Bahodir Jalalovich Boltayev 70 yoshda!
18.02.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Boltayev Bahodir Jalalovich, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, darslik va qo‘llanmalar muallifi, ta’lim jarayonini axborotlashtirish sohasi yetakchi mutaxassisi qutlug‘ 70 yoshga to‘ldilar. Bahodir Boltayev respublikadagi informatika mutaxassislari va o‘qituvchilari orasida olim, yetuk mutaxassis sifatida tanilganlar.

Samarali mehnatlari evaziga 2001-yilda davlatimiz rahbarinin farmoni bilan “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” unvoniga muyassar bo‘lganlar.

Bahodir Boltayev turli sohalarga axborot texnologiyalarini joriy etish usullarini keng tatbiq etish bo‘yicha faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Uning yuzdan ortiq chop etilgan ilmiy risolalar va o‘quv adabiyotlarida axborotlashtirishga, modellashtirish va avtomatik boshqarish tizimlariga e’tibor qaratiladi. Jumladan, 1993-o‘quv yilida mahalliy mualliflar tomonidan 8-sinflar uchun “Informatika va hisoblash texnikasi” darsligi chop etildi. Bosqichma-bosqich Bahodir Boltayev hammualifligida 9, 11-sinflar uchun “Informatika va hisoblash texnikasi asoslari” fanidan 3 ta darsliklar, 1994-o‘quv yilidan Informatika fanini 5-sinfdan o‘qitilishi yo‘lga qo‘yilishi munosabati bilan 5-9 sinflar uchun “Informatika va hisoblash texnikasi” darsliklari chop etila boshlandi.

Ish faoliyati davomida, Axborot ta’lim-resurslari, qo‘llanma va plakat majmualari, 8-9 sinflar uchun «Informatika va hisoblash texnikasi asoslari» fanidan elektron darsliklarni, o‘quv filmlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. O‘quvchilarni olimpiadalarga tayyorlash va o‘quv samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan darslikka qo‘shimcha o‘quv adabiyotlar, metodik qo‘llanmalar va fanga oid masala va mashqlar to‘plamlarini chop ettirishda ishtiroki tahsinga sazovor. Mazkur chop etilgan kitoblar informatika fanidan olimpiada va turli ko‘riklarga qatnashuvchi o‘quvchilarga emas, balki ularning murabbiylari uchun ham doimiy xizmat qiladigan qo‘llanmalar bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida mavjud kompyuterlardan dars jarayonida samarali foydalanishda o‘qituvchilarning roli haqida o‘z fikr-mulohazalarini OAV orqali bildirib kelmoqdalar. “Fizika, matematika va informatika” respublika ilmiy-metodik jurnalidagi ish faoliyatida Informatika fan o‘qituvchilariga metodik materiallarni yetkazishda o‘z hissasini qo‘shdi va qo‘shib kelmoqda.

Bahodir Jalolovich Boltayev katta tajribaga ega, yuqori malakali, o‘qitishning zamonaviy usullarini qo‘llashda izlanuvchi, ijodkor metodistdir. Respublikamizdagi maktablarga informatika fanini umumiy o‘rta ta’limga joriy etilishi boshlangandan beri, shu fandan o‘quvchilarga dars berish, Respublikadagi o‘qituvchilarni shu yangi fan bo‘yicha malakasini oshirish, qayta tayyorlash, o‘quv-metodik adabiyotlarni tayyorlash, “Informatika va hisoblash texnikasi asoslari” kursining metodik tahminotini ishlashda jonbozlik ko‘rsatib keldilar. Jumladan, Respublikadagi yetuk amaliyotchi o‘qituvchilarning metodistlik, tarjimonlik, muharrirlik yoki mualliflik sohasidagi ishlarini ommalashtirishga va fanni amaliy ahamiyatini oshirib, hayotga yaqinligini ta’minlab berishda o‘z hissasini qo‘shdilar. Matbuotlar orqali Informatika fanining o‘qitilishi va axborot texnologiyalarini o‘quv jarayoniga qo‘llashning dolzarbligi va uning natijasida o‘quv jarayonida erishilgan yutuqlar haqida baxs-munozaralar olib bordi. Hozirgi kunda, Respublika Ta’lim markazida Informatika fani bo‘yicha Ilmiy metodik kengashda ekspertlik qilib, fanni rivojlantirishida o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Qutlug‘ yoshga kirishi arafasida Bahodir Boltayev bilan uchrashib, undan intervyu olishga muyassar bo‘ldik.

  • “Informatika” fani maktablarda qachon oqitila boshlangan?

O‘zbekistonda 1986-yilda, ya’ni sobiq itifoq davridan boshlab umumiy ta’lim maktablarida “Informatika va hisoblash texnikasi asoslari” fanini o‘qitish joriy etildi. Mustaqillikni qo‘lga kiritilishi munosabati bilan 1992-1993 o‘quv yilida fan dasturi ishlab chiqildi. Shu dastur asosida darsliklarni ishlab chiqish uchun olim, metodist, amaliyotchi o‘qituvchilardan iborat mualliflar guruhi shakllantirildi. Bu esa darsliklarni mazmunan o‘quvchi yoshiga mos usullardan foydalanib, yaratilishi va darsning samarali o‘qitilishida uslubiy yordamini berdi va berib kelmoqda.

2010-yildan boshlab “Informatika” fani deb atala boshlandi. Fan standarti va darsliklar mos ravishda yangilandi.

2014-yildan Davlat ta’lim standartini takomillashtirishi va fan dasturlarini modernizatsiyalash orqali fan nomini “Informatika va Axborot texnologiyasi” deb yuritila boshlandi.

2018-yildan boshlab “Informatika va Axborot texnologiyasi”  fani 10-11 sinflarda o‘kitila boshlandi.

  • “Informatika” fani darsliklari muallifisiz. Darsliklarni yaratishga nima sabab bo‘lgan edi.

Mustaqillik sharofati bilan mahalliy mualliflar tomonidan darslik yaratilishi masalasi ko‘tarilishi darslik yaratishda ishtirok etishimga sabab bo‘ldi. Bir qator mutaxxassislar va olimlar bilan maslahatlashib darslik yaratishga kirishdik. Natidaja 1993-1994 o‘quv yilda respublikada birinchi mualliflar M.Ziyoxo‘jayev, T,R.Azlarov, A.Abduqodirov, A.Daliyev, B.Boltayev tomonidan o‘rta maktablarning VIII, IX cinflari uchun “Informatika va hisoblash texnikasi asoslari” fani bo‘yicha dastur va darslik chop etildi.

Umumiy o‘rta ta’lim maktablarini darsliklar bilan ta’minlash bo‘yicha Osiyo taraqqiyot banki loyihasida ishtirok etib, mualliflar tarkibida 20 kun Buyuk Britaniyada malaka oshirdik. Natijada, yangi DTS va dastur asosida 2000-yili hammualliflikda 8-sinf uchun “Informatika va hisoblash texnikasi asoslari” fanidan darslikni yaratdik. 2001-yili 9-sinfning darsliklari uchun e’lon qilingan tanlovda hammualliflar bilan birga yaratilgan “Informatika va hisoblash texnikasi asoslari” darsligi tanlovga berildi va mazmun tomonidan birinchi o‘rinni egalladi. 11-sinf uchun ‘Informatika va xisoblash texnika asoslari’ darsligi mazkur dastur asosida1998-yili ishlab chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 6-iyundagi “Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, «2005-2009 yillarda umumta’lim maktablari uchun darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar nashr etish dasturi to‘g‘risida»gi 2004-yil 22-noyabrdagi 548-sonli qarorlarini ijrosini ta’minlash borasida qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, takomillashgan DTS va modernizatsiyalashgan dasturga asosan 8-9 sinflar uchun “Informatika va Axborot texnologiyasi” fanidan darslik qayta ishlandi.

  • “Informatika” fani doirasida turli tadbirlar tashkil etilgan va qaysi natijalar sizda katta ta’surot qoldirgan?

Umuman, ta’lim tizimida tashkil etib kelinayotgan o‘quvchilar bilimiga samarali ta’sir etuvchi tadbirlarni Vazirlik tomonidan rag‘batlantirilishi o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun katta yordamdir. Informatikani keng omma ichida targ‘ibot etish maqsadida bir nechta loyihalarni tashkil etildi. Jumladan, “Kompyuter savodxonligi va o‘quv pedagogik dasturlar” ko‘rik tanlovini (1992-2017), “Yosh informatiklar” yozgi maktablarini (1994-2018) o‘tkazdik. 1994-1998 yillar mobaynida Respublika “Kompyuter-shou” teletanlovini tashkil etildi, bu o‘quvchilarimizda mantiqiy fikrlash, muammoli savol javobni hal etishda, chaqonlikni, kitob bilan ishlashni va o‘zlarining dasturiy mahsulotlarini respublika miqyosida ommalashtirishga sabab bo‘ldi.

Informatika fan olimpiadasining respublika bosqichi g‘oliblariga 1992-yildan boshlab 2009-yillar davomida yozgi ilmiy-amaliy oromgohlarni vazirlik tashabbusi bilan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida, Jizzax viloyati Forish, Zomin tumanlavrida tashkil etib kelinishi, yoshlarga qaratilgan g‘amxorlik bo‘lib ularni chet ellardagi olimpiadalarda ishtirok etishga zamin yaratdi. Bu yozgi oromgohlarda akademik, fan doktorlari va fan nomzodlari hamda amaliyotchi ustozlarni ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlarini samarali tashkil etishga erishib keldilar. Ustoz akademiklar V.Q. Qobulov, T.F.Bekmuradov, O‘zbekiston Qahramoni A.Azlarov, fan doktori Sh.Nazirov, fan nomzodlari A.Azamatov, R.Boqiyev, M.Mahkamov, ilg‘or amalyotchi o‘qituvchilar L.Berkasheva, Namangan viloyatidan M.Toshev, Buxoro viloyatidan B.Elov, H.Rustamov, I.Kamalov, Xorazm viloyatidan X.Yodgorov, E.Xudaynazarov va boshqa viloyatlar ilg‘or o‘qituvchilarini birlashtirib, berilgan amaliy yordamlar natijasida tayyorlagan o‘quvchilarimiz chet el olimpiadalarida ishtirok etib keldilar.

2004-yilda “Dasturlash” bo‘yicha o‘quvchilar o‘rtasida Butunrossiya ochiq chempionatida ishtirok etishi uchun maktab jamoalarini tashkil etib olimpiadasida muvaffaqiyatli qatnashdik. 1992-2016 yillar davomida “Ta’lim jarayoniga axborot tahlim resurlari” ko‘rik tanlovi, “Jamoada AKT dan samarali foydalanish” ko‘rik tanlovlarini tashkil etishga erishildi.

  • Hozirgi kunda qaysi kitoblarni nashr etdingiz. Ular haqida ma’lumot bersangiz.

2019-yilda «C++ dasturlash tili asoslari» qo‘llanmasi chop etildi. Dasturlash faqatgina AKT taraqqiyotining emas, balki jamiyat tarraqqiyotining muhim omillaridan biriga aylanganligi tabiiydir. Jamiyat va tabiatdagi obyekt va jarayonlarni modellashtirishda va boshqarishda dasturlash zarurdir. Shuning uchun dasturlash tillarini o‘rganishga e’tibor kuchaymoqda. Mualliflar guruhi tomonidan yaratilgan «C++ dasturlash tili asoslari» qo‘llanmasi C++ dasturini o‘rganmoqchi bo‘lgan o‘quvchi va talabalarga, hamda o‘qituvchilarga foydali bo‘ladi. Qo‘llanma mavzularga doir nazariy va amaliy ma’lumotlarni uz ichiga olgan. Har bir nazariy ma’lumot amaliy mashq, mulohazalar, yechimlar va tavsiyalar asosida taqdim etilgan. O‘quvchi zarur bilim va ko‘nikmalarni amaliy mashq va tavsiyalar yordamida oddiydan murakkabga tamoyili asosida o‘rganadi. Ayni kunlarda qayta nashr etish arafasidamiz. Hozirgi kunda ushbu qo‘llanmaning keyingi murakkabroq masalalarga oid kitobi ustida ishlamoqdamiz.

  • “Informatika” fanining kelajakdagi istiqbollari haqida fikringiz?

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev takliflari asosida 2020-yilni “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb nom berildi. Mazkur taklifni qo‘llab-quvvatlanishining sabablaridan biri asosan inson uchun doimo eng buyuk boylik bo‘lib kelgan, ma’naviyatning ma’no-mazmuni, uning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatidadir. Bu murakkab va serqirra tushunchaning nazariy va amaliy tomonlari har tomonlama keng qamrovli fikr va xulosalar orqali tahlil etishni taqozo etadi. Barchamiz, buni yaxshi anglashimiz lozim. Bu taklifni amalga oshirishimiz va unda qo‘yilgan vazifaning tub mohiyatini o‘quvchilarimizga yetkaza bilishimiz o‘ta dolzarb masaladir. Bu esa ilg‘or chet el tajribasini oqilona o‘rganish va o‘quv jarayoniga qo‘llash jahon miqyosida voqealar shiddat bilan kechayotgan bir paytda, AKTdan unumli foydalanishga va jadal joriy etishga erishish, Internetning beqiyos imkoniyatlaridan kundalik hayotda samarali keng foydalanishga erishish va komil inson maqomini olish uchun axborot xavfsizligini ta’minlashdir. Boshlang‘ich sinfdan boshlab algoritm va dasturlash to‘garaklarini tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash uchun dastur va qo‘llanmalar tayyorlashga erishishdir.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq