O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ogohlantiradi!
12.12.2019
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Bugun davr shiddat bilan ilgarilab bormoqda. Barcha sohalar jadal rivojlanib, insoniyat uchun ko’plab qulayliklar yaratilmoqda. Ayniqsa, global internet tarmog’i odamlarning uzog’ini yaqin qilishga xizmat qilayotgani e’tiborga molik holat sifatida baholanayotir. Ammo, tanganing ikki tomoni bo’lgani kabi, internet tarmog’i orqali bugun g’arazli niyatlarni ko’zlab noto’g’ri va noxolis axborot tarqatilayotgani, turli kiberhujumlar, firibgarliklar sodir etilayotgani ham ayni haqiqatdir.

So’nggi paytlarda fuqarolarimiz tomonidan pornografik foto va video mahsulotlarni targ’ib qiluvchi internet resurslaridan foydalanish jarayonida boshqa shu kabi resurslarga avtomatik tarzda o’tib ketish orqali “O’zbekiston Respublikasi IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurash bo’limidan bildirishnoma” sarlavhasi ostida sizib chiquvchi oynada foydalanuvchining taqiqlangan saytlarga kirgani sababli go’yoki IIV tomonidan u 200 000 so’m (ayrim hollarda 300 000 so’m) miqdorida jarimaga tortilgani va “Webmoney” elektron to’lov tizimi orqali davlat hisobiga to’lovni amalga oshirilishi lozimligi, aks holda qurilmada saqlangan kontaktlarga foydalanuvchining pornografik foto va video mahsulotlar joylashtirilgan internet resurslaridan foydalangani haqida hodisa bayoni hamda foydalanuvchiga jarimani to’lashi talabi bilan SMS хabar yuborilishi haqida ma’lumot paydo bo’lmoqda. Shu bilan birga, foydalanuvchilarning internet veb brauzeri blokirovka holatiga tushib qolmoqda.

Ta’kidlab o’tilgan holatlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz:

– O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tarkibida “Kiberjinoyatlarga qarshi kurash bo’limi” nomi bilan faoliyat yurituvchi bo’lim yoki bo’linma mavjud emas;

– “Webmoney” to’lov tizimida O’zbekiston Respublikasi IIV tarkibiy va hududiy tuzilmalari elektron hamyonlariga ega emas.

Shunga muvofiq, fuqarolarimizni internet tarmog’idan foydalanayotganda bu kabi salbiy holatlarga duch kelmasligi uchun firibgarlarning aldoviga ishonib qolmaslikka chaqiramiz.

Bugungi kunda yuqorida ta’kidlab o’tilgan holatlar yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilayotganligini ma’lum qilamiz.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq