Matematika va informatika fanlari oyligiga bag‘ishlangan tadbirlar davom etmoqda
24.02.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Shu kunlarda Respublikamiz umumiy o‘rta ta’lim maktablarida mamlakatimiz Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus va “Fevral – Matematika va Informatika fanlari oyligi” doirasida turli seminarlar, qiziqarli tadbir va bellashuvlar o‘tkazilmoqda. Shunday tadbirlardan biri Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi 260-umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Informatika bilimdonlari” tanlovi bo‘lib o‘tdi.

Yunusobod tumani xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi – 233, 260, 271, 313-umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida bellashuv sifatida o‘tkazilgan mazkur tadbir 260-umumiy o‘rta ta’lim maktabi rahbariyati va o‘qituvchilari tomonidan tayyorlandi.

Tadbirda o‘qituvchilar, olimlar, o‘quvchilar va ota-onalar ishtirok etdilar. Tadbir hakamlar hay’ati a’zolari sifatida mamlakatimizning taniqli olimlari: O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, Informatika darsligi va o‘quv qo‘llanmalari muaalifi, fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent, Bahodir Boltayev, Al Xorazmiy nomidagi TATU qoshidagi akademik litsey katta o‘qituvchisi, Xalq ta’limi a’lochisi, DTS, dastur hamda darsliklar, o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar hammuallifi, fizika-matematika fanlari nomzodi – Axat Azamatov, o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar hammuallifi, fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent – Sayyora Rahmonqulova, infoCOM.UZ jurnalidan Marufa Azizovalar ishtirok etdilar.

Mazkur tadbirni o‘tkazishdan maqsad – o‘quvchilarning fanga bo‘lgan qiziqishlarini kuchaytirish, ularning fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, ularda ilmiy dunyoqarashni shakllantirish va kengaytirish, buyuk allomalarimiz hayoti va ijodiga hurmat tuyg‘usini kuchaytirish, milliy g‘urur ruhini tarbiyalash, shuningdek, o‘quvchilardagi mas’uliyat, burchlilik, vatanparvarlik, do‘stlik xislatlarini tarbiyalash, fanlararo integratsiya o‘rnatishdan iborat.

Tadbir 4ta shart asosida o‘tkazildi. Unda fanga oid qiziqarli topshiriqlar berildi va mazkur topshiriqlar bo‘yicha o‘quvchilar tomonidan munosib javoblar olindi. Tadbirning 4-sharti, ayniqsa, juda qiziqarli o‘tdi. Bunda jamoalarga hakamlar tomonidan tayyorlangan savollarga tezkor javob berilishi ko‘zda tutilgandi. Mazkur shartda har to‘rtta jamoa a’zolari tadbirga yaxshi tayyorgarlik ko‘rganliklari va fan sohasida yetarli bilimga ega ekanliklarini ko‘rsatdilar.

Tadbirning tashkil etilishi va o‘tkazilishida informatika fani o‘qutuvchilari: Dilnoza Nabixonova, Dilbar Asrayeva, Sohiba Soibnazarova, Feruza Abzalova, Zumrad Ahmedova, Mehribon Oteyevalar alohida faollik ko‘rsatdilar. Maktab Manaviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Mastura Abduvasilova rahbarlik qilan tadbirning badiiy qismi tadbir mazmunini yanada boyitdi. Tadbir davomida 260-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 2, 6, 7 va 10-sinf o‘quvchilari badiiy hamda sport chiqishlari bilan o‘z qobiliyatlarini namoyish etib, tadbirga ko‘tarinki ruh bag‘ishladilar.

Qiziqarli o‘tgan tadbirda har to‘rtta maktab jamoalari tadbir nominatsiyalari bo‘yicha g‘olib dеb topildi. Jamoalar o‘zlarining munosib tayyorgarliklari, fanga oid bilimlari va topqirliklarini namoyish etdilar. Jamoalar hamda ishtirokchilarga faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq