Endi turistik obyektlar sifatini onlayn baholash mumkin
10.02.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Turistik industriya obyektlarida mahalliy va xorijiy turistlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va baholash maqsadida “Turizm xizmatlarini sertifikatlashtirish markazi” Davlat unitar korxonasi tomonidan “QR-so‘rovnoma” loyihasi yo‘lga qo‘yildi.

Markaz tomonidan sertifikatlashtirish jarayonini soddalashtirish, xizmatlar sifatini yaxshilash, sohaga oid yangi davlat standartlarini ishlab chiqish va mavjudlarini mukammallashtirish, shuningdek, axborot texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Xususan, o‘zaro tezkor va qulay axborot almashinuvi uchun bugungi kunda imkoniyatlarni kengaytiruvchi QR-texnologiyalar shular jumlasidandir.

QR-so‘rovnoma – turistik obyektlar ishini baholashning qulay usuli bo‘lib, ularda sayohatchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati to‘g‘risida turistlar fikrini aniqlashga imkon beradi. Bular: mehmonxonalar, xostellar, aeroportlar, temir yo‘l va avtobus vokzallari, restoranlar, kafe, me’moriy yodgorliklar, diqqatga sazovor joylar, muzeylar, teatrlar, tog‘ chang‘isi trassalari va boshqalardir. So‘rovnoma, shuningdek, turoperatorlar, gidlar va tarjimonlar xizmatlariini baholash imkoniyatini ham beradi.

Sayyoh maxsus axborot stikerida aks ettirilgan QR-kodni skanerlash uchun mobil ilovadan foydalangan holda, taqdim etilayotgan xizmatlar sifatini onlayn baholashi mumkin.

O‘z smartfoni yoki planshetidagi maxsus ilova yordamida sayohatchi stikerda joylashtirilgan QR-kodni o‘qiy oladi. QR-kod skanerlangandan keyin mobil qurilma Markaz veb-saytidagi so‘rovnomaga havolani oladi.

Agar QR-kodni skanerlash uchun zarur ilova bo‘lmasa stikerda ko‘rsatib o‘tilgan havola bo‘yicha ham so‘rovnomaga o‘tish mumkin.

Sayyoh so‘rovnomani to‘ldirishi uchun o‘zbek, ingliz yoki rus tillaridan birini tanlab olishi zarur. Keyin o‘zi xizmatlarini baholamoqchi bo‘lgan turistik ob’ekt turini tanlashi lozim.

Shuningdek, xizmat ko‘rsatishda muammolar yuzaga kelganda foydalanish mumkin bo‘lgan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining ishonch telefon raqami ham axborot stikerida ko‘rsatilgan.

Loyihaning birinchi bosqichida axborot stikerlari respublikamizning joylashtirish vositalarida o‘rnatiladi.

QR-so‘rovnoma natijalarining monitoringi har kuni olib boriladi, bu esa muammoli holatlarga tez javob berish va turistlarga xizmat ko‘rsatishda aniqlangan kamchiliklarni muntazam bartaraf etishga imkon beradi.

Turistik industriya obyektlarida sifatli xizmatlar ko‘rsatilishini ta’minlash, sifat ko‘rsatkichlarini yanada oshirish hamda mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish maqsadida tadbirkorlik subyektlari va sayyohlarni QR-so‘rovnoma loyihasida faol ishtirok etishlarini so‘raymiz!

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq