Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
03.12.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari, soʻz va axborot erkinligini taʼminlash, fuqarolarning axborot olishga boʻlgan konstitutsiyaviy huquqlarini kafolatlash borasida yetarli darajada qonun hujjatlari qabul qilinib, sohaning mustahkam huquqiy bazasi yaratildi.

Shu bilan birga, matbuot, ommaviy axborot vositalari, axborot tarqatish, aholini xolis va tezkor axborot bilan taʼminlash, mamlakatimizda sodir boʻlayotgan yangiliklarni chet davlatlarga, chet davlatlardagi voqea-hodisalarni mamlakatimiz aholisiga tezkorlik bilan yetkazish boʻyicha amaldagi tizim bugungi kun talablariga javob bermayapti.

Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning asl mazmuni

>va mohiyati haqida xolis xabarlarni aholining barcha qatlamlariga hamda dunyo hamjamiyatiga tezkorlik bilan va sifatli yetkazish, milliy axborot makonini rivojlantirish, global axborot maydonida respublikaning oʻrnini yanada mustahkamlash, shuningdek, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (keyingi oʻrinlarda – OʻzA) respublika hayotiga oid ijtimoiy-siyosiy axborotlarni tarqatuvchi rasmiy axborot agentligi ekanligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. OʻzAning asosiy vazifalari va faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:

yurtimizning ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid rasmiy maʼlumotlarni izlash, olish, qayta ishlash hamda axborot, axborot-tahliliy, tahliliy-tanqidiy materiallar tayyorlash va tarqatish;

Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari, rasmiy bayonotlari va maʼruzalarini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va Hukumatining qarorlari va ularning faoliyatiga oid axborotlarni muntazam yoritib borish;

respublikaning ichki va tashqi siyosatini, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlarni, jamiyatimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy oʻzgarishlar va yangilanishlarni tezkor yoritish;

jamoatchilikning katta qiziqishini uygʻotayotgan voqealarning mohiyati boʻyicha fuqarolarda xolis fikrni shakllantirish hamda maʼlumotlardan buzgʻunchi va boshqa gʻayriqonuniy maqsadlarda foydalanish imkoniyatini bartaraf etish uchun aholini bunday hodisalar haqida oʻz vaqtida xabardor qilib borish;

axborot xurujlari va mafkuraviy tahdidlarning oldini olishga qaratilgan choralarni amalga oshirishda davlat organlari va ularning axborot xizmatlari bilan uzviy hamkorlik qilish va ulardan tizimli ravishda statistik, tahliliy va boshqa turdagi maʼlumotlarni olish;

boshqa ommaviy axborot vositalari, jismoniy va yuridik shaxslar foydalanishi uchun yurtimizning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, tarixiy va madaniy rivojlanishiga oid maʼlumotlar (axborot, foto va video materiallar) bazasini shakllantirish;

oʻquvchilar uchun qulay va qiziqarli shaklda Oʻzbekiston xalqining oʻziga xos madaniyati, urf-odatlari, milliy qadriyatlari, mamlakatning koʻp yillik tarixi va ilm-fan rivojiga qoʻshgan hissasini namoyish etishga qaratilgan ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish;

yurtimizda yuz berayotgan oʻzgarishlarni dunyoga keng tarqatish, jahonda sodir boʻlayotgan voqea-hodisalar haqida mamlakatimiz aholisiga tezkor axborot yetkazib berish, xorijdagi axborot agentliklari va boshqa ommaviy axborot vositalari, media-tuzilmalar bilan hamkorlikni rivojlantirish.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, OʻzA va Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining respublika ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid yangiliklar boʻyicha fuqarolarda xolis fikrni shakllantirish, ularga axborot-tahliliy, shu jumladan, audio va video axborotlar yetkazish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida OʻzA tarkibida Media markaz tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Quyidagilar Media markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:

axborot-tahliliy va multimedia materiallar, eshittirish va koʻrsatuvlar, voqea joyidan onlayn reportajlar tayyorlash, audio va video materiallarni qayta ishlash, ularni OʻzAning veb-saytiga joylashtirish va ommaviy axborot vositalariga belgilangan tartibda yetkazib berish;

axborotni qayta ishlash va tarqatishning zamonaviy usullaridan, jumladan, infografika, moushn-grafika, ijtimoiy rolik, 360 formatidagi video va boshqalardan keng foydalanish;

davlat organlari mutaxassislarini jalb qilgan holda amalga oshirilayotgan islohotlar va yangilanishlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish.

4. OʻzA huzurida uning faoliyatini tizimli yoʻlga qoʻyish hamda davlat organlari va nodavlat tashkilotlar bilan samarali hamkorlikni oʻrnatish boʻyicha Maslahat kengashi (keyingi oʻrinlarda – Maslahat kengashi) tuzilsin.

Quyidagilar Maslahat kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:

OʻzA faoliyati haqida keng jamoatchilik fikrini tahlil qilgan holda uning samaradorligini yanada oshirish hamda agentlikning axborot makonidagi oʻrni va rolini kuchaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;

OʻzA faoliyatining rivojlanish darajasini oʻrganish, agentlikka metodik tavsiyalar berish, uning ishida yuzaga keladigan muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga koʻmaklashish;

davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorlik qilish rejalarini belgilash, tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazishda amaliy yordam koʻrsatish;

xalqaro va xorijiy axborot agentliklari, xorijiy mamlakatlar ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik dasturlarining ishlab chiqilishi va amalga oshirilishiga koʻmaklashish va ular ijrosini muntazam ravishda muhokama qilib borish.

5. Belgilab qoʻyilsinki:

Maslahat kengashi oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida olib boradigan, doimiy faoliyat yurituvchi kollegial organ hisoblanadi;

Maslahat kengashiga OʻzA bosh direktori rahbarlik qiladi hamda uning tarkibi ommaviy axborot vositalari sohasidagi tashkilotlar rahbarlari va mutaxassislari, shuningdek, mustaqil ekspertlardan shakllantiriladi;

Maslahat kengashi tarkibining uchdan bir qismi har 2 yilda yangilanib boriladi.

OʻzA bosh direktori (A.Koʻchimov) ikki hafta muddatda Maslahat kengashi tarkibini tasdiqlasin.

6. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi xodimlarining umumiy cheklangan soni 155 nafar, shu jumladan, boshqaruv xodimlarining soni 13 nafardan iborat boʻlgan tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligining Qoraqalpogʻiston axborot agentligi (keyingi oʻrinlarda – Qoraqalpogʻiston axborot agentligi) xodimlarining umumiy cheklangan soni 13 nafar, shu jumladan, boshqaruv xodimlarining soni 2 nafardan iborat boʻlgan tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

OʻzA tomonidan 2022-yil 31-dekabrga qadar chetdan olib kelinganda bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etiladigan texnika vositalari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

7. Belgilab qoʻyilsinki:

OʻzA bosh direktori va uning oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi;

OʻzA bosh direktori maqomi, mehnatga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish shart-sharoitlariga koʻra vazirga, uning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosari esa tegishlicha vazirning birinchi oʻrinbosari va vazir oʻrinbosariga tenglashtiriladi;

Qoraqalpogʻiston axborot agentligi direktori maqomi, mehnatga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish shart-sharoitlariga koʻra OʻzA bosh direktori oʻrinbosariga tenglashtiriladi.

8. Quyidagilar OʻzA va Qoraqalpogʻiston axborot agentligi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari;

OʻzA va Qoraqalpogʻiston axborot agentligining byudjetdan tashqari mablagʻlari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

9. OʻzA bosh direktoriga:

a) OʻzA va Qoraqalpogʻiston axborot agentligi tuzilmasi shtatlar soniga xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish;

b) OʻzAning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan:

davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, yetakchi xalqaro tashkilotlar va xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali xodimlarini, shuningdek, mahalliy va xorijiy mutaxassislarni maslahatchi sifatida jalb etish;

ijodiy tanlovlar oʻtkazish, tanlov ishtirokchi va gʻoliblarini mukofotlash, shuningdek, OʻzAning xodimi boʻlmagan faol mualliflarni ragʻbatlantirish;

OʻzA moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, agentlik xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish, shu jumladan, ularga ustamalar toʻlash;

zarur hollarda, mintaqaviy muxbirlik punktlarida qoʻshimcha shtat birliklarini joriy etish huquqi berilsin.

10. OʻzA:

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishgan holda bir oy muddatda OʻzA va Qoraqalpogʻiston axborot agentligi xodimlarining mehnatiga haq toʻlash boʻyicha razryadlari va shtatlar jadvalini tasdiqlasin;

2020-yil 1-mayga qadar muddatda foydalanuvchilar uchun qulay, audio va video axborotlarni tarqatish, tarqatilayotgan axborotlarni tijorat yoʻli bilan yuklab olish imkoniyatlari mavjud boʻlgan OʻzAning axborot portalini ishga tushirsin.

11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari OʻzA bilan birgalikda ikki oy muddatda tegishlicha:

Qoraqalpogʻiston axborot agentligini joylashtirish uchun bino ajratish va uni Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjetining qoʻshimcha manbalari, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga taʼmirlash va jihozlash;

OʻzAning viloyatlardagi mintaqaviy muxbirlik punktlarini tashkil etish uchun viloyatlar markazlaridan zarur shart-sharoitlarga ega binolardan tekin foydalanish huquqi asosida joy ajratish, ularni belgilangan tartibda taʼmirlash va jihozlash choralarini koʻrsin.

12. OʻzA:

Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari hamda farmoyishlari, vazirliklar va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlari hamda rasmiy statistik toʻplamlari, shu jumladan, ularning elektron shakllari majburiy ravishda yuboriluvchi tashkilotlar roʻyxatiga;

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 7-oktyabrdagi 336-son qarori bilan tasdiqlangan Rahbarlari xodimlarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish toʻgʻrisida iltimosnoma kiritishi mumkin boʻlgan davlat hokimiyati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlari roʻyxatiga kiritilsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi, “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” umummilliy harakatiga mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonining borishi haqidagi tadqiqot materiallarini eʼlon qilib borish uchun OʻzAga doimiy ravishda taqdim qilib borish tavsiya etilsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi OʻzAga jahondagi yetakchi axborot agentliklari va xalqaro axborot agentliklari uyushmalari bilan axborot almashish boʻyicha hamkorlik oʻrnatishda amaliy yordam koʻrsatsin.

15. OʻzA Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda ilgʻor xalqaro tajribani oʻrgangan holda OʻzAning ijodiy va texnik xodimlari mehnatiga haq toʻlash tizimini bozor tamoyillari asosida takomillashtirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu qarorni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni 2019-yilda ijtimoiy soha boʻyicha tasdiqlangan byudjet parametrlari doirasida ajratsin, 2020-yildan boshlab esa Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutsin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu qaror mazmunidan kelib chiqqan holda bir oy muddatda OʻzA toʻgʻrisidagi yangilangan nizomni tasdiqlasin.

18. OʻzA manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari F.Sh.Mahmudov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019-yil 2-dekabr

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq