Mamlakatimizda “Zamonaviy maktablar»ni tashkil etishga 4,05 trln. so‘m mablag‘ ajratiladi
28.11.2019
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Mamlakatimizda 2020-2022 yillarda “Zamonaviy maktab” loyihasi bo‘yicha umumta’lim maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va jihozlashga 4,05 trln. so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

2019-yilning 26-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Zamonaviy maktablar”ni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Mamlakatimiz rahbari o‘quvchi-yoshlarning sifatli ta’lim-tarbiyasi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida xalqaro talablarga muvofiq ilg‘or arxitektura yechimlari va energiya tejaydigan texnologiyalar asosida qurilib jihozlangan “Zamonaviy maktablar”ni tashkil etishni ma’qulladi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga 2020-yilning 1-martiga qadar O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi bilan birgalikda xorijiy tajriba va mamlakatning tabiiy iqlim sharoitlariga mos, ekologik toza materiallar va energiyaning muqobil manbalari, energiya tejovchi hamda ilg‘or texnologiyalar va muhandislik yechimlarini qo‘llashni nazarda tutuvchi “Zamonaviy maktab”larni qurish va rekonstruksiya qilishning namunaviy loyihalarini ishlab chiqish va tasdiqlash topshirildi.

Shuningdek, 2020-yil 1-martga qadar umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini zamonaviy mebel va jihozlar, o‘quv-laboratoriya asbob-uskunalari, o‘quv-uslubiy materiallar, kompyuter va multimedia hamda video-kuzatuv vositalari bilan jihozlashning yangi me’yorlarini ishlab chiqish tasdiqlandi.

2020-yil 1-martdan boshlab davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash, moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar, “Zamonaviy maktab”larni qurish va rekonstruksiya qilishning namunaviy loyihalari va jihozlash me’yorlari asosida amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, Prezident “Zamonaviy maktab”larga qo‘yiladigan talablarni, shu jumladan, mazkur maktablarning darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, badiiy va boshqa adabiyotlar bilan ta’minlanganlik darajasiga, o‘quv-tarbiya jarayoniga hamda darsdan tashqari faoliyatiga hamda rahbar va pedagog kadrlariga qo‘yiladigan talablar, shuningdek darsdan tashqari tadbirlarga talablarni ishlab chiqish va tasdiqlash to‘g‘risida ko‘rsatma berdi. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida «Zamonaviy maktablar» talablariga asoslanib, umumta’lim maktablarini baholash mezonini yaratish bo‘yicha ishlar olib boriladi.

“Zamonaviy maktablar”ga qo‘yiladigan talablarga mos keladigan umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga tegishli darajadagi muvofiqlik sertifikati beriladi.

“Zamonaviy maktab” muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining rahbar va o‘qituvchilariga ish haqi hamda moddiy rag‘batlantirishning yuqori stavkalari qo‘llaniladi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi “Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi” mahalliy va xorijiy kompaniyalar vakillarini jalb qilgan holda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini “Zamonaviy maktab” talablari asosida baholab, muvofiqlik sertifikatlarini beradi.

Markaz “Zamonaviy maktab” talablari asosida baholash bo‘yicha umumiy o‘rta ta’lim muassasalari reytingini aniqlashning elektron platformasini ishga tushiradi.

Markaz mutaxassislari umumiy o‘rta ta’lim maktablarni zamonaviy maktab talablariga muvofiqlashtirish bo‘yicha takliflar ham ishlab chiqadi.

Qurilish-ta’mirlash ishlarining sifatini O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi “O‘quv ta’lim-ta’minot” Davlat unitar korxonasi ta’minlaydi. Shuningdek, yangidan quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan hamda mukammal ta’mirlanadigan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini jihozlash va kapital ta’mirlash bo‘yicha loyihalash va qurilish ishlari sifatini nazorat qiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va tegishli viloyatlar hokimliklari huzuridagi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyalari umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun loyihalarning “Injiniring kompaniyasi” DUK texnik topshirig‘i asosida ishlab chiqilishi va kelishilishini hamda loyiha hujjatlariga texnik topshiriqlarni ishlab chiqish bo‘yicha “Injiniring kompaniyasi” DUK bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzilishini ta’minlaydi.

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash jarayonida sifatsiz bajarilgan, belgilangan texnik talablarga mos kelmagan holda bajarilgan hamda ortiqcha hajmda ko‘rsatilgan qurilish-montaj ishlari bo‘yicha undirilgan summalarning 90 foizi tegishli ob’ektlardagi aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun bo‘ysunuviga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalarining maxsus shaxsiy g‘azna hisob varaqalariga, 10 foizi esa “Injiniring kompaniyasi” DUKning maxsus hisob raqamiga, xodimlarni rag‘batlantirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash tadbirlariga yo‘naltiriladi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq