Yangibozorda Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi ochildi
11.03.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Prezident tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusning uchinchisi doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan mamlakatimizning barcha hududlarida aholi va yoshlar uchun Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etilmoqda. Bugungi kunga qadar respublika bo‘yicha 24 ta shunday markazlar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Navbatdagi o‘quv markazi Xorazm viloyati, Yangibozor tumanida ochildi. Marosimda AKT vaziri Shuhrat Sodiqov va Yangibozor tumani hokimi O‘ktam Masharipov ishtirok etdi.

— O‘ylaymizki, mahalliy hokimliklar joriy yilda viloyatning barcha hududlarida Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarini tashkil etishda har tomonlama ko‘makdosh bo‘ladilar, — dedi Shuhrat Sodiqov. — Mazkur o‘quv markazi tuman yoshlari uchun munosib tuhfa bo‘lib, kelgusida yoshlarning qadrdon maskanlariga aylanadi.

O‘quv markazini tashkil etish uchun «O‘zbektelekom» AK Xorazm filialiga qarashli bo‘sh turgan bino tanlab olinib, tuman hokimligi ko‘magida to‘liq ta’mirdan chiqarildi va zamonaviy kompyuter texnologiyalari, robototexnika jihozlari, kibersport o‘yinlari uskunalari hamda boshqa eng so‘nggi rusumdagi texnika vositalari bilan jihozlandi.

Kelgusida tuman yoshlari ushbu o‘quv markazida axborot texnologiyalari, dasturlash sohalarida innovatsion ishlanmalar yaratish, startap loyihalarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadilar.

Ushbu o‘quv markazining ishga tushirilishi natijasida tuman yoshlarining mamlakatimiz bo‘ylab amalga oshirilayotgan «Bir million o‘zbek dasturchisi» loyihasida faol va samarali ishtirok etishlariga imkoniyat yaratiladi.

Kelgusida markazda tumanning 5000 nafardan ortiq yoshlarini qamrab olish orqali ularni zamonaviy raqamli texnologiyalar sohasida o‘qitish rejalashtirilgan.

E’tiborlisi, yangi ochilgan markazda Toshkentdagi Inha universiteti va Toshkent axborot texnologiyalari universitetining bitiruvchilari dars berishmoqda.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq