Milliy turistik onlayn servis «Uzbekistan Pass» dasturi
02.03.2020
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Mamlakatda turizmni milliy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, hududlarni jadal rivojlantirish, yangi ish oʼrinlarini yaratish, aholining daromadlari va turmush darajasini oshirish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishni taʼminlovchi strategik tarmoqlardan biri sifatida rivojlantirish boʼyicha kompleks chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Xususan, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-yanvardagi “Oʼzbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi farmonida mamlakat turizim salohiyatini hamda xizmatlar sifatini yanada oshirish belgilangan.

Yaratilgan dastur farmonda belgilangan ayrim kamchiliklarni bartaraf qilish, xususan bo’sh joylar mavjud bo’lgan mehmonxonalar va infratuzilma obʼyektlari haqida ma’lumot berib, turizm mavsumida joylar yetishmasligi oldini olish, turli transportlarda yoʼlovchilarni tashish tizimining yetarli darajada muvofiqlashtirish, shuningdek, turistlarni mavjud turizm salohiyati toʼgʼrisidagi maʼlumotlar bilan taʼminlash, ichki turizmni, mamlakat hududlaridagi madaniy meros obʼyektlarining va ziyoratning oʼziga xosliklari haqida yetarli ma’lumot berishga xizmat qiladi.

Shuningdek, dastur xorijiy va mahalliy sayyohlarga Oʼzbekiston boʼylab sayohat qilish vaqtida qulay sharoitlar yaratish, shuningdek tovarlar va xizmatlarni xarid qilishda vaqtni tejash uchun moʼljallangan.
Dasturning funksional imkoniyatlari quyidagilardan iborat:

— mehmonxonalarni bron qilish;

— kvartira va uylarni ijaraga bron qilish;

— transfer xizmatini buyurtma qilish;

— prokatga avtomobil buyurtma qilish;

— shahar va shaharlararo taksi buyurtma qilish;

— milliy hunarmandchilik buyumlarini xarid qilish;

— gidlar xizmatlariga buyurtma qilish;

— havo va temir yoʼl chiptalarini sotib olish;

— SOS tugmasi yordamida tez yordam chaqirish;

— koʼptilli on-line axborot tizimi;

— yagona elektron diskont tizimi;

— sugʼurta polislarini sotib olish.

Statistik maʼlumotlarga koʼra, 2019 yil davomida Oʼzbekistonga 6 748 500 nafar sayyoh tashrif buyurgan, 2018 yilda esa bu koʼrsatkich 5 346 200 kishini tashkil qilgandi. Turistlar oqimi hisobot davriga nisbatan 26,2 foizga oshdi.

Eng koʼp sayyoh Markaziy Osiyo mintaqasidan tashrif buyurgan boʼlib, ularning soni 5 764 500 kishiga yetgan. MDH mamlakatlaridan kelganlar soni 495 600 kishini tashkil qilgan. Uzoq xorijiy mamlakatlardan tashrif buyurchilar soni esa 488 400 ming kishidan iborat boʼlgan.

Sayyohlarning asosiy qismi Qozogʼiston, Tojikiston, Qirgʼiziston, Turkmaniston, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Аfgʼoniston, Xitoy, Koreya Respublikasi, Hindiston kabi davlatlardan tashrif buyurgan.

Oʼzbekistonga tashrif buyurganlar orasida yaqin qarindoshlar va doʼstlarini koʼrishga kelganlar soni 81,8 foizni tashkil etgan boʼlsa, dam olish uchun kelganlar 15,5 foizni, boshqa sabablar, yaʼni, davolanish, xaridlar, tijorat bilan bogʼliq uchrashuvlarda ishtirok etish hamda taʼlim olish maqsadida kelgan xorijliklar soni 2,7 foizni tashkil etgan.

Dastur muallifi Djabbarov Ilyosga “Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va ma’lumotlar bazalarining huquqiy himoyasi to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasining qonuniga ko‘ra DGU 07027 raqamli guvohnoma berildi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq