IT-Park Xitoyning Alibaba Group kompaniyasi va boshqa kompaniyalari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻymoqda
25.01.2020
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Oʻzbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasidagi AKT va dasturiy mahsulotlar sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash doirasida “Aloqabank” ATB, “Oʻzbekiston pochtasi” AJ va “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” (IT-Park) MChJ mutaxassislari ishtirokidagi delegatsiya 2020-yil 14-yanvardan 17-yanvargacha Xitoy Xalq Respublikasining Pekin shahrida boʻlishdi.

Bizning delegatsiyamiz tomonidan XXRʼning bir qator IT-kompaniyalari va tashkilotlari, jumladan “Alibaba Group”, “ZTO Express”, “FreshHema”, “Puppyoo Electronics”, “Bieke”, “Creative Development Department of Cultural Center” bilan muzokaralar olib borildi. Tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasining tadbirkorlik va startaplar ekotizimini mukammallashtirish borasidagi imkoniyatlari, xususan, IT-kompaniyalar va IT-Park uchun qulay sharoitlar yaratilgan elektron tijorat sohasidagi imkoniyatlar namoyish etildi, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

“Alibaba Group” kompaniyasi bilan uchrashuv yakunida tomonlar elektron tijorat sohasida oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish, Oʻzbekistonda oʻzbek tovarlari va elektronika mahsulotlarini eksport qilish uchun onlayn-platformalarni takomillashtirish, mahalliy brendlarni Xitoy bozoriga olib chiqish maqsadida onlayn-doʻkonlar uchun inkubator yaratish, Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi va hunarmandchilik mahsulotlari uchun Taobao qishlogʻining biznes-modelini joriy etish va integratsiyalash, shuningdek, Oʻzbekiston bozorini oʻrganish boʻyicha hamkorlikda tadqiqotlar oʻtkazish boʻyicha barcha imkoniyatlardan keng foydalanishga kelishib oldilar.

“Bieke” va “Puppyoo Electronics” bilan muzokaralar davomida tomonlar elektron tijoratni va Oʻzbekistonning startap ekotizimini rivojlantirish boʻyicha tavsiyalar olish, shuningdek, IT-Parkning startap loyihalarini Xitoy bozoriga olib chiqish boʻyicha hamkorlik qilish haqida kelishib oldilar. “Bieke” rahbariyati delegatsiyamiz tomonidan bildirilgan taklifni qabul qildi va kelgusida hamkorlik qilishga, Oʻzbekiston bozoriga kirish va IT-Parkning rezidenti maqomini olish imkoniyatlariga qiziqish bildirdi.

Tomonlar “FreshHema” kompaniyasi bilan Xitoyning onlayn-tijorat sektoridagi texnologiyalarni uzatish va maʼlumot almashish shaklida kelgusida hamkorlik qilish toʻgʻrisida kelishib oldilar. Bundan koʻzlangan maqsad Oʻzbekistonda ularning tajribasini joriy etish boʻldi. Tomonlar, shuningdek, Oʻzbekiston mahsulotlarini ugurji shaklda Xitoyga yetkazib berish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

“ZTO Express” kompaniyasi bilan olib borilgan muzokaralar yakunlari boʻyicha tomonlar Xitoydan Oʻzbekistonga tovarlarni yetkazib berish muddatlari va yoʻnalishlarini kelgusida yanada yaxshilash boʻyicha hamkorlik qilish va shu maqsadda elektron tijorat platformalarini joriy etish, takomillashtirish va optimallashtirish toʻgʻrisida kelishib oldilar.

“Creative Development Department of Cultural Center” tashkiloti bilan tomonlar madaniyat va turizm sohasini yanada rivojlantirish maqsadida Oʻzbekistonda va Xitoyda tadbirlar va koʻrgazmalar tashkil etishga, turizm yoʻnalishi boʻyicha axborot texnologiyalari sohasida yangi loyihalarni ishlab chiqishga, turizm sohasida xizmatlarni raqamlashtirish va toʻlov tizimlarini integratsiyalash boʻyicha yagona platforma yaratish masalasini koʻrib chiqishga, shuningdek Oʻzbekiston muzeylari va madaniy obʼyektlarining infratuzilmasini rivojlantirish va ulardan foydalanishni yanada yaxshilash uchun Xitoy Savdo vazirligini jalb qilish masalasini koʻrib chiqishga kelishib oldilar.

Xitoy kompaniyalari va tashkilotlari vakillari Oʻzbekiston Respublikasida axborot texnologiyalari sohasida jadal rivojlanish kuzatilayotganini taʼkidlab oʻtdilar, shuningdek hamkorlik va ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga xohish bildirdilar.

Maʼlumot uchun:

Alibaba Group – bu Xitoyning transmilliy kompaniyasi boʻlib, u onlayn va mobil tijorat sohasidagi yetakchi kompaniyalardan biri, shuningdek u dunyodagi eng yirik venchur va investitsiya kompaniyasi hisoblanadi. Uning asosiy aktivlari quyidagilardan iborat: Taobao Marketplace – mahalliy isteʼmolchilar uchun xizmat koʻrsatuvchi platforma; Tmall – brendlar va chakana sotuvchilar uchun Xitoyning onlayn platformasi; Alibaba.com – kichik biznes uchun xalqaro tanlov platformasi; Alibaba Cloud Computing – bulutli hisoblash va maʼlumotlarni boshqarish uchun platformalar ishlab chiquvchisi; Alipay – Xitoyning onlayn va mobil toʻlov tizimi; 1688.com – onlayn ulgurji bozor; AliExpress – chakana savdo.

Puppy Appliance Co., Ltd (Puppyoo) kompaniyasi birinchi darajali va yuqori sifatli uy tozalash vositalarini loyihalashtiradi va ishlab chiqaradi. Deyarli 20 yildan buyon Puppyoo Xitoy elektron texnikasi segmentidagi yetakchi kompaniya hisoblanadi va hozirda u 200 dan ortiq texnik patentga ega. Puppyoo mahsulotlari dunyoning 86 ta mamlakatida, shu jumladan MDH mamlakatlarida, shuningdek, Amazon, eBay, Aliexpress va Bringly.ru kabi yetakchi onlayn-platformalarda sotiladi.

“Beike” kompaniyasi 2018-yil boshida tashkil etilgan va Xitoydagi eng yangi, eng aqlli va texnologik jihatdan rivojlangan koʻchmas mulk platformasi hisoblanadi. U foydalanuvchi bilan oʻzaro aloqani yaxshilash uchun ishlab chiqilgan boʻlib, agentlarga resurslardan masofali va samarali foydalanishga imkon beradi. Hozirda Beike Overseas 11 ta mamlakatni qamrab olgan va kelgusi bir necha yil ichida Beike Xitoyning 300 dan ortiq shaharlarini qamrab olishni va 100 mingdan ortiq hamkorlarga franshiza taqdim etishni va bu bilan koʻchmas mulk boʻyicha 100 mingta filialni va 1 millionta agentni birlashtirishni va 200 milliondan ortiq koʻchmas mulk birligiga xizmat koʻrsatishni rejalashtirmoqda.

FreshHema – bu Alibaba onlayn-riteyleriga tegishli boʻlgan Xitoyning chakana savdo tarmogʻidir. Uning asosiy maqsadi bu onlayn buyurtma asosida yetkazib berish xizmatiga ega yuqori texnologiyali kun-u tun ishlaydigan supermarket, yangi mahsulotlar bozori, restoran va omborni yagona belgi ostida bilan birlashtirishdir. Hema doʻkonlari odatda yirik savdo markazlarida joylashgan.

ZTO Express (Cayman) Inc. – Xitoyning tezkor yetkazib berish boʻyicha eng yirik kompaniyasidir. U Xitoydagi 96% dan ortiq viloyatlar va shaharlarda yetkazib berish xizmatini amalga oshiradi. Elektron tijoratning oʻsishi tufayli u jahon bozoriga chiqishga va butun dunyo boʻylab tezkor yetkazib berish xizmatlaridan biriga aylanishga muvaffaq boʻldi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq