Innovatsion rivojlanish vaziri “NAPA” texnoparki tashkil etilishining birinchi bosqichi natijalari bilan tanishdi
20.01.2020
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Joriy yilning 18-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov va vazir o‘rinbosari Olimjon To‘ychiev innovasion rivojlantirish orqali biznes jarayonlarini avtomatlashtirish sohasida faoliyat yurituvchi “NAPA TEAM” kompaniyasining texnopark tashkil etish loyihasining birinchi bosqichida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishish, shuningdek, manfaatli masalalarni muhokama qilish maqsadida kompaniyaning yangi qurilgan binosiga tashrif buyurdi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitet hududida joylashgan mazkur binoda hozirgi vaqtda “NAPA TEAM” axborot texnologiyalari sohasidagi “NAPA Edu Hub” ta’lim loyihasini amalga oshirmoqda. Ushbu akademiya bir yil davomida 5 ta yo‘nalish, ya’ni ­ dasturlash, raqamli marketing, dizayn, loyihalashtirish, boshqaruv bo‘yicha keng qamrovli vazifalarni amalga oshirishga qodir (fullstack) mutaxassislarni tayyorlash bilan shug‘ullanadi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi rahbariyatining tashrifi davomida NAPA texnoparkini tashkil etish imkoniyatlari, kelgusi vazifalar hamda kelajakda texnoparklarni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari muhokama etildi. Texnopark tashkil etish loyihasi 5 yilga mo‘ljallangan 3 bosqichdan iboratdir.

Ushbu loyihani amalga oshirishning birinchi bosqichida chet ellik o‘qituvchilar va amaliyotchilarni jalb etgan holda “NAPA Edu Hub” ishga tushirildi. Mazkur loyihada o‘quv jarayonlari chet ellik hamkorlar tomonidan ishlab chiqilgan innovasion ta’lim tizimi orqali amalga oshiriladi va yuqori sifatli o‘qitishni kafolatlaydi. Bu esa bitiruvchilarga o‘z sohalarida ish topishga imkon beradi.

Shuningdek, startap kompaniyalarini samarali faoliyat yuritishlari maqsadida o‘quv kurslari tashkil etildi, IT sohasida yangi loyihalarni joriy etish uchun kovorking xizmatlar tizimi ishga tushirildi, shuningdek, umumiy maydoni 1500 m2 bo‘lgan, mahorat darslari, treninglar, seminarlar va boshqa tadbirlar o‘tkazish uchun mo‘ljallangan ekotizim yaratildi.

Kelgusida Toshkentda NAPA texnoparkini barpo etish, shuningdek, O‘zbekiston hududlarida NAPA texnoparkining filiallarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Tashrif davomida, Innovasion rivojlanish vaziri I. Abdurahmonov vazirliklar va idoralar xodimlaridan tashkil topgan davlat xizmatchilari uchun malaka oshirish kurslari va treninglar tashkil etish, shuningdek, axborot texnologiyalari sohasida mahalliy va chet ellik mutaxassislar o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida taklif berdi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq