Rossiya-Oʻzbekiston qoʻshma startap loyihalari tanlovi tashkil etiladi
27.11.2019
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Startaplar – kelajak iqtisodiyotining asosi. Xuddi sportda boʻlajak chempionlarni yetishtirish uchun har bir maktabda sport toʻgaraklari ochilishi, sport maktablari faoliyat yuritishi, sogʻlom turmush tarzi targʻib qilinishi kerakligidek, startapchilarni yetishtirish, ularni oʻqitish, malakasini oshirish, yoshlarda texnologik tadbirkorlik, innovatsion tafakkurni rivojlantirishni tizimli ravishda olib borish muhimdir.

Startaplarni nafaqat Kremniy vodiysida yoki “Skolkovo”da, balki yurtimizda tashkil etish, bilimni imkoniyatlarga, moddiy boylikka aylantirish uchun sharoitlar yaratish mumkinligini yoshlarning ongiga singdirish zarur.

Yurtimiz startap ekotizimini rivojlantirish maqsadida Oʻzbekistondagi startap kompaniyalarining “Skolkovo” innovatsiya markazidagi “Softlending” treyning dasturida bepul ishtirok etish masalalari muhokama qilindi. Natijada, 2020-yilning birinchi choragida Oʻzbekistondagi 25 ta startap kompaniyalari uchun maqsadli oʻquv-treyning kurslarni tashkil etishga kelishildi. Bundan tashqari, 2020-yilning birinchi choragida Rossiya-Oʻzbekiston qoʻshma startap loyihalari tanlovini tashkil qilishga kelishildi. Tanlov natijasida bir maqsadga yoʻnaltirilgan qoʻshma startap loyihalari tanlab olinadi hamda hamkorlikda moliyalashtiriladi.

Oʻz navbatida delegatsiya aʼzolari Skolkovo fan va texnologiyalar instituti (SkolTex) faoliyati bilan tanishib, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti va I.Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti va SkolTex instituti oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatishdi. Endi Oʻzbekistonlik bitiruvchilar tanlov asosida SkolTexning magistratura dasturlarida ishtirok etadilar, professor-oʻqituvchilar esa tajriba oshirishlari uchun qisqa muddatli oʻquv kurslariga yuboriladi. Shuningdek, Rossiya Fanlar akademiyasi ilmiy tadqiqot institutlariga yiliga 100 ta yosh ilmiy xodimni qisqa muddatli stajirovkaga yuborilishi ham rejalashtirildi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq