Yangi yil arafasida fan va robototexnika olimpiadalari gʻoliblari taqdirlandilar
28.12.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

26-dekabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktab-internatida fan va robototexnika olimpiadalarida faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan yoshlarni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda faol oʻquvchilar, ota-onalar, ustoz va murabbiylar ishtirok etdi.

Joriy yil 15-dekabr kuni Toshkentdagi Inxa universitetining filialida Amerika Qoʻshma Shtatlarining Oʻzbekistondagi elchixonasi tomonidan umumtaʼlim maktablarining 3-11 sinf oʻquvchilari oʻrtasida matematika fani boʻyicha “Math League” xalqaro olimpiadasi tashkil etildi. Ushbu olimpiadada birinchi va ikkinchi oʻrinlarni qoʻlga kiritgan Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktab-internatining 7-sinf oʻquvchilari Murodali Kuchimov va Jahongir Roʻziqulov hamda ularning ustozi Nargiza Elova Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari Olimjon Toʻychiyev tomonidan faxriy yorliq va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Shuningdek, 2019-yilning 23-noyabr kuni Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan kimyo fani boʻyicha “6 th International Chemical Competition” xalqaro onlayn olimpiadasida Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar maktab-internatining 10-sinf oʻquvchisi Durdona Muxtorxoʻjayeva va 9-sinf oʻquvchisi Azimjon Jamolov kumush medal, 9-sinf oʻquvchisi Jasur Raxmatullayev bronza medal sohibi boʻldilar. Shu munosabat bilan olimpiada gʻoliblariga va ularning ustozi Behzod Boltayev ham vazirlikning faxriy yorliq va qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Tadbirda ishtirok etgan ota-onalar hukumat tomonidan oʻquvchilarga yaratilgan imkoniyatlar, ixtisoslashtirilgan maktab-internatlaridagi sharoitlar va taʼlim sifatini hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan boʻlajak olimlarga qaratilayotgan eʼtiborni ijobiy baholab, oʻzlarining minnatdorchiliklarini bildirdilar.

Robototexnika sohasida Taylandda boʻlib oʻtgan “21th International Robot Olympiad 2019” xalqaro robototexnika olimpiadasida faol ishtirok etib, 1 ta oltin, 1 ta kumush va 5 ta bronza medallarini qoʻlga kiritgan Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi. Mazkur olimpiadada oltin medalga munosib koʻrilgan loyihani rivojlantirish uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 15 mln. soʻm miqdoridagi grant mablagʻi ajratilgani toʻgʻrisida sertifikat topshirildi.

Tadbir davomida oʻquvchilar robototexnika sohasidagi yosh olimlar bilan suhbatlashish hamda oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob olish imkoniga ega boʻlishdi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq