliklar mazkur muassasalar egalari tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu o‘rinda kafe va restoranlar faoliyati cheklanganligini, jamoat transporti reyslari soni ham qisqartirilganligini hisobga olishimiz zarur.

(COVID-19) epidemiyasi bo‘yicha e’lon qilingan karantin rejimi vaqtida Call-markaziga qo‘ng‘iroq qilib tushish juda mushkul. Bu kamchiliklar qachon bartaraf etiladi?

«O‘zbektelekom» AK va «O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi» o‘zaro hamkorlikda 15 martdan boshlab, «Koronovirus COVID-19» masalalari bo‘yicha tunu-kun 24 soat ishlaydigan oliy toifali shifkorlar va mutaxassislar tomonidan xizmat ko‘rsatiladigan Call-markazi tashkillashtirilgan.

Bundan tashqari «O‘zbektelekom» AK tomonidan vazirlikning 1003 qisqa raqamiga xizmat ko‘rsatuvchi operatorlariga barcha qulay shart-sharoitlar yaratib berildi. Bugungi kunga kelib, «Koronovirus COVID-19» masalalari bo‘yicha 1003 ishonch raqamiga 100 dan ortiq oliy malakali shifokorlar xizmat ko‘rsatib kelishmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra 1003 raqamiga 15.03.2020 yildan hozirgi vaqtga qadar 135 152 ta qo‘ng‘iroq kelib tushgan bo‘lib o‘z vaqtida malakali xodimlar tomonidan javob berilgan. Hozirda barcha texnik muammolar bartaraf etilgan.

&Ayrim davlatlar Youtube, kinosaytlar, ishlayotgan call-markazlar, shtab va operativ ma’lumotlar markazlari murojaat qiluvchilarning ko‘pligidan belgilangan me’yordan oshib ketmasligi uchun o‘z trafiklarini kamaytirmoqda. Bizda bu ham shu amaliyot bo‘lishi mumkinmi? Agar shu xolata yuzaga kelsa internet orqali biznes yuritadigan firmalar zarar ko‘rib qolish ehtimoli bor? Shu bo‘yicha nima ishlar qilinmoqda?

O‘zbekistonda koronavirus (COVID-19) epidemiyasi bo‘yicha e’lon qilingan karantin rejimi vaqtida operatorlar va provayderlar tomonidan xizmatlar shartnoma shartlariga muvofiq taqdim etilishi ta’minlanadi. Bu bo‘yicha barcha choralar belgilangan trafikni qisqartirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Agar bunday holatlar bo‘yicha aniq faktlar ma’lum bo‘lsa, tegishli choralar ko‘riladi.

Karantinga olingan tibbiyot muassasalarida bepul Wi-Fi o‘rnatib berish mumkinmi?

Hozir kunda karantinga olingan tibbiyot muassasalari barcha aloqa vositalari bilan ta’minlangan. Agarda karantinga olingan tibbiyot muassasalari tomonidan Wi-Fi zonalar o‘rnatish masalasida murojaat qilinsa, uni albatta ta’minlab berish imkoniyatimiz mavjud.

Karantin rejimi vaqtida boshqa davlatlardan pochta jo‘natmalari qabul qilish va yuborish mumkinmb yoki yo‘qmi? Agar boshqa davlatlardan pochta jo‘natmalarini qabul qilish va yuborish mumkin bo‘lsa qanday pochta jo‘natmalariga ruxsat berilgan?

Bir muhim jihatga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Pochta uzoq tarixga, judayam ko‘p qirrali yo‘nalish ega soha. Pochta xizmati strategik ahamiyatga ega deb bemalol aytish mumkin. Chunki, har qanday ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy , epidemiologik vaziyatlarda ham pochta xizmatiga bo‘lgan talab va taklif hech qachon to‘xtab qolmagan, aksincha, doimiy ravishda o‘sib boradi. Ushbu tendensiya pochta xizmati mutaxassislarini doimiy ravishda o‘z ustida ishlashga, tizimga yangi texnologiyalarni joriy qilishga, pochta xavfsizligini ta’minlash kabi muhim yo‘nalishlarni doimiy takomillashtirishni talab etadi.

Shu nuqtai nazardan, biz pochta tizimida xavfsizlikni ta’minlash, pochtalar orqali kelishi mumkin bo‘lgan turli epidemiologik holatlarni oldini olishga doimiy ravishda jiddiy e’tibor qaratamiz. Pochta sanitariya-epidemiologiya xizmati bilan parallel ravishda ish olib boradi. Shu bois, jahonda turli epidemiologik kasalliklar va viruslar tarqalishidan qat’iy nazar, yurtimiz aholisiga hech qanday xavf-xatar pochta orqali kirib kelishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Va eng muhimi shu vaqtgacha O‘zbekistonda bunday holat kuzatilmagan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, koronavirus narsalar ustida, jumladan posilka, banderollarda uzoq saqlanmaydi. Bugungi kunda “O‘zbekiston pochtasi” AJ boshqa davlatlardan barcha turdagi pochta jo‘natmalarini sanitariya-epidemiologik jihatdan ularni xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rgan holda qabul qilmoqda.

Lekin global xavfsizlik choralarining kuchayishi tufayli ko‘p mamlakatlarda havo va temir yo‘llari transportlari harakatlanish rejalari o‘zgartirilmoqda yoki kamaytirilmoqda. Ko‘plab yo‘nalishlarga havo transporti qatnovi butunlay to‘xtatilgan. Shu nuqtai nazardan ko‘p mamlakatlardan pochta jo‘natmalari kirib kelishida vaqt nuqtai nazaridan muammolar yuzaga kelishi mumkin.

Bu muammo bo‘yicha ham barcha ishlar amalga oshirilmoqda.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda koronavirus (COVID-19) epidemiyasi bo‘yicha e’lon qilingan karantin rejimi vaqtida fuqarolarimiz, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan Axborot texnologiyalari sohasi bo‘yicha eng ko‘p berilayotgan savollar va murojaatlar shulardan iborat.

Shuni ta’kidlash joizki, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan koronavirus epidemiyasini tarqalishini oldini olish, xususan, pochta xizmatlarida sanitariya-epidemiologiya standartlari asosida pochta jo‘natmalarida xavfsizlikni ta’minlash masalalariga, shuningdek, onlayn masofaviy ta’limni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Axborot texnologiyalari sohasi bo‘yicha beriladigan barcha savollar uchun vazirlikning 24 soat ishlaydigan qisqa raqamli 1199 ishonch raqamiga fuqarolar murojaat qilishlari mumkin!

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq