Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi xalqaro robotexnika musobaqasida birinchi oltin medalni qoʻlga kiritdi
25.12.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy amaliy markazi xodimlari boshchiligidagi Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi 15-20-dekabr kunlari Chiangmay (Tailand) shahrida boʻlib oʻtgan “The 21th International Robot Olympiad 2019” xalqaro robototexnika olimpiadasida ishtirok etdi.

Maʼlumki, Robotlar sohasiga qiziquvchi yoshlarning iqtidorlarini rivojlantirishni oʻz oldiga maqsad qilib olgan International Robot Olympiad Committee (IROC) tomonidan 1999-yildan buyon har yili tashkil etiladigan musobaqalarda dunyo boʻylab 50 mingdan ortiq maktab oʻquvchilari jalb etilib kelmoqda. Galdagi musobaqaga mezbonlik qilgan Tailand shahrida 20 dan ortiq davlatlardan kelgan mingdan ortiq ishtirokchi oʻz bilim va iqtidorlarini namoyish etishdi.

Musobaqa qoʻyidagi yoʻnalishlarda boʻlib oʻtdi:

Tag-Out — bu yoʻnalishda raqiblar oʻzlari yaratgan robotlarini belgilangan toʻsiqlarga tegmagan holda harakatlantirib, bir-birlarini oʻyin maydonchasidan tezroq siqib chiqarishga harakat qilishadi. Bunda qatnashchilardan strategik tahlil qila olish qobiliyati va oʻta ehtiyotkorlik talab qilinadi.

MissionChallenge — sirli vazifa hisoblanib, uning shartlari faqat musobaqa boshlangan vaqtda eʼlon qilinadi. Bunday holatda yoshlarning robototexnika boʻyicha olgan bilimlarini kutilmagan vaziyatlarda qoʻllay olishlari sinovdan oʻtkazildi.

Tag-Outjunior yoʻnalishida 14 ta davlatdan ishtirokchilar qatnashib, ular orasidan oʻzbekistonlik Firdavs Rajabov 1-oʻrinni, Shahboz Shavkatov 2-oʻrinni egalladi.

“Creativity” yoʻnalishida qishloq xoʻjaligi sohasida foydalaniladigan robot yaratib, Behruz Berdiyev , Humoyun Haydarov, Shavkat Abdurahmonov 3-oʻrinni, Line-following yoʻnalishida Shahboz Rajabov, Azizbek Shokirov 3-oʻrinni egalladi. Musobaqa yakuniy natijalariga koʻra, mamlakatimiz ishtirokchilari umumiy hisobda 7 ta medalni qoʻlga kiritishdi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq