Ustozlar — kelajak yaratuvchilari
11.03.2020
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Dunyo tajribasi raqamlashtirish ta’lim sifatini oshirishini, bolaning maktabdagi hayoti ustidan nazoratni osonlashtirishi va pedagogning ishini yengillashtirishini ko‘rsatmoqda. Albatta, yuqori natijalarga birdan emas, balki vaqt o‘tganidan keyin erishiladi. O‘zbekistonda raqamlashtirish tomonga kuchli siljish maktablarga elektron jurnal va kundaliklar kelganidan so‘ng yuz berdi. Hozircha uni joriy etish ishlari faqat boshlang‘ich bosqichda, ammo ko‘pchilik uning foydali funksiyalariga baho berishga ulgurdi. Bugun so‘z zamonamizning haqiqiy qahramonlari – pedagoglar haqida boradi. Ular yoshiga, texnologiyalar bilan murakkab munosabatlarga, ish yuklamasiga qaramasdan, Kundalik raqamli ta’lim platformasi bilan ishlashni uddalashdi va hozir muvaffaqiyatli ishlashmoqda.

Har kuni farzandlarimiz va mamlakatimiz farovonligi yo‘lida mehnat qilayotgan o‘qituvchilarning hammasi haqida bitta maqolada so‘z yuritishning imkoni yo‘q. Shu bois Kundalik pedagoglarning raqamli ta’lim platformasi bilan ishlash tajribasi borasidagi hikoyalari ruknini chop etadi.

Tat’yana Borisovna Istaxarova,Toshkentdagi 158-sonli maktabning rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi:

«Men 158-sonli maktabda 49 yildan buyon ishlayman, “Do‘stlik” ordeni sohibasiman. O‘tgan davr mobaynida maktab ko‘plab bitiruvchilarni “uchirma” qildi, ular mashhur, muvaffaqiyatli insonlarga aylandi.

Elektron jurnallar yuritilishi haqidagi yangilikni bezovtalik bilan qabul qildim. Ammo keyin hammamiz tez o‘rganib ketdik, baholar qo‘yishni, jurnallarni to‘ldirishni o‘rgandik. Endi ota-onalarga qo‘ng‘iroq qilish, shaxsiy vaqtimni ular bilan suhbatga sarflashga hojat yo‘q. Barcha masalalarni Kundalik tizimida hal qilish mumkin. Hozir mazkur tizim ta’lim sifatini oshirishga yordam beradi degan fikrdaman, chunki bolalarning muvaffaqiyatlari va kamchiliklari ota-ona nazorati ostida bo‘ladi. Onalar va otalar har kuni o‘z farzandlari nima bilan o‘zini namoyon etganini ko‘rishi, men esa ota-onalar nimalarga e’tibor qaratishi kerakligi haqida xabar yozishim mumkin.
Biz raqamli texnologiyalar asrida yashayapmiz, shu bois Kundalik – bu muallimning ishiga yordam beradigan yo‘nalishlardan biri. Ha, hozir biz qog‘oz jurnalni ham, elektron jurnalni ham yurityapmiz, biroq bu juda qiyin ish deb ayta olmayman. Dars paytida yoki tanaffusda men barcha ma’lumotlarni ikkala jurnalga ham kiritishga ulguryapman».

Asiya Xalimovna Faizova, Toshkentdagi 64-sonli maktabning fizika o‘qituvchisi:

«Men 1971 yildan buyon dars beraman, bir umr bolalar bilan ishladim. O‘quv jarayoni men uchun shunchaki ish emas. Men doim bolalarni motivasiyalashga harakat qilaman, ular axborotni shunchaki yod olishlarini emas, balki uni tushunishlarini, o‘quv materialini eslab qolishlarini istayman.

Elektron jurnallar joriy etilishi haqidagi yangilikni ilk bor eshitganimda, o‘zimni biroz yo‘qotib qo‘ydim, meni “Elektron tizimda qanday ishlayman?” – degan qo‘rquv qamrab olgandi. Ammo ular o‘rinsiz bo‘lib chiqdi. Bu juda qulay tizim ekan, men har kuni unda ishlayman, dars paytida baholarni qo‘yaman, bu ishlarga, hatto qog‘oz jurnalga qayd qilishni ham hisobga olgan holda, bor-yo‘g‘i bir necha daqiqa vaqtim ketadi.

Menda komp’yuter va internet bilan ishlash borasida qiyinchiliklar bo‘lmayapti, chunki anchadan buyon darslar uchun ma’lumot izlash maqsadida turli saytlardan foydalanaman, chiptalarni va nazorat ishlarini qog‘ozga chiqaraman. Agar uning ishlash mexanizmini tushunib olsangiz, elektron jurnaldan qo‘rqishga hojat qolmaydi, u haqiqatdan ham o‘qituvchining ishiga yordam beradi.

Kundalik bolalarga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘quvchilar elektron jurnaldagi bahoni o‘chirib tashlash imkoni yo‘qligini tushunadi, shu bois ular o‘z javoblariga mas’uliyatliroq yondasha boshladilar, uyda darsga yaxshiroq tayyorlanishga harakat qilishmoqda, faollikni ko‘proq namoyon etishyapti va shu tarzda ta’lim darajasi ham oshib borayotir. Ota-onalar har kuni o‘z farzandlarining baholarini ko‘rishi va ularning o‘qishini nazorat qilishi mumkin».

Xilola Nematdjanovna Sotivoldieva, Toshkentdagi 38-sonli maktabning biologiya o‘qituvchisi:

«Elektron jurnal bilan ishlashni nisbatan yaqinda boshladik, maktabimiz rahbariyati va ma’muriyati o‘qituvchilar uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishdi. Dastavval, Kundalik qay tarzda o‘qituvchining ishini yengillashtirishi mumkinligi tushunarsiz edi. Ammo keyin hammasi o‘z joyiga tushdi. Men uchun tizimning asosiy ijobiy tomoni shundaki, agar jurnallar har kuni to‘ldirilsa, hisobotlar avtomat tarzda yaratiladi. Tizimni qo‘llash qulay va oson, hatto men ham, yoshimga qaramasdan, hammasini tez o‘rganib oldim, baholar va davomat bo‘yicha qaydlarni bevosita dars paytida qo‘yaman. Bu masalada asosiysi – xohish-istak, deb hisoblayman. Agar to‘ng‘illab, hech nima qilinmasa, unda butun maktab faoliyatining natijasi nolga aylanadi».

Munira Azimovna Umarova, Toshkentdagi 326-sonli maktabning tasviriy san’at va chizmachilik o‘qituvchisi:

«Men maktabda 24 yildan ortiq vaqt davomida ishlab kelyapman, bizda elektron jurnal joriy etishganida, dovdirab qolgandim, albatta. Biz hammamiz ishlarni muayyan tarzda yuritishga, hisobotlarni yozish va o‘quv hujjatlarini to‘ldirishga o‘rganganmiz. Hammamiz elektron jurnal va kundaliklar kelishi bilan o‘qituvchining ishi murakkablashadi, deb o‘ylagandik. Ammo unday bo‘lib chiqmadi. Bizga maktabdagi tizim ma’muri juda katta yordam berdi. U hozir ham bizga ustoz va birinchi yordamchi. Uning ta’lim jarayoniga yondashuvi tufayli biz hammasini tez o‘zlashtirib oldik, endi elektron hujjatlarni mustaqil ravishda yuritishimiz mumkin.

Biz texnologiyalar asrida yashayapmiz, shu bois rivojlanishimiz, zamon bilan hamnafas bo‘lishimiz lozim.
Men uchun tizimning eng katta afzalligi ota-onalar bilan bevosita aloqaning mavjudligida. Aksariyat bolalar baholarini va darsga kirmaganini yashiradi, hozir esa hammasi shaffof, ota-onalar real manzarani ko‘rishi mumkin. Bolalarda ham mas’uliyat sezilmoqda. Elektron kundaliklar joriy etilganidan keyin hamma ona-onasi urishmasligi uchun o‘qishga, ko‘proq tashabbus ko‘rsatishga, yaxshi baho olish uchun qo‘llarini ko‘tarishga harakat qilyapti.
Men o‘qituvchilarga yangi narsalardan qo‘rqmaslikni maslahat bergan bo‘lardim. Mamlakatimizda ko‘plab sohalarda raqamli texnologiyalar qo‘llanadi, bu taraqqiyot uchun zarur. Biz o‘zimiz ustimizda ishlashimiz kerak, shunda hamma ishning uddasidan chiqamiz».

Muqaddas Xamitovna Zakirova, Toshkentdagi 326-sonli maktabning boshlang‘ich sinflar o‘qituvchisi:

«Maktabda ishlayotganimga 40 yildan oshdi, shu bois Kundalik tizimini joriy etishganida, o‘zim tengi barcha o‘qituvchilar singari hayajonlandim. Ammo elektron jurnal bilan ishlashdan qochib o‘tirmadik. Agar odam nimagadir intilsa, u albatta unga erishadi. Oxir-oqibatda elektron jurnal oddiy va qulay bo‘lib chiqdi. Baho qo‘yish jarayoniga bir necha daqiqa vaqtim ketadi. Har kuni ota-onalar bilan shaxsan suhbatlashishning imkoni yo‘q, Kundalik esa bu muammoni hal etdi. Endi muhim masalalarni masofadan turib muhokama qilish mumkin.

Shuningdek Kundalik ko‘p hollarda qaysar va har doim ham boshqarib bo‘lmaydigan yuqori sinf o‘quvchilarini “jilovlashga” yordam beradi. Baholar darhol elektron kundaliklarda aks etishini, ota-onalar ularni ko‘rishini hisobga olgan holda, o‘zlashtirish darajasi, hulq ko‘rsatkichlari ancha yaxshilandi. Bu ushbu tizimda ishlashni bejiz o‘rganmaganimizdan dalolat beradi».

Sevara Abdusamatovna Iskandarova, Toshkentdagi 158-sonli maktabning ingliz tili o‘qituvchisi, o‘quv va tarbiya ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari:

«Men – ingliz tili o‘qituvchisi va maktabimizda Kundalik tizimining ikkinchi ma’muriman.

Kundalik — bu nafaqat kelajak tomon qadam, balki bugunning o‘zidayoq o‘qituvchilar uchun olamga boshqacha nazar tashlash imkonini beradigan zamonaviy texnologiyalar hamdir, chunki aynan biz ta’lim tizimini harakatga keltiruvchi kuch hisoblanamiz.

Kundalik tizimini Toshkent maktablarida joriy etish haqida buyruq chiqishi bilan ishni keyinga qoldirmasdan darrov boshladik. Boshlang‘ich bosqichda ota-onalar va o‘qituvchilarning ko‘pchiligi elektron pochta yaratishda muammolarga duch kelishdi. Ha, ko‘pgina yoshi katta kishilarda bu qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Biz pochta qutilarini o‘zimiz yaratdik, login va parollarni tarqatib chiqdik, shundan so‘ng ota-onalar platformadan muvaffaqiyatli foydalana boshladi. Biz hozirgacha uchburchak shaklida ishlaymiz: ota yoki ona – o‘quvchi – o‘qituvchi. Biz nafaqat muloqot qilishimiz, balki tanlovlar, viktorinalar haqidagi ma’lumotlarni o‘rtoqlashishimiz, nazorat ishlari, imtihonlarni muhokama qilishimiz mumkin. Kundalik ta’lim tizimini shaffof qiladi. Men o‘qituvchilarning hammasiga ushbu ajoyib platformadan qo‘rqmaslikni, hamkasblardan va maktab ma’murlaridan yordam so‘rashga tortinmaslikni maslahat berardim. Shunda barcha urinishlaringiz, yutuqlaringiz ko‘zga tashlanadi va eshitiladi. Men O‘zbekistondagi barcha maktablarning muvaffaqiyatli kelajagi tarafdoriman, kelajak – farzandlarimizniki, shu bois texnologiyalarni birgalikda o‘zlashtiring. O‘quvchilarimiz tizimni o‘zlashtirishda faol ishtirok etmoqda, o‘qituvchilarga yordam berishyapti va birgalikda bir maqsad sari borishmoqda. Birgalikda ishlash va bir-birimizni qo‘llab-quvvatlash – muvaffaqiyatimiz garovidir».

Manba: kompaniya press-relizi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq