Toshkent shahar hokimligi va BMT TD o‘rtasida raqamli rivojlanish va innovatsiyalarni joriy qilish sohasidagi hamkorlik natijalarini muhokama qildi
05.03.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

2020-yil 4-mart kuni Toshkent shahar hokimligi va BMT TDning raqamli rivojlanish va innovatsiyalarni joriy qilish sohasidagi hamkorligi natijalariga bag‘ishlangan press-brifing bo‘lib o‘tdi. Tadbir OAV va Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi vakillari uchun taqdimotlar shaklida o‘tdi.

Hokimning birinchi o‘rinbosari Davron Hidoyatov uchrashuvni ochar ekan BMT TD missiyasiga infratuzilmaviy islohotlarni rivojlantirishdagi ko‘magi uchun minnatdorlik bildirdi. Hokimlik bilan BMTTDning innovatsion rivojlanishga asoslangan hamkorligi 2019-yilning may oyida boshlangan.

BMT TD bilan hamkorligimiz 2020-yilda 2019-yilga nisbatan yanada keng ko‘lamli bo‘lishiga ishonchimiz komil, — deya ta’kidladi Hidoyatov.

BMT TDning O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Doyna Muntyanu ham raqamli texnologiyalarni joriy qilish borasidagi hamkorlikning muhim ekanligini ta’kidlagan holda, “aqlli shahar” aholi uchun qulay bo‘lishi zarurligini ham unutmaslik kerakligini aytdi.

2019-yilda “Raqamli Toshkent” nomli poytaxtimizni raqamli isloh qilish kontseptsiyasi ishlab chiqilishida ko‘mak ko‘rsatilgan edi. Hujjat shahar boshqaruvi samaradorligini oshirish hamda raqamli va innovatsion texnologiyalar yordamida poytaxt aholisi va mehmonlarining turmush sifatini tubdan yaxshilashni maqsad qilgan. Kontseptsiya bo‘yicha ish olib borish mobaynida hokimlik tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasini tartibga soluvchi barcha me’yoriy-huquqiy hujjatlar inventarizatsiyasi amalga oshirildi. Ushbu ishlar Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ko‘magida amalga oshirildi.

Ishning yana bir natijasi hokimlikda “Tableau” biznes-tahlil tizimining joriy etilganligi bo‘ldi. U raqamli ma’lumotlar asosidagi boshqaruvga bosqichma-bosqich o‘tishni nazarda tutadi. Hozirgi kunda tizim transport, bojxona va ijtimoiy-iqtisodiy ma’lumotlarni tahlil va vizualizatsiya qilish uchun qo‘llanilayotgan bo‘lib, mavjud resurslardan yanada oqilona foydalanish, hokimlik va undagi xizmatlarning samaradorligini oshirishga yordam beradi.
BMT TD loyihasining innovatsion tadqiqotlar koordinatori Nodira Muhammadqulova “Maxsustrans” DUK bilan chiqindilarni saralash masalasini hal qilishda “targ‘ib qilib borish nazariyasini” qo‘llash bo‘yicha tajriba haqida so‘zlab berdi. Tajriba doirasida Yakkasaroy tumanining sinov mahallasiga rangli chiqindi qutilari berilib, qattiq maishiy chiqindilarni olib ketishning maxsus jadvali joriy qilingan edi. Tajribaning yakuniy natijalariga baho berishga hali erta bo‘lsada, bugunning o‘zida ushbu tajriba natijasida qayta ishlash mumkin bo‘lgan chiqindilar ulushi oshganligini, bu esa shahrimiz ekologiyasi va iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir qilayotganligini ishonch bilan aytish mumkin.

BMT TD konsultanti va Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining a’zosi Temur Ahmedov “Yashil maktablar” loyihasi haqida so‘zlab berdi. U o‘quvchilarga resurslarni tejash imkoniyatlarini ko‘rsatuvchi “targ‘ib qilib borish nazariyasiga” asoslangan dastur maqsadidan kelib chiqqan. Bunda fizika darsida olingan bilimlar ham qo‘l keladi. Birinchi tajriba ko‘rsatishicha, o‘quvchilarning ishtiroki nazorat ma’lumotlariga nisbatan 25 foizga resurslarni tejash imkonini beradi.

Bundan tashqari, ijtimoiy uy-joy berish xizmatini raqamlashtirish, fuqarolar dolzarb va ijtimoiy ahamiyatga ega masalalar bo‘yicha ovoz berishi mumkin bo‘lgan “Mening ovozim” portalining ishga tushirilishi va yarim yillik natijalari kabi o‘zaro tashabbuslar muhokama qilindi. Hokimlikning loyihalar menedjeri Timur Miyassarov aholi fikriga asoslangan holda eng dolzarb masalalarni aniqlashga ko‘mak beruvchi mo.tashkent.uz portalining imkoniyatlarini namoyish qildi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq