E’tirof: Kundalik metodisti ta’lim tizimidagi bo‘lajak o‘zgarishlar haqida
12.11.2019
Rukn: Intervyu.
Muallif: .

Bugungi kunda ko‘plab sohalarda axborot texnologiyalari muvaffaqiyatli qo‘llanmoqda. Bu O‘zbekiston ta’lim tizimini ham chetlab o‘tmadi. Maktablarda Kundalik raqamli ta’lim platformasining joriy etilishi ota-onalar va o‘qituvchilar orasida ham qiziqish, ham savollarni keltirib chiqardi. Kundalik kompaniyasi metodisti Gulnora Ismoilova platforma nima uchun zarurligi haqida gapirib, ko‘pchilikda yuzaga kelayotgan savollarga javob berdi.

— O‘zbekistonda elektron kundaliklar va jurnallarni joriy etish bo‘yicha bir necha urinishlar bo‘lgan. Kundalik platformasining asosiy farqlari va afzalliklari nimadan iborat?

— Mening pedagogikada 29 yillik tajribam bo‘lishiga qaramasdan, bunday ko‘p funksiyali tizimga birinchi marta duch keldim. Bu nafaqat elektron kundalik va jurnal, balki o‘quv jarayonining barcha ishtirokchilari: o‘quvchilar, o‘qituvchilar, ota-onalar, maktab rahbarlari va nazoratchi idoralari uchun yaratilgan raqamli ta’lim platformasidir. U onlayn rejimda darslar jadvalini tuzish, har bir dars uchun rejalar tuzish, davomat va o‘zlashtirish hisob-kitobini yuritish, avtomatik ravishda hisobotlarni shakllantirishga imkon beradi. O‘quvchi va ota-onalar Kundalikda baholar va uy vazifalarini ko‘rishlari, xavfsiz tarmoqda muloqot qilishlari va qo‘shimcha ta’lim resurslaridan foydalanishlari mumkin. Platformadan foydalanish juda oson, tug‘iladigan savollarga esa qo‘llab-quvvatlash xizmati mutaxassislari har doim javob berishga tayyor.

Mening fikrimcha, Kundalikning boshqa platformalardan asosiy farqi – kompleks yondashuvda. Biz nafaqat ma’lum bir mahsulotni joriy etmoqdamiz, balki uning yordamida mamlakatdagi butun ta’lim sohasini modernizatsiya qilmoqdamiz: pedagoglarga kompyuter savodxonligini o‘rgatmoqdamiz, maktablarning texnik jihozlanganligini ko‘rsatib bermoqdamiz va ushbu haqqoniy ma’lumotlarni asl holida to‘liq ta’lim vazirligiga taqdim etmoqdamiz, vazirlik esa, ular asosida zarur bo‘lgan joylarda va hajmlarda infratuzilmani yaxshilaydi, kompyuterlar bilan ta’minlaydi hamda internetga ulaydi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda turli sohalarda raqamlashtirish jarayoni amalga oshirilmoqda va ta’lim sohasi birinchi navbatda bunday o‘zgarishga muhtoj. Maktablar, o‘qituvchilar tarkibining tayyor emasligi va boshqa cheklovchi omillar haqida tinmasdan gapirish mumkin. Ammo hech narsa qilinmasa, rivojlanish bo‘ladimi?

— Sizningcha, maktablar bunday o‘zgarishlarga tayyormi?

— Siz, hech nima qilmasdan o‘tirish va ma’lum bir tayyorgarlik vaqti kelishini kutish kerak deb hisoblaysizmi? O‘zbekistonda naqd pulsiz hisob-kitoblar qanday joriy etilganini eslang. O‘sha paytda aholi bunday ssenariyga umuman tayyor emas edi, hech kim tushunarsiz va keraksiz bo‘lib ko‘ringan kartalardan foydalanishni istamagan edi. Ammo bu ish mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish uchun zarur edi. Ko‘pchilik ulardan qanday foydalanishni tushunmas, do‘konlar to‘lovlarni amalga oshirish uchun terminallar bilan yaxshi jihozlanmagan edi. Endilikda, bir necha yil o‘tgach, to‘lov ilovalari yordamida kommunal to‘lovlar, davlat avtomobil nazorati jarimalari va boshqa xizmatlar to‘lanmoqda. Bu shuni ko‘rsatadiki, jamiyatda yangiliklarni inkor etish orqali qabul qilish odati mavjud. Shuning uchun, bu yerda asosiy narsa, hammasi bosqichma-bosqich amalga oshirilishidir.

O‘zbekistondagi barcha ta’lim tashkilotlari ham kompyuterlar va internet bilan yetarli darajada jihozlanganmagan va biz buni yaxshi tushunamiz, shuning uchun ham tizimni faqat to‘laqonli ishlash zarurati bo‘lgan minimal imkoniyatlar mavjud bo‘lgan Toshkent shahri va ba’zi viloyat maktablarida joriy etmoqdamiz. Biz ta’lim vazirligidan bunday maktablarning ro‘yxatini olgan holda, ish boshlamoqdamiz. Shunga qaramasdan, ularning ba’zilarida tizimni joriy etish jarayonida biz qayerdadir zaif internet, yana bir boshqa joyda kompyuterlar borligi, lekin eskiligi, yana bir yerda esa o‘qituvchilar tarkibi hamma texnik bazaga ega bo‘lgan holda texnologiyadan foydalanishni o‘rganishni istamasligiga duch kelmoqdamiz. Biz bu haqda ta’lim vazirligidagi hamkasblarimizni xabardor qilmoqdamiz, toki ularda sodir bo‘layotgan voqealar haqida aniq tasavvur hosil bo‘lib, zarur choralar ko‘rsinlar. 2021-yil oxirigacha XTV O‘zbekistondagi barcha maktablarni yuqori tezlikdagi internet va barcha sinflarni shaxsiy kompyuterlar bilan ta’minlashni rejalashtirgan.

Ko‘pincha bizdan Kundalikda ishlash uchun o‘qituvchilar mustaqil ravishda planshet yoki smartfon sotib olishlari kerakmi, degan savol tez-tez so‘raladi. Tushuntirib o‘taman: o‘qituvchilar hech narsa sotib olishlari zarur emas. Tizim ularning hayotini murakkablashtirish uchun emas, balki uni osonlashtirish uchun joriy qilinmoqda. Bunda qog‘ozbozlikdan ozod qilish, hisobotlarni qo‘lda yozish, har bir dars bo‘yicha har yili qayta-qayta ko‘chiriladigan dars rejalarini qayta yozish va hokazolarni nazarda tutyapman.

— Sizningcha, raqamlashtirish O‘zbekistondagi ta’lim sohasida qanday aks etadi?

— Kundalikning asosiy maqsadlaridan biri – byurokratiya darajasini pasaytirish va ta’limni yanada sifatli, arzon va ijodiy qilishdan iborat. Buning natijasida bolalar materialni yaxshiroq o‘rganadilar, yozilgan uy vazifalarini tekshirish, ota-onalarning o‘qituvchilarga qo‘ng‘iroqlari va hakozo kabi “maishiy” muammolar hajmi kamayadi.

Ta’lim jarayonining barcha murakkabliklarini yaqindan bilaman. Bu asosan hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq: jurnal yuritish, hisobotlarni tayyorlash, har bir dars bo‘yicha ish rejalari – bularning barchasi kunba-kun qog‘ozda to‘ldiriladi. Ta’limni raqamlashtirish o‘qituvchining hayotini osonlashtiradi va tinchlashtiradi. Jurnal yo‘qolmaydi, endi uni buzib qo‘yish mumkin emas, zamazka haqida umuman unutishingiz mumkin. Yo‘qlama qilishlar va uy vazifasini yuz martalab takrorlash o‘tmishda qoladi. Bundan tashqari, “qog‘ozli” jarayonlarni avtomatlashtirish juda ko‘p vaqtni tejaydi. Qisqasi, tizim maktabning kundalik hayotini sezilarli darajada osonlashtiradi. Bolalardagi barcha yutuqlar va bilimidagi bo‘shliqlar qayd etib boriladi. Ma’lumotlarning ochiqligi va ishonchliligi ota-onalarga bolani yo‘naltirishga, kerakli mavzular va fanlar bo‘yicha o‘z vaqtida shug‘ullanishga yordam beradi.

— Texnologik yangiliklarning joriy etilishi har doim ko‘plab qiyinchiliklar bilan birga kechadi. Texnik jihatdan yetarlicha bilimga ega bo‘lmagan o‘qituvchilar Kundalikda ishlashni qanday o‘rganishlari mumkin?

— Tizimda ishlash ko‘nikmalari loyihaning muvaffaqiyatiga bevosita ta’sir qiladi. Dastlab, biz yuzma-yuz seminarlar va onlayn vebinarlarni o‘tkazishni istagan edik. Bizningcha, bunday ikki tomonlama yondashuv o‘qituvchilarni Kundalik bilan tanishtirish bosqichini tezlashtirmshga imkon bergan bo‘lar edi. Ammo oxir-oqibatda vebinarlar o‘qituvchilar uchun juda qiyin bo‘lib chiqdi, hamma ham ma’lumotlarni onlayn rejimda qabul qila olmadi, shu sababli ham hozircha bundan voz kechish va ko‘proq mashg‘ulotlarni jonli ravishda o‘tkazishga qaror qilindi. Bugun men boshqa metodistlar bilan birgalikda tizimga ulanayotgan maktablarda seminar va mahorat darslarini o‘tkazmoqdaman. Albatta, har doim ko‘plab savollar tug‘iladi, ba’zida o‘qituvchilar orasida “Men o‘zim qanday qilib elektron jurnalni yuritishim mumkin?”, degan ikkilanish paydo bo‘ladi, lekin bu hol uzoqqa bormaydi. Ilgari kompyuterni yaxshi tushungan o‘qituvchilar bugungi kunda tizimning ishonchli foydalanuvchilaridir. Sizga 1971-yildan beri 158-maktabda ishlayotgan rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi Tatyana Istaxarova misolida gapirib beraman. Dastlab, raqamli ta’lim platformasining joriy etilishi haqidagi xabar unda xavotir uyg‘otdi. Ammo Tatyana Borisovna bir necha hafta ichida, yoshi katta bo‘lishiga qaramay, internetda va Kundalikda ishlashni o‘rganib oldi. Endilikda u har kuni, boz ustiga, elektron jurnalni o‘z vaqtida to‘ldirmoqda: uy vazifalari va ularga tushuntirishlar, joriy baholar va ular haqida sharhlarni kiritmoqda. Biz bu qiyin va uzoq davom etadigan jarayon ekanligini tushunamiz, pedagog-o‘qituvchilarda “eski usulda” ishlash odati shakllanib bo‘lgan va ko‘pchilik, elektron jurnalni hozirgacha qabul qila olgani yo‘q. Ammo agar ozgina sabr-toqat qilsangiz, yangi bilim va imkoniyatlarga ochiq bo‘lsangiz, hamma narsaga erishish mumkin.

— Ko‘rinib turibdiki, hozirda o‘qituvchilar ikki barobar ish bajarishlari kerak: qog‘oz va elektron jurnallarni to‘ldirishlari zarur. Qachon elektron hujjat aylanuviga to‘liq o‘tish mumkin bo‘ladi?

— Bular qog‘ozdan “raqam”ga o‘tish davrining qiyinchiliklari. O‘qituvchilarning ishini yengillashtirish, ularni qog‘ozbozliq ishlaridan xalos qilish va o‘quv jarayoni sifatini yanada yaxshilash uchun elektron jurnal va kundaliklar joriy etilmoqda. Qog‘ozdan to‘liq ozod bo‘lish uchun o‘qituvchilar tizimni yaxshi o‘zlashtirishi va maktablar texnik jihatdan tayyorlanishi kerak, buning uchun esa, o‘zingiz bilganingizdek, vaqt zarur. Bu bir kechada bo‘lmaydi, jarayon bosqichma-bosqich bo‘ladi. Baholar va uy vazifalari elektron jurnallarda qog‘oz jurnalida bo‘lgani kabi paydo bo‘la boshlagunga qadar ikki tomonlama ish yuritish ko‘zda tutilgan. Bu tizim o‘zlashtirilganligi va unda ishlashga tayyor ekanligidan dalolat beradi.

Aytgancha, yaqinda xalq ta’limi vazirligi tomonidan qog‘oz jurnaldan voz kechish va elektron jurnalni qat’iy hisobot hujjati sifatida yuritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishi to‘g‘risida buyruq chiqarildi.

— Tizim foydalanuvchilarining shaxsiy ma’lumotlari xavfsizligi va maxfiyligi qanday ta’minlanadi?

— Shaxsiy ma’lumotlar va barcha to‘plangan ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi orqali davlatga tegishli va O‘zbekiston Respublikasi XTV nazorati ostidagi serverlarda joylashgan. Kundalik.com tizimi foydalanuvchilarining shaxsiy ma’lumotlarini saqlanadigan “Kundalik” MChJ serverlari O‘zbekistondagi eng yirik aloqa operatori – “O‘zbektelekom” AJning ma’lumotlar markazida joylashgan. Shaxsiy ma’lumotlarni saqlash va jamoat tarmoqlari orqali uzatish O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 2-iyuldagi “Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida”gi 547-sonli Qonun talablariga to‘liq javob beradi.

— Shaxsiy ma’lumotlar qayta ishlash uchun qayerga va kimga berilishi mumkin?

— Ma’lumotlar maktab xodimlariga, ta’limni boshqarish organlari, Kundalik xodimlariga va shaxssizlashtirilgan shaklda uchinchi shaxslarga berilishi mumkin. Tushuntirib o‘taman, uchinchi tomonlar – bu reklama beruvchilar bo‘lib, ular Kundalik.com foydalanuvchilariga o‘zlarining mahsulotlari va xizmatlari haqida platformamiz auditoriyasiga mos keladigan shakl, mavzularda, ularning yoshidan kelib chiqib, ma’lumot berishlari mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, ta’kidlash kerakki, uchinchi shaxslar tizim foydalanuvchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni faqat shaxssizlashtirilgan shaklda olishlari mumkin. Biroq hali bu haqda gapirishga erta, chunki Kundalik yo‘lning boshida va platformada reklama joylashtirilmagan.

— O‘zbekiston uchun yangi loyihada ishlash mamlakatdagi ta’limni rivojlantirishga bo‘lgan nuqtai nazaringizni qanday o‘zgartirdi?

— Bugungi kunda Toshkentning 290 maktabi Kundalik bilan ish olib bormoqda, shuningdek, Toshkent, Samarqand, Buxoro viloyatlari maktablari tizimga ulangan. Dastlabgi natijalarga asoslanib, platforma hozirdanoq bir qator qiyinchiliklarni hal qilishga imkon beradi, degan xulosaga kelish mumkin. Barchaga ma’lumki, ko‘plab maktablarda o‘quvchilar soni 40 kishidan oshadi. Bunday holatlarda o‘qituvchi har bolaga e’tibor qaratish, hamma o‘z uy vazifasini yozib olganmi yoki yo‘qligini kuzatishi qiyin. Kundalikda hamma narsa: vazifalar, baholar, dars jadvali qayd etilgan. Shuni ham ta’kidlash kerakki, platforma tufayli o‘quvchilarning davomati yaxshilandi va arzirli sababsiz darsdan qolishlar soni ozaydi. O‘quvchilar orasida bolalarni yangi maqsadlarga intilishga undovchi bilim olishga, ijodiy topshiriqlar va musobaqalarga qiziqishning ortishi ham ancha ahamiyatga ega. Kundalik ta’lim to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlarni birlashtiradi va undan ta’lim jarayonining barcha ishtirokchilari foydalanishlari uchun imkon yaratadi. Shunday qilib, masalan, to‘lib ketgan sinflarga doir vaziyat barcha, shu jumladan, direktor va XTV xodimlari uchun ham ochiq bo‘ladi. Tizim muammolarni barcha tushunishini ta’minlashi juda muhimdir.

— Shaxsan sizni platformani amalga oshirish jarayonida nima ilhomlantiradi?

— Men hamisha shakllanib bo‘lgan mutaxassisni hayratda qoldirish qiyin deb o‘ylar edim. Ammo hozir, loyihada ishlay turib, bunday emasligini tushunayapman. Men har kuni o‘qish-o‘rganishni davom ettirmoqdaman, o‘z tajribamni qo‘llagan holda, ijodiy fikrlash chegaralarini kengaytirmoqman. Bir hafta ichida o‘rtacha uch-to‘rtta maktab jamoasi bilan tanishaman. Har birida yangi narsalarni kashf etaman. Shuningdek, ishxonamizda ham barcha qulayliklar mahayyo, turli yoshdagi qiziqarli hamkasblarim bor, ular bilan birgalikda ish jarayonida ishtirok etamiz. Agar loyiha biz o‘zimiz qo‘ygan cheklovlarni o‘chirib tashlasa – bu juda ajoyib! Shuningdek, yangilanishga muhtoj bo‘lgan sohaga yangi texnologiyalarni olib kirayotganim ham menga juda ilhom beradi.

— O‘zbekistonda Kundalik loyihasining kelajagini qanday ko‘rmoqdasiz?

— Kundalik loyihasining O‘zbekistonda kelajagiga nazar tashlar ekanmiz, uning rivojlanishi biz yangi imkoniyatlardan qanday foydalanishimizga bog‘liqligini tushunish juda muhimdir. Men maktablarda ilk o‘quv seminarlarini o‘tkazganimda, o‘qituvchilar tomonidan ikkilanish va ishonchsizlik juda ko‘p bo‘lgan. Ular bu yangilikni qo‘shimcha yuk sifatida qabul qilishgan edi. Ammo bir necha oy o‘tishi bilan, yetakchi maktablar, faol ota-onalar aniqlashib qoldi, ular har kuni tizimda ishlagan holda, vaqt va asabni tejash uchun yangi imkoniyatlarni kashf eta bordilar. Men bu loyihaga juda qattiq ishonaman. Menim fikrimcha, bu ta’limni modernizatsiya qilishning eng samarali va oddiy vositalaridan biridir.

Manba: kompaniya press-relizi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq