Innovatsiya vazirligi va “Skolkovo”: Toshkentda startap-turdan MDH mamlakatlarining innovatsion hamkorligigacha
17.02.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Joriy yilning 14-fevral kuni innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov “Skolkovo“ jamgʻarmasi Mintaqaviy rivojlanish va MDH bilan oʻzaro hamkorlik boʻyicha vitse-prezident muovini Aleksandr Okunev boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuv doirasida MDHga aʼzo davlatlar innovatsion hamkorligining davlatlararo dasturi vazifalarini amalga oshirish va ushbu dasturning 2030-yilgacha boʻlgan davrdagi maqsadlarini belgilash boʻyicha muhokamalar boʻlib oʻtdi.

I. Abdurahmonov 2020-yilda Innovatsion rivojlanish vazirligi oʻz faoliyatida ikki asosiy yoʻnalish — iqtisodiyotni raqamlashtirish hamda matematika, kimyo, biologiya va geologiya sohalarida ilm-fanni rivojlantirish urgʻu berishini aytib oʻtdi. Shuningdek, vazir “Skolkovo” bilan hamkorlik doirasida “Yaklass“ loyihasini ishga tushirilgani va Rossiya Federatsiyasi Innovatsiyalarni ragʻbatlantirish jamgʻarmasi bilan qoʻshma startap loyihalar tanlovi eʼlon qilinganini alohida taʼkidladi. Shuningdek, uchrashuvda Skolkovo rezidentlari 2020-yilning kuzida boʻlib oʻtadigan Innovatsion gʻoyalar haftaligi – “Innoweek-2020”da ishtirok etishga taklif qilindi.

A. Okunev, oʻz navbatida, “Skolkovo” jamgʻarmasi nomidan “Skolkovo” innovatsiya markazida “SoftLending” dasturida oʻzbekistonlik kompaniyalar ishtirokini taʼminlagani uchun Innovatsion rivojlanish vazirligiga minnatdorlik bildirdi.

– Ushbu dastur ishtirokchilar uchun foydali boʻlish bilan bir qatorda, oʻzbekistonlik kompaniyalar va “Skolkovo“ loyihasi ishtirokchilari oʻrtasida biznes va ilmiy aloqalarni yoʻlga qoʻyishga xizmat qildi, deb hisoblaymiz, , — dedi Aleksandr Okunev. — “SoftLending“ dasturi ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan loyihalar yuqori darajada ekanini alohida qayd etmoqchiman. Baʼzi jamoalar “Skolkovo“ rezidentlari bilan kelajakda hamkorlik qilishi mumkin“.

Tomonlar 2020-yilning kuzida Toshkentda oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan “startap-tur“ni tashkil etish boʻyicha ish rejasini muhokama qilishdi. Unda ishtirok etish uchun arizalarning qabuli boʻyicha maʼlumotlar joriy yilning aprel oyida eʼlon qilinishi kutilmoqda. Okunev oʻz navbatida Toshkentda boʻlib oʻtadigan startap-turga Markaziy Osiyo davlatlaridan ham startaplarni taklif etish masalasini oʻrtaga qoʻydi.

Uchrashuv davomida Oʻzbekiston Respublikasida “Skolkovo“ loyihasida ishtirok etayotgan kompaniyalarning innovatsion ishlanmalarini joriy etish, yangi ish oʻrinlari yaratish, ishlab chiqarish obyektlarini ochish, yangi ish oʻrinlarini tashkil etish masalasi ham muhokama qilindi. Rossiya Savdo-sanoat palatasining innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish jamgʻarmasi boshqaruvchi hamkori Olga Sereda Oʻzbekiston kompaniyalarining Rossiya bozoriga chiqishiga koʻmaklashishga tayyorligini bildirdi.

Rossiya delegatsiyasi, shuningdek, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Uy-joy kommunal xizmatlar vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi , Investitsiya va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Investitsiya loyihalarini rivojlantirish markazida ishchi uchrashuvlar oʻtkazdi.

A. Okunev Oʻzbekiston irrigatsiya va melioratsiya boʻyicha ilgʻor markaz boʻlib kelganini alohida taʼkidlar ekan, “Skolkovo“ innovatsiya markazida bu sohada mutaxassislar yetishmovchiligi mavjudligini aytib oʻtdi. Shu bois oʻzbek mutaxassislarini “Skolkovo“ga jalb etishni taklif qildi. Shuningdek, Uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligidagi uchrashuvda Rossiya tomoni “Eksimbank”ning Oʻzbekistonda suv tozalash sohasida ishlaydigan “Skolkovo” rezidentlarini qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini yetkazdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasidagi uchrashuv chogʻida “Skolkovo“ jamgʻarmasi vakillari “Skolkovo“ innovatsiya markazining turizm sohasidagi 70 dan ortiq loyihasi mavjudligi haqida soʻzlab berdi. Tomonlar Oʻzbekistonda amalga oshirish uchun mos loyihalarni tanlab olib, ularni joriy qilish masalasini muhokama qildilar. Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi oʻz navbatida Rossiya delegatsiyasi tarkibida muzokaralarda ishtirok etgan Qrepublic kompaniyasi bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq