HUKUMAT QARORI: Respublikada elektron tijorat faoliyatini izchil rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
20.03.2020
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-martdagi “Tovar xomashyo birjalari faoliyatiga ilg‘or axborot texnologiyalarini keng joriy etish va elektron tijorat faoliyatini izchil rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 170-son qarorida bayon etilgan.

Qarorda tovar-xom ashyo birjalari tomonidan tashkil etilayotgan birja va elektron savdolarda shaffoflik darajasini oshirish, elektron savdolar jarayoniga aralashishga yo‘l qo‘ymaslik maqsad qilingan.

Qaror bilan birja savdolari mexanizmlarini takomillashtirish va “O‘zRTXB” AJ faoliyatining samaradorligini oshirish bo‘yicha innovatsion IT-texnologiyalarni joriy etish, tovar bozorlariga ta’sir etuvchi omillarni tahlil etish ishlarini tashkil etish, elektron tijoratni jadal rivojlantirish, shuningdek, zamonaviy HR-menejment uslublarini joriy etishga qaratilgan Chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan.

Shuningdek, qarorga ko‘ra 2020-yil 1-iyundan boshlab birja savdolari tizimida yangicha tartiblar o‘rnatiladi, ya’ni:

— birja savdolari tovar segmentlari bo‘yicha alohida seksiyalarda o‘tkaziladi;

— brokerlik o‘rinlari birjaning rasmiy veb-sayti orqali taqdim etiladi;

— brokerlarning birja savdosi qoidalari talablariga muvofiqligi bo‘yicha malaka darajasi har 3 yilda muntazam aniqlanib boriladi.

Shuningdek, bundan buyon birja savdolarida yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni sotish ushbu qaror bilan tasdiqlangan yangicha tartib asosida amalga oshiriladi.

Bunda yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni birja savdolari orqali eksportga sotish ham nazarda tutilgan.

Amaliyotga kiritilayotgan muhim yangiliklardan yana biri birja savdolariga “forvard” savdo turining keng joriy etilishidir. Bunda birjada tuziladigan bitimlar bo‘yicha mahsulotlarni bir oydan ortiq muddatda kechiktirgan holda yetkazib berish imkoniyatlari yaratiladi.

Qarorda birja sohasini yetuk va zamonaviy fikrlaydigan yosh mutaxassislar bilan ta’minlash maqsadida oliy ta’lim muassasalarida “Birja ishi” magistratura yo‘nalishlarini ochish ham belgilandi.

Mazkur qarorning to‘liq matni bilan “O‘zRTXB” AJ rasmiy vebsaytining Me’yoriy-huquqiy aktlar  bo‘limida tanishib chiqishingiz mumkin.

Manba 

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq