Axborot texnologiyalarini rivojlantirish — parlament e’tiboridagi masala
07.11.2019
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida 2019-yil 6-noyabr kuni navbatdagi “Hukumat soati” o‘tkazildi. Unda deputatlar «Mamlakatda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi va mavjud muammolar hamda ularning yechimlari to‘g‘risida»gi masala yuzasidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sadikovning javoblarini eshitdilar.

Tadbirda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, sohaga jalb etilayotgan investitsiyalar, xorijiy sarmoyalarni davlat-xususiy sherikchilik asosida o‘zlashtirishni ta’minlash, axborot texnologiyalari sektorining mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, mobil aloqa va Internet tarmog‘iga ulanish xizmatlari sifatini yaxshilash, narxlarini optimallashtirish yuzasidan qilinayotgan ishlar hamda istiqboldagi rejalar xususida batafsil axborot berildi.

Qayd etilganidek, mazkur sohada o‘tgan 9 oy mobaynida jami 7,9 trln. so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan. Jumladan, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan 546,6 mlrd. so‘mlik kompyuter dasturlash xizmatlari ko‘rsatilgan. Ularni eksport qilish hajmi 102,5 mln. dollarni tashkil etgan. Investitsiya dasturiga muvofiq, jami 82,8 mln. dollar mablag‘ o‘zlashtirilib, belgilangan reja 153 foizga bajarilgan.

Telekommunikatsiya tarmoqlarini yanada rivojlantirish yo‘nalishida operator va provayderlar tomonidan amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar natijasida xalqaro internet tarmog‘iga ulanishning umumiy o‘tkazuvchanlik qobiliyati 1 200 Gbit/s.ni, foydalanilayotgan sig‘imi 650,0 Gbit/s.ni tashkil etgan bo‘lib, yil boshiga nisbatan 48,1 foizga o‘sgan.

“Hukumat soati”da deputatlar tomonidan axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish sohasidagi ko‘zga tashlanayotgan bir qator muammolar xususida ham to‘xtalib o‘tildi. Xususan, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mutasaddilari “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturida ayni yo‘nalishda belgilangan vazifalar ijrosini yakuniga yetkazish, aholining tez hamda sifatli internet xizmatlaridan foydalanishi uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish maqsadida tegishli dasturlarni o‘z vaqtida amalga oshirishi lozimligi qayd etildi. Mobil aloqa tarmog‘ini kengaytirish loyihasini bajarish sohasidagi mavjud muammolarni bartaraf etib, mazkur loyihani to‘liq yakuniga yetkazish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish tavsiya qilindi.

Shuningdek, ijtimoiy infratuzilma obyektlarining internet xizmatlaridan foydalanish imkoniyati ko‘rsatkichlari (xalq ta’limi (31 foiz), maktabgacha ta’lim (29 foiz) va tibbiyot muassasalari (31 foiz) mamlakatdagi barcha ijtimoiy infratuzilma obyektlarining soniga olib qaraganda juda past bo‘lib, mazkur ko‘rsatkichlarni keskin oshirish uchun zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqib, amalga oshirish yuzasidan takliflar berildi.

— Bugungi kunda mamlakatimizga xorijiy investorlarni jalb qilish, ularga o‘z g‘oyalarini amalga oshirishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, turli imtiyozlar joriy qilish yuzasidan qator qaroru farmonlar qabul qilinmoqda, alohida rejimlar, imtiyozlar amal qiladigan maxsus erkin iqtisodiy zonalar tashkil etilmoqda, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul KUSHERBOYEV. — Investitsiyalarni jalb qilishni jadallashtirish yuzasidan har bir soha oldiga alohida vazifalar qo‘yilmoqda. Shulardan kelib chiqib, bugungi “Hukumat soati”da vazirga mamlakatimizda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish sohasiga investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar to‘g‘risida axborot berishini so‘ragan edim. Vazir har tomonlama asosli, tahliliy javob qaytardi. Uning javoblaridan to‘liq qoniqish hosil qildim.

— Keyingi paytlarda parlament quyi palatasida muntazam o‘tkazilayotgan “Hukumat soat”lari joylarda aholi bilan uchrashuvlar chog‘ida xalqimiz tomonidan ko‘tarilayotgan ko‘plab masalalarga yechim topish, ularga oydinlik kiritishda muhim rol o‘ynamoqda, — deydi Оliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shuhrat SHAROFUDDINOV. — Shu jihatdan, bu galgi tadbirda ham yurtimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bilan bog‘liq ko‘plab savollarimizga atroflicha javob olish imkoni bo‘ldi. Xususan, ko‘pchilikni o‘ylantiradigan mobil aloqa sifatini yaxshilash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, vazirlikning bu boradagi istiqboldagi rejalari bir qator qonun hujjatlariga zarur o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish kerakligini taqozo etishi ma’lum bo‘ldi. Bu kabi tadbirlar parlament, hukumat va ijro hokimiyati uchun ham xalqimiz manfaatlarini ta’minlashda birdek foydalidir.

Qizg‘in savol-javob ruhida o‘tgan tadbirda mamlakat axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish sohasidagi investitsiyaviy jozibadorligini ta’minlash yo‘nalishida qilinayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan qator fikr-mulohaza hamda amaliy takliflar bildirildi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq