Innovatsion rivojlanish vazirligi YUNISEF bilan raqamli texnologiyalar va blokcheyn sohalarida hamkorlikka kelishdi
30.01.2020
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

2020-yil 28-yanvar kuni Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari Olimjon Tuychiyev YUNISEFning innovatsiyalar boʻyicha bosh maslahatchisi Kristofer Fabian bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Yoshlar ittifoqi raisining oʻrinbosari Farrux Omonov, YUNISEFning Oʻzbekistondagi ijtimoiy siyosat rahbari Yuliya Oleynik va Oʻzbekistondagi “Yoshlar ovozi” loyihasi rahbari Inna Volfson ishtirok etdilar.

Uchrashuvda tomonlar innovatsion rivojlanish, yosh olimlarni va ularning startap loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, mamlakatning olis hududlarida istiqomat qiluvchi aholining taʼlim va robototexnika sohasidagi zamonaviy texnologiyalardan foydalanishini taʼminlash boʻyicha istiqbolli loyihalarni muhokama qilishdi.

Xususan, YUNISEFning innovatsiyalar boʻyicha bosh maslahatchisi, Blokcheyn texnologiyalarini davlat xizmatlari tizimiga integratsiyalash boʻyicha mutaxassisi Kristofer Fabian Oʻzbekiston Respublikasi hukumati tomonidan iqtisodiyotni raqamlashtirish ishlari hamda davlat tomonidan taqdim etilayotgan barcha turdagi ijtimoiy xizmatlar boʻyicha samarali va oʻz vaqtida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga yuqori baho berdi.

Shuningdek, O.Toʻychiyev Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi platformalarida Oʻzbekistonning yosh olimlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berdi. YUNICEF imkoniyatlari va mexanizmlari yordamida yosh isteʼdodlar orasida mazkur platformalar imkoniyatlarini keng yoritish uchun YUNICEF bilan hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar Oʻzbekiston Respublikasida taklif etilayotgan davlat xizmatlarini raqamlashtirish boʻyicha istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda yaqindan hamkorlik qilishga, shuningdek, davlat sektorida Blokcheyn vositalaridan foydalanish istiqbollarini oʻrganishga birgalikda hissa qoʻshishga kelishib oldilar.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq