My.gov.uz portalida “Hayotiy vaziyatlar” bo‘limi ishga tushdi
17.02.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

2020-yil 13-fevral kuni Abu Rayron Beruniy nomidagi respublika Biznes va boshqaruv oliy maktabi binosida «Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida «Hayotiy vaziyatlar» bo‘limi taqdimoti» mavzusida matbuot brifingi bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentiligi (LBMA) qoshidagi Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi, BMT Taraqqiyot dasturi va Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan tashkil etildi.

Brifingda my.gov.uz portalida ishga tushirilgan “Hayotiy vaziyatlar” bo‘limi taqdimoti o‘tkazildi, bo‘limda ommabop davlat xizmatlaridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar hayotiy vaziyatlar tematik bloklariga guruhlangan. Xozirgi vaqtda bo‘lim 7 hayotiy vaziyatni o‘z ichiga oladi:

1. Farzand tug‘ilishi — Homiladorlik bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish, homiladorlik va tug‘ish ta’tiliga chiqish, ta’til muddati, suyunchi miqdori, tug‘ruqxona xizmatlaridan foydalanish tartibi.

2. Mehnat munosabatlari -Ish qidiryapman, ishga kirishda hujjat rasmiylashtirilishi, ishsizlik nafaqasi, malaka oshirish va qayta tayyorlovdan o‘tishda davlat xizmatlaridan foydalanish.

3. Oila qurish va oilani tugatish -Nikohni rasmiylashtirish, nikoh yoshiga etmagan shaxs bilan nikoh tuzish, nikoh shartnomasi va uni tuzish, nikohni bekor qilish.

4. Pensiya rasmiylashtirish va uni olish — Ish staji hisoblanishi, tasdiqlovchi hujjatlar, pensiyani boshqa turiga o‘zgartirish, ishlovchi pensionerga pensiya to‘lovi.

5. Yashash joyida propiska qilish va ro‘yxatdan o‘tish -Doimiy propiskani olish, propiskadan chiqish, yashash joyi bo‘yicha vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish.

6. Ta’lim — Bolani bog‘chaga berish, maktabga qabul qilish, imtiyozlar, prezident maktablari, oliy o‘quv yurtiga kirish, magistraturada o‘qish.

7. Nogironlarning ijtimoiy himoyasi -nogironlikni rasmiylashtirish, mezonlar, nogironligi bor shaxslar uchun nafaka, pensiya va imtiyozlar.

Matbuot brifingida BMTTD loyihasi koordinatori Bunyod Xashimxodjayev, “Hayotiy vaziyatlar” prinsipi asosida davlat xizmatlarini taqdim etishni soddalashtirish bo‘yicha taqdimot qildi. O‘zbekiston aholisi tomonidan eng talabga ega bo‘lgan hayotiy vaziyatlardan iborat mazkur bo‘lim xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda hamda YaIDXP foydalanuvchilari tomonidan taklif etilgan ommaviy xizmatlar reytingi tahlillari asosida ishlab chiqilganligi ta’kidlab o‘tildi. Mazkur bo‘limning ishga tushirilishi arizachi muammosini turli vazirlik va idoralarga murojaat qilish kabi alohida qismlarga ajratmasdan yaxlit tarzda hal qilish imkonini beradi.

Davlat xizmatlarini “hayotiy vaziyatlar” bo‘yicha guruhlashtirish amaliyoti dunyo mamlakatlarda keng tarqalgan. Masalan, Kanada va AQSh (17 ta hayotiy vaziyatlar), Buyuk Britaniya (16), Avstraliya va JAR (14), Frantsiya (11), Rossiya (9) va Estoniya (6) portallarida ushbu prinsip qullanilgan. Ushbu mamlakatlarda “farzand tug‘ilishi”, “nafaqaga chiqish”, “ish izlash”, “o‘lim” kabi hayotiy vaziyatlar taqdim etilgan.

Bundan tashqari, matbuot brifingida my.gov.uz saytida “Hayotiy vaziyatlar” bo‘limini yaratish bo‘yicha mutaxassislarning bajargan ishlari haqida umumiy hisobotlari taqdim etildi.

“Hayotiy vaziyatlar” bo‘limini yaratish bo‘yicha ishlar LBMA va BMTTDning hamkorlikdagi «Samarali davlat boshqaruvi va raqamli transformatsiyani rivojlantirishga ko‘maklashish» loyihasi doirasida Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi moliyaviy ko‘magida amalga oshirildi.

Tadbir doirasida ishtirokchilar mutaxassislarga savollar berish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq