Qanday qilib va ​​nima uchun Texnoparkning rezidenti boʻlish kerak?
09.11.2019
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Texnoparkning asosiy vazifalaridan biri mamlakatimizda IT-kompaniyalarni rivojlantirish va har tomonlama qoʻllab-quvvatlash uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek ularni ichki va tashqi bozorlarda ilgari surishdir.

Aynan shu sababli, endi yangidan tashkil etilgan va oʻz faoliyatini boshlagan kompaniyalar singari, IT sohasida allaqachon mavjud boʻlgan, oʻz faoliyati doirasini kengaytirish va xalqaro bozorga chiqish niyatida boʻlgan tashkilotlarning ham rivojlanishi uchun Texnoparkning rezidentlariga keng imkoniyatlar va imtiyozlar taqdim etilgan.

Tenxopark rezidentlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-iyundagi PF-5099-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi farmoniga binoan quyidagilarni toʻlashdan ozod etilgan:

  • barcha turdagi soliqlar va davlatning maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalar, shuningdek yagona ijtimoiy toʻlov;
  • oʻz ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan asbob-uskunalar, butlovchi qismlar, ehtiyot qismlar, uzellar, texnologik hujjatlar, dasturiy taʼminot uchun bojxona toʻlovlari (bojxona yigʻimlaridan tashqari).

Shuningdek, Texnopark rezidentlari quyidagi huquqlarga ega:

  • Oʻzbekiston Respublikasi hududida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) eksport qilishdan tushgan tushumlar doirasida xalqaro toʻlov kartalariga naqd pulsiz shaklda xorijiy valyutada dividendlarni toʻlash;
  • tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) eksport qilishdan tushgan mablagʻ doirasida xorijiy mutaxassislarga xorijda ochilgan xalqaro toʻlov kartalariga naqdsiz shaklda xorijiy valyutada ish haqi toʻlash;
  • eksport shartnomasisiz Internetning xalqaro axborot tarmogʻidagi onlayn-doʻkonlar orqali xorijiy valyuta boʻyicha ishlar va xizmatlar eksportini amalga oshirish.

Rezidentlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari boʻyicha olingan ish haqi koʻrinishidagi daromadlar 7,5 foiz miqdorida belgilangan jismoniy shaxslarning daromad soligʻiga tortiladi va jismoniy shaxslarning soliq solinadigan maqsadlarda belgilangan yillik umumiy daromadlari tarkibiga kiritilmaydi.

Kim Texnopark rezidenti boʻlishi mumkin?

“Oʻzstandart” agentligining 2011-yil 28-yanvardagi 05-268-sonli qarori bilan tasdiqlangan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida roʻyxatdan oʻtgan, Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy faoliyat turlari Umumdavlat klassifikatoriga (2-versiya) muvofiq quyidagi faoliyat turlaridan birini amalga oshiradigan yuridik shaxslar Texnoparkning rezidentlari boʻlishlari mumkin:

  • “Kompyuterda dasturlash ishlari, shu sohada maslahatlar berish va boshqa shunga tegishli xizmatlar”;
  • “Maʼlumotlarni joylashtirish va ishlov berish xizmatlari, Web-portallar”;
  • “Dasturiy taʼminot chiqarish”;
  • Faqat IT-taʼlimi yoʻnalishi boʻyicha “boshqa toifalarga kiritilmagan boshqa taʼlim turlari”.

Qanday qilib Texnoparkning rezidenti boʻlish mumkin?

Texnoparkning rezidenti sifatida roʻyxatdan oʻtish uchun yuridik shaxs Direksiyaga tasdiqlangan shaklda arizani, unga rezident sifatida amalga oshirish uchun taklif qilingan biznes-rejani va taʼsis hujjatini ilova qilgan holda taqdim etishi shart.

Arizalarni koʻrib chiqishda biznes-reja muhim rol oʻynaydi. Biznes-reja Direksiyaning yuridik shaxs toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot olishi uchun kompaniya, koʻrsatilayotgan xizmatlar va amalga oshirilayotgan loyihalar toʻgʻrisida maʼlumot beruvchi hujjat boʻlib xizmat qiladi. Shuningdek, biznes-rejada hozirgi rivojlanishning joriy koʻrsatkichlari, faoliyatni tashkil qilinishi aks ettiriladi, ularga erishish maqsadlari, usullari va vositalari belgilanadi.

Direksiya biznes-rejani tasdiqlangan talablar asosida koʻrib chiqadi va bu talablarga muvofiq tarkib oʻz ichiga quyidagi boʻlimlarni qamrab olgan boʻlishi kerak boʻladi:

  1. Loyihaning pasporti;
  2. Loyihaning mohiyati;
  3. Marketing strategiyasi va sotish rejasi;
  4. Ishlab chiqarish rejasi;
  5. Tashkiliy reja;
  6. Moliyaviy reja;
  7. Ilovalar.

Biznes-rejada keltirilgan koʻrsatkichlar va maʼlumotlar asosli boʻlishi, tarkibiy tuzilgan va ular oʻzaro bogʻliq boʻlishi kerak.

Arizalarni qabul qilish va koʻrib chiqish bepul amalga oshiriladi.

Yuridik shaxslar hujjatlarni ixtiyoriy ravishda u uchun qulay boʻlgan usullardan biri bilan pochta orqali, elektron pochta orqali yoki IT-Parkning rasmiy veb-sayti orqali taqdim etishlari mumkin.

Ariza 15 ish kuni ichida koʻrib chiqiladi. Qabul qilish toʻgʻrisida ijobiy qaror qabul qilinganda, 5 ish kuni ichida IT-Park direksiyasi va rezident oʻrtasida shartnoma tuziladi. Soʻngra, 3 ish kuni ichida IT-Park direksiyasi rezidentni rezidentlarning yagona reestriga kiritadi, guvohnoma beradi va yuridik shaxsni rezident sifatida roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida va u bilan bogʻliq imtiyozlar toʻgʻrisida Davlat soliq qoʻmitasiga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasiga va xizmat koʻrsatuvchi tijorat bankiga xabarnoma yuboradi.

Yuridik shaxsni Texnoparkning rezidenti sifatida roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda, rad etish sabablari bartaraf etilganidan soʻng ariza qayta topshirilishi mumkin.

Texnoparkning rezidentlariga qanday talablar qoʻyiladi?

IT-Park Direksiyasi va rezident oʻrtasidagi munosabatlar ikkala tomonning huquqlari, majburiyatlari va oʻzaro munosabatlari boʻyicha boshqa shartlarni belgilovchi shartnoma tuzish asosida tartibga solinadi.

Texnoparkda rezident boʻlishning shartlaridan biri har oyda IT-Park Direksiyasining depozit hisob raqamiga sof tushumning bir foizi miqdorida ajratmalar oʻtkazish, har chorakda oʻzining faoliyati toʻgʻrisida maʼlumot berish, shuningdek har yili moliyaviy-xoʻjalik faoliyatining majburiy auditini oʻtkazish va auditorlik xulosasi nusxasini Direksiyaga taqdim etishdir.

Rezidentlik toʻgʻrisida qoʻshimcha maʼlumotni qayerdan olish mumkin?

Batafsil maʼlumotlarni quyidagilar orqali olish mumkin:

  • IT-Park saytida – https://it-park.uz;
  • Quyidagi telefon raqamlar boʻyicha murojaat qilish orqali: +998 (71) 209-11-99 yoki +998 (99) 810-60-27;
  • Quyidagi elektron manzillariga murojaat qilish orqali: resident@it-park.uz yoki info@it-park.uz;
  • Quyidagi manzil boʻyicha joylashgan IT-Park Direksiyasining ofisida: Toshkent sh., Mirzo Ulugʻbek t., Tepamasjid koʻchasi, 4.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq