Aksiyalar qiymati va daromadliligini baholash dasturi yaratildi
23.02.2020
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

“2017-2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasi”dagi muhim vazifalar qatoridan mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlarini tartibga solishda davlat ishtirokini kamaytirish, xorij sarmoyasini jalb qilish, korporativ boshqaruvning zamonaviy standart va yangi usullarini joriy etish, korxonalarni strategik boshqarishda aksiyadorlarning rolini kuchaytirish hamda moliyaviy institutlar, xususan, aholining erkin mablag’larini joylashtirishning muqobil manbai sifatida moliya bozorini rivojlantirish alohida o’rin olgan.

Prezidentimizning 2017-yil 17-yanvardagi “Tadbirkorlik maqsadlarida foydalanish uchun davlat mulki ob’yektlarini sotishni jadalashtirish va uning tartib-taomillarini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmonida esa davlat mulki ob’ektlarini sotishda xalqaro amaliyotda keng foydalanilayotgan, xususan, fond birjasida aholiga va tadbirkorlik faoliyati sub’ektlariga aktsiyalarni birlamchi (IPO) va ikkilamchi (SPO) zamonaviy aksiyalashtirish usullarini oshkora taklif qilishni joriy etish belgilangan.

IPO (Initial Public Offering) emitentning qimmatli qog’ozlari birinchi navbatda keng auditoriyaga taqdim etiladigan aktsiyalashtirish usulidir. Bunda qimmatli qog’ozlar bozorida aksiyalarni sotish va fond birjasida savdo-sotiqni boshlash bilan bir qatorda aksiyadorlik jamiyatlarining aksiyalarini keng miqyosli investorlarga sotish jarayoni amalga oshiriladi. IPOdan so’ng emitentning aksiyalari qimmatli qog’ozlar bozorida erkin aylantirilishi, shuningdek, jamoatchilikka real vaqt rejimida axborot berishi mumkin va bunday aksiyadorlik jamiyati ommaviy tusga ega. Bunda kompaniyani xususiydan ommaviyga o’tkazish afzal bo’ladi.

Xususiy kompaniyalardan ko’ra pulni yanada qulay shartlarda ommaviy aksiyadorlik jamiyatlariga jalb qilish foydaliroq. Bu borada reklama nafaqat kompaniyaning moliyalashtirishdagi yangi manbasiga, ya’ni bozorga kirish imkoniyatini ochibgina qolmay, balki an’anaviy kredit resurslarini olishni ham osonlashtiradi.

Kompaniya aksiyalari fond birjasida savdoga qo’yilganda, ularning qiymati qimmatli qog’ozlar bozoridagi narxi bilan baholanadi. Kompaniya samarali faoliyat yuritishi, ishlab chiqarish va moliyaviy ko’rsatkichlarning yuqori sur’atlarda o’suvchi ochiq va oshkora ulushi investorlar uchun jozibador bo’lib, ular narxining o’sishi anglatadi. Bu esa kompaniya qiymatining oshishiga va har bir aksiyadorning ulushini absolyut darajada ko’tarilishiga olib keladi.

SPO (Secondary Public Offering) esa qo’shimcha aylanma mablag’larni jalb qilishdir. Katta va mashhur brendlar uchun bu “tezkor” pul sanaladi. Ular kompaniya yirik aksiyadorlarining aksiyalarini qisman yoki to’liq sotish natijasida shakllantiriladi. Mavjud aksiyadorlarga tegishli aksiyalarning ommaviy tarzda sotilishi orqali erkin aksiyalar soni ortib boradi. Chunki aksiyalarning umumiy soni o’zgarmaydi, aksiyadorlarning biri o’z aksiyalarini cheklanmagan miqdordagi investorlarga sotadi, aksiyalarni ikkilamchi joylashtirish likvidlikni oshiradi va xorijiy investorlarning qiziqishini kuchaytiradi.

Dasturning ahamiyati shundaki, aksiyalarning real qiymati, aksiyalar bo’yicha daromadni va aksiya emissiyasi hisobiga shakllanadigan kapital bahosini hisoblash uchun mo’ljallangan. Dastur aksiyalarning real qiymati, daromadliligi va kapital bahosini hisoblovchi va hisoblash tartibini ko’rsatib beruvchi 18 ta kalkulyatorni o’z ichiga oladi.

Dasturning funksional imkoniyatlariga oddiy va imtiyozli aksiyalarning real qiymati, daromadliligi va kapital bahosini uch xil model asosida baholash va baholash formulasini ko’rsatish; istalgan korxonaning aksiyalari bo’yicha ma’lumotlarni kiritish va ko’rsatkichlarni baholash kiradi.

Dastur aksiyadorlik jamiyatlari, fond birjasi ishtirokchilari tomonidan hamda moliya sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalarida o’qitiladigan «Moliyaviy menejment», «Korporativ moliya», «Korporativ boshqaruv» va «Moliya bozori» kabi fanlarni puxta o’rganishda ham foydalanilishi mumkin.

Dastur muallifi Qurbonov Javlonbekga “Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va ma’lumotlar bazalarining huquqiy himoyasi to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasining qonuniga ko‘ra DGU 07010 raqamli guvohnoma berildi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq