16 yoshgacha bo‘lgan jismoniy shaxslarni yagona identifikatorini joriy etish bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi
21.12.2019
Rukn: Коnferensiyalar, seminarlar va taqdimotlar.
Muallif: .

2019-yil 20-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi majlislar zalida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) va Agentlik huzuridagi Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz) ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Matbuot anjumani ishtirokchilari, «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, 2020-yilga rejalashtirilgan tadbirlar, tug‘ilishni ro‘yxatga olish, 16 yoshgacha bo‘lgan shaxslar uchun yagona identifikatorni joriy etish bo‘yicha taklif etilayotgan usullar bilan tanishdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Mirziyoyev Shavkat Miromonovichning topshirig‘iga binoan, Markazda, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar va O‘zbekiston Respublikasida yashash huquqiga ega bo‘lmagan xorijiy fuqarolar uchun JShShIRni (Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami) shakllantirish va tayinlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida, qator ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, masofadan turib davlat va bank xizmatlarini joriy etish va ommalashtirish maqsadida, biometrik ma’lumotlardan foydalangan holda masofadan turib, identifikatsiya qilish xizmatlarini joriy etishni hisobga olgan Yagona identifikatsiya tizimining yangi talqinini ishlab chiqish va joriy etish rejalashtirilgan.

Matbuot anjumani doirasida elektron hukumat sohasidagi yutuqlar va asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari, 2020-yilga mo‘ljallangan elektron hukumat tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha rejalashtirilgan tadbirlar, jumladan:

— interaktiv davlat xizmatlarini ko‘rsatish kanallarini kengaytirish (telegram-bot, IVR, USSD va boshqalar);

— kommunal xizmatlarni ko‘rsatuvchi tashkilotlarning xizmatlarini «bir nuqtadan» turib ko‘rsatuvchi loyihani ishlab chiqish va amalga targ‘ib etish. Jumladan, ushbu loyihada iste’molchilar bilan elektron shakldagi ofertani qabul qilish orqali shartnoma tuzish, kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga ko‘chmas mulk obyektiga kiritilgan va ro‘yxatdan o‘tganlar soni bo‘yicha o‘zgarishlar bilan bog‘liq ma’lumotlarni onlayn taqdim etish ta’minlanadi;

— turli xil hayotiy vaziyatlarda aholini xabardor qilish maqsadida, mobil tarmoq abonentlarining shaxsiy ma’lumotlarini Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JShShIR) bilan bosqichma-bosqich bog‘lashga oid ma’lumotlar taqdim etildi.

Xususan, bola tug‘ilishi misolida, hayotiy vaziyatlarda kompozit xizmatlarni joriy etish mexanizmi batafsil tushuntirib berildi.

Tug‘ilishni ro‘yxatga olishning hozirgi holati: ma’lumotnoma olish, davlat xizmatlari markaziga tashrif buyurish va tug‘ilish to‘g‘risidagi guvohnomani olish, keyin tug‘ruqxonaga qaytish, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani ko‘rsatish va faqat shundan keyingina farzandni uyga olib ketish mumkin ekanligi qayd etib o‘tildi.

Taklif etilayotgan mexanizmga ko‘ra, bola tug‘ilgandan so‘ng darhol JShShIR (jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami) generatsiya qilinadi va biriktiriladi, bolaning JShShIRi ota-onaning JShShIRiga biriktiriladi va elektron ko‘rinishdagi tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma shakllantiriladi. Undan so‘ng, yangi tug‘ilgan chaqaloqning elektron tibbiy kartasi shakllantiriladi va olingan emlashlar to‘g‘risida ma’lumotlar kiritiladi. Keyinchalik, bir martalik tug‘ish uchun beriladigan nafaqa tayinlanadi, ma’lumotnoma avtomatik ravishda rasmiylashtiriladi, nafaqa bankka murojaat qilinganda naqd pul ko‘rinishida yoki bank kartasiga o‘tkazish yo‘li bilan taqdim etiladi. Ushbu mexanizm bolani avtomatik tarzda bolalar bog‘chasiga navbatga qo‘yish imkonini ham beradi.

Uchrashuvning e’tiborli tomonlaridan biri, 16 yoshgacha bo‘lgan shaxslarni ro‘yxatga olish uchun yagona identifikatorni joriy etish mexanizmini takomillashtirishga bag‘ishlangan maxsus videofilmning namoyish etilishi bo‘ldi.

Matbuot anjumani yakunida Agentlik va Markaz vakillari ommaviy axborot vositalari vakillari va bloggerlarning savollariga javob berishdi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq