Koreya bilan Elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha ilmiy markaz ochish va $2 mln. miqdorida sarmoya kiritish to‘g‘risida kelishuv imzolandi
19.12.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

2019-yil 17-dekabr kuni Koreya Respublikasining Sedjong shahrida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (keyingi o‘rinlarida – Agentlik) va Koreya Respublikasining Davlat boshqaruvi va xavfsizligi vazirligi o‘rtasida Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot bo‘yicha hamkorlikdagi Markaz (keyingi o‘rinlarda – Markaz) ochilishiga oid Kelishuv imzolandi.

Ushbu kelishuv, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil-29 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4301-sonli qarori ijrosini ta’minlash doirasida imzolandi.

Tadbir davomida tomonlar, tashkil etilayotgan Markaz elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdilar.

Imzolangan hujjatga ko‘ra, Koreya tomoni O‘zbekiston Respublikasining elektron hukumatini rivojlantirish uchun 2 million dollar miqdorida beg‘araz yordam ko‘rsatadi.

Koreya tomoni elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot sohasidagi uchta yuqori malakali xodimlarni, Markazda 3 yil davomida, doimiy ravishda ishlash uchun yuboradigan bo‘ldi.

Toshkentda Markazning rasmiy ochilish marosimi 2020-yil yanvar oyi oxiriga rejalashtirilgan.

Ta’kidlanishicha, Markaz Koreya tajribasiga asoslanib, O‘zbekistonda elektron hukumat (keyingi o‘rinlarda — EH) va raqamli iqtisodiyot (RI)ni rivojlantirishda ekspert sifatida qo‘llab-quvvatlash uchun xizmat qiladi.

Bundan tashqari, 18-dekabr kuni Koreya Respublikasi Davlat boshqaruvi va xavfsizligi vazirligida diplomatik vakolatxonalar uchun Koreyaning raqamli hukumati yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va unda Agentlik direktori o‘rinbosari Pak Vyacheslav boshchiligidagi agentlik delegatsiyasi faxriy mehmonlar sifatida ishtirok etishdi.

Tadbirda davlat idoralari va xususiy kompaniyalar vakillaridan tashqari, Ozarbayjon, Belarusiya, Tunis, Turkiya va boshqa mamlakatlarning Favqulodda va Muxtor elchilari, shuningdek, 20 dan ortiq diplomatik vakolatxonalar, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi elchixonasi diplomatlari ishtirok etishdi.

Sessiya ikki qismdan tashkil topgan bo‘lib, ular Koreyaning elektron hukumat dasturlari va elektron hukumatning xalqaro hamkorlik dasturlari bilan tanishtirishga mo‘ljallangan. Jumladan, uzluksiz ta’lim kurslari va hamkorlik shakllari namoyish etildi. O‘zbekiston Respublikasi nomidan spiker sifatida Agentlik qoshidagi Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi direktorining maslahatchisi Ruslan Sultanov ishtirok etdi.

Chiqish davomida koreyalik sheriklar bilan hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari va O‘zbekistonda EH sohasida amalga oshirilgan ishlar qayd etildi, shuningdek, Toshkentda Elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha ilmiy markaz bir oydan so‘ng ochilishi to‘g‘risida qayd etib o‘tildi.

Shuningdek, Davlat boshqaruvi va xavfsizlik vaziri bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha keyingi harakatlar masalalari muhokama qilindi.

Ushbu tadbir elektron hukumat, raqamli texnologiyalar va xalqaro aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashishga xizmat qilgan munozaralar maydonchaga aylandi.

Ma’lumot uchun: Koreya raqamli hukumati yig‘ilishi har yili Koreya Respublikasidagi hamkor davlatlarining diplomatik vakillari uchun o‘tkaziladi. Tadbirning asosiy maqsadi elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot sohasida tajriba almashish, Koreyaning raqamlashtirish sohasidagi ilg‘or tajribalarini muhokama qilish va Koreyaning axborot texnologiyalari sohasidagi xalqaro hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlari bilan tanishishdir.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq