Matematika va informatika fanlari oyligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi
17.02.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Respublikamiz umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quv yilining har bir oyida ma’lum bir fan oyliklarini o‘tkazish an’anaga aylangan, jumladan, fevral – Matematika va Informatika fanlari oyligi sifatida belgilangan. Fevral oyida mamlakatimizning umumiy o‘rta ta’lim maktablarida shu fanni yanada chuqurroq o‘rganishga oid turli seminarlar, qiziqarli tadbir va bellashuvlar o‘tkaziladi. Shunday tadbirlardan biri kuni kecha Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi 302-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘tkazildi.

Yunusobod tumani xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi ikki maktab o‘quvchilari o‘rtasida bellashuv sifatida o‘tkazilgan mazkur tadbir tumandagi – 235-umumiy o‘rta ta’lim maktabi Informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchisi Maftuna Tursunova va 302-umumiy o‘rta ta’lim maktabi Informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchisi Roziya Rahimovalar tomonidan tayyorlandi.

Tadbirda o‘qituvchilar, olimlar, ilmiy izlanuvchilar, o‘quvchilar va ota-onalar ishtirok etdilar. Tadbir hakamlar hay’ati a’zolari sifatida mamlakatimizning taniqli olimlari: O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, Informatika darsligi va o‘quv qo‘llanmalari muaalifi, fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent, Bahodir Boltayev, Al Xorazmiy nomidagi TATU qoshidagi akademik litsey katta o‘qituvchisi, Xalq ta’limi a’lochisi, DTS, dastur hamda darsliklar, o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar hammuallifi, fizika-matematika fanlari nomzodi – Axat Azamatov, o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar hammuallifi, fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent – Sayyora Rahmonqulova, Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi Aniq va tabiiy fanlar Informatika va axborot texnologiyalari fani metodisti Arabboy Abdullajonov, Yunusobod tumani xalq ta’limi boshqarmasi Aniq fanlar metodisti Odinaxon Ibragimova, infoCOM.UZ jurnali bosh muharriri Marufa Azizovalar ishtirok etdilar.

Tadbirni Toshkent shahar Yunusobod tumani 302-maktab direktori Dilfuza Sa’diyevna Nadjimova ochib berdi.
Mazkur tadbirni o‘tkazishdan maqsad – o‘quvchilarning fanga bo‘lgan qiziqishlarini kuchaytirish, ularning fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, ularda ilmiy dunyoqarashni shakllantirish va kengaytirish, buyuk allomalarimiz hayoti va ijodiga hurmat tuyg‘usini kuchaytirish, milliy g‘urur ruhini tarbiyalash, shuningdek, o‘quvchilardagi mas’uliyat, burchlilik, vatanparvarlik, do‘stlik xislatlarini tarbiyalash, fanlararo integratsiya o‘rnatishdan iborat.

Tadbir 4ta shart asosida o‘tkazildi: 1-shart – buyuk allomalarimizni yod etish mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, bu shartda o‘quvchilar MS Word dasturi yordamida buyuk shoir, adiblarimiz Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur haqida noutbukda matnlar yozdilar. 2-shart. Roboid-Xamster deb nomlangan bo‘lib, mazkur shartda o‘quvchilar Scratch dasturidan foydalanib, xamster robotini belgilangan yo‘nalish bo‘yicha harakatlantirdilar. Bunda robotning berilgan yo‘nalish bo‘yicha to‘g‘ri harakatlanishi baholandi. 3-shart krossvord yechishdan iborat bo‘ldi. Bu shartda guruhlarga krossvord berildi va unga belgilangan vaqt ma’lum qilindi. Tadbirning 4-shart juda qiziqarli o‘tdi. Bu sardorlar baxsi bo‘lib, unda har bir guruh sardori shart bajarish uchun taklif qilindi. Hakamlar tomonidan tayyorlangan 10 ta savoldan iborat blits-so‘rov shaklida o‘tkazilgan bellashuvda har ikki guruh sardori o‘z bilimdonligini ko‘rsatdi.

Tadbir bellashuvlari davomida har ikki maktabning qobiliyatli o‘quvchilari tomonidan qo‘shiqlar va ajoyib raqslar ijro etildi. Qiziqarli o‘tgan tadbirda har ikki maktab o‘quvchilari o‘zlarining munosib tayyorgarliklari, fanga oid bilimlari va topqirliklari bilan teng natijaga erishdilar, ya’ni do‘stlik g‘alaba qozondi!
Tadbir yakunida faol ishtirokchi-o‘quvchilarga esdalik sovg‘alari berildi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq