Oʻzbekistonda milliy antiplagiat portali joriy etiladi
17.12.2019
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Joriy yilning 12-dekabr kuni Toshkent moliya institutining majlislar zalida Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusiga koʻra Polshaning “Plagiat. Pl” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Innovatsion rivojlanish vazirining birinchi oʻrinbosari v.b. Sharof Rajabbayev qatnashdi. Shuningdek, oliy taʼlim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalaridan 60 nafardan ortiq respublikaning ilmiy salohiyatini oshirishdan manfaatdor boʻlgan vakillar ishtirok etdilar.

Maʼruzachilar ushbu kompaniyaning Polsha va Yevropa Ittifoqidagi ilm-fan va taʼlimdagi koʻchirmachilikning oldini olish boʻyicha tajribasi va faoliyati, universitetlar uchun amaliy misollar bilan taklif etilayotgan kompleks yechimlar toʻgʻrisida taqdimot oʻtkazishdi. Ushbu tadbirning ahamiyati ayniqsa, yosh tadqiqotchilar uchun beqiyos boʻldi, ular ilmiy maqolalarni nashr ettirishda antiplagiat tizimlaridan foydalanish tartibi, shartlari, afzalliklari va ahamiyati bilan tanishdilar.

Tadbirda, shuningdek, Respublikadagi mavjud ilmiy nashrlar reytingini dunyo miqyosida oshirish va Scopus bazasiga kirish maqsadida “Plagiat.Pl” kompaniyasi bilan hamkorlik qilayotgan “Geliotexnika” xalqaro ilmiy-texnik jurnalining tajribasi ham namoyish etildi. Uchrashuvda antiplagiat tizimlarini oliy taʼlim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarida joriy etish, Oʻzbekistonda davlat tilidagi ilmiy nashrlarning yagona maʼlumotlar bazasini yaratish lozimligi masalasi koʻtarildi va bu mavzu qizgʻin bahs-munozaralarga sabab boʻldi.

Uchrashuv natijalariga koʻra referatlar, maqolalar, dissertatsiyalarning yagona maʼlumotlar bazasini tashkil qilish hamda ilmiy jurnallarning natijadorligi va samaradorligini baholashni amalga oshirish maqsadida respublikada chop etiluvchi ilmiy jurnallar matnlarini oʻzida jamlagan veb-portal yaratish maqsadga muvofiq ekanligi aytib oʻtildi. Bu yurtimiz ilmiy salohiyatini oshirish, ilm-fan va taʼlim sohasida plagiatga qarshi kurashishning huquqiy asosini tashkil etish, akademik va oliy taʼlim tizimida koʻchirmachilikka qarshi kurashishni kuchaytirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Jahonda mavjud ilmiy nashrlar bazalari talablari asosida ilmiy nashrlarning aslligi, haqiqiyligini aniqlovchi “Antiplagiat tizimi”ni joriy qilish va ilmiy maqolalarga havolalar koʻrsatkichini oʻzida aks ettiruvchi “Yagona milliy havolalar koʻrsatkichi”ni shakllantirish masalalari boʻyicha kelishuvga erishildi. Bu oʻz navbatida, ilmiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi tadqiqotchilar, olimlarning Xirsh va RINS boʻyicha koʻrsatkichlarining oshishiga, mamlakatimizning ilm-fanning turli sohalarida dunyo miqyosidagi nufuzini oshirishga xizmat qiladi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq