AKT rivoji — taraqqiyot poydevori
17.02.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Axborot texnologiyalarini davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida keng tatbiq etish hozir eng dolzarb vazifalardan biri bo‘lib turibdi. “Elektron hukumat” tizimini shakllantirish borasidagi sa’y-harakatlar aynan shunga qaratilgan. “Raqamli O‘zbekiston-2030” dasturi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilishi esa taraqqiyotimizning yangi bosqichini boshlab beradi.

Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish davr talabi Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining muhim omillaridan biridir. Shu maqsadda ayni paytda yurtimizda internet va mobil aloqa xizmatlari ko‘rsatish darajasini yuksaltirish bo‘yicha sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Masalan, birgina o‘tgan yilning o‘zida 2 017 ta yangi mobil aloqa baza stansiyasi o‘rnatilishi natijasida O‘zbekistonda mobil aloqa bilan qamrovi 96 foizga va mobil internet tarmog‘iga keng polosali ulanish qamrovi esa 70 foizga yetkazildi. Joriy yilda chekka hududlarda 2 200 ta shunday stansiya o‘rnatish rejalashtirilyapti.

Servis, turizm, savdo va umumiy ovqatlanish ob’ektlarining jozibadorligini oshirish maqsadida barcha diqqatga sazovor joylar, ziyoratgohlar, temir yo‘l vokzallari, aeroportlarda Wi-Fi tarmog‘i orqali internetga ulaniladigan 685 dan ortiq nuqta ishga tushirildi.

Telekommunikatsiya tarmoqlarini yanada rivojlantirish yo‘nalishida operator va provayderlar tomonidan amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar natijasida o‘tgan 2019 yilda xalqaro internet tarmog‘iga ulanishning umumiy o‘tkazuvchanlik qobiliyati 1 200 Gbit/s.ni tashkil etdi. Kommutatsiya markazi orqali 750 Gbit/s tezlikda Internet tarmog‘iga chiqish imkoniyati yaratildi va tarmoqning yuklanish darajasi 76,6 foizga o‘sdi.

2020-yilning 1=yanvaridan operator va provayderlarga Internet xizmatlari uchun tarif o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 34 foizga arzonlashtirilib, 1 Mbit/s uchun 56,0 ming so‘mni tashkil etdi.

2021-yilda barcha ijtimoiy soha ob’ektlari yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlanadi hamda olis chekka hududlardagi aholi maskanlarida ham telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, elektron hukumat, elektron tijorat, xavfsiz va aqlli shahar tizimlarini keng joriy qilish jarayonida ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash uchun har bir hududda data-markazlar faoliyatini tashkil etish zarur. Shu maqsadda xorijiy kompaniyalar bilan birgalikda Toshkentdagi mavjud data-markazni kengaytirish, shuningdek, poytaxtimizda, Qo‘qon va Buxoro shaharlarida mutlaqo yangi data-markazlar qurilishi belgilangan.

Xalqqa xizmat yo‘lida

Aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining davlat organlari bilan to‘g‘rida to‘g‘ri aloqa shakllarini yanada rivojlantirish maqsadida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining yangi versiyasi ishlab chiqildi. Hozir Yagona portal orqali 176 ta elektron davlat xizmati taqdim etilmoqda.

Tadbirkorlar, jumladan, chet el investorlari murojaatlari bilan sifatli va tezkor ishlashni tashkil etish, ular bilan ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni ta’minlash, qonuniy talablarini samarali ro‘yobga chiqarish va muammoli masalalarini hal etish maqsadida Bosh vazirning tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish virtual qabulxonasi — “business.gov.uz” portali ishga tushirildi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini barcha manfaatdor vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga ko‘rib chiqish, elektron raqamli imzodan foydalangan holda kelishish, jumladan, bir vaqtning o‘zida keng jamoatchilik va mutaxassislar muhokamasini o‘tkazish va tezkor jo‘natish uchun vaqtni va mehnat resurslarini sezilarli darajada tejash maqsadida “project.gov.uz” yagona elektron tizimi joriy etildi.

Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida Toshkent shahrida zamonaviy infratuzilmaga ega bo‘lgan dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki — IT-Park barpo etilgani, u o‘zining dastlabki natijalarini bera boshlaganini ta’kidladi. Bunday IT-Parklar Nukus, Buxoro, Namangan, Samarqand, Guliston va Urganch shaharlarida ham tashkil etilyapti.

5 ta muhim tashabbusning uchinchi tashabbusi amalda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning uchinchi tashabbusi doirasida respublika bo‘yicha 22 ta Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etildi. Ushbu Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarini 2020 yilda 80 ta yetkazishga rejalashtirilmoqda. Bundan asosiy maqsad aholining kompyuter savodxonlgini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Mazkur markazlar faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti tomonidan 14-30 yoshdagilar uchun dasturlash asoslari, kompyuter grafikasi, robototexnika, veb va mobil ilovalar yaratishga oid jami 19 ta fan dasturlari ishlab chiqildi.

Mazkur markazlarda jami 3,0 ming nafar tinglovchi o‘quv kurslarini yakunladi, hozir 1,6 ming nafar tinglovchi tahsil olmoqda.

Sohada kadrlar tayyorlash

Sohada ta’lim berishning ilg‘or uslublarini joriy etish, iqtidorli yoshlar salohiyatini yuksaltirish, xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta’lim muassasalari bilan samarali muloqotni tashkil qilish, kadrlar tayyorlashga katta e’tibor qaratilmoqda.

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning hududiy filiallari 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab zamonaviy ta’limning kredit tizimiga o‘tkazildi. Natijada jahon standartlariga moslashtirish uchun o‘quv rejalari yangi fanlar bilan boyitildi, talabalarga fanlarni tanlash erkinligi berildi, professor-o‘qituvchilar va talabalarga akademik mobillik tizimini yo‘lga qo‘yish imkoniyati yaratildi. Hozirgi kunda bu tizimda 9 609 nafar talaba ta’lim olmoqda. Universitetga xorijiy davlatlardan 21 nafar professor-o‘qituvchi jalb qilindi.

2019=yilda universitetda Yaponiya xalqaro hamkorlik tashkilotining 1,6 mln. doll. miqdoridagi texnik granti hisobiga O‘quv media markazi ish boshladi.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 1200 o‘rinli zamonaviy yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Xulosa qilib aytganda, AKT sohasida jadal islohotlar yurtimizning innovatsion taraqqiyotiga keng yo‘l ochib beradi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq