STEAM Fest birinchi xalqaro festivali bo‘lib o‘tdi
29.10.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

26-oktabr kuni Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida STEAM Fest birinchi xalqaro festivali bo‘lib o‘tdi.

Birinchi xalqaro zamonaviy ta’lim usullari festivali O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi ko‘magida Nodavlat ta’lim muassasalari assotsiatsiyasi tomonidan o‘tkazildi. Tadbir hamkorlari MIND Champ (O‘zbekiston) va New Generation (Ukraina).

Festivalni o‘tkazishdan asosiy maqsad, yoshlar orasida tabiiy fanlarni keng targ‘ib qilish hamda STEAM (Science — fan, Technology — texnologiya, Engineering — muhandislik, Art — san’at, Math — matematika) ta’limi sohasidagi xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganishni ta’minlashdir.

STEAMning maqsadi — o‘quvchilar tafakkurini rivojlantirish hamda ularni fan, texnologiya, muhandislik, matematika va san’at kabi fanlardan olgan bilimlarini samarali qo‘llashga o‘rgatishdan iborat. Shu bilan birga, STEAM ta’limi murakkab o‘quv loyihalarini amalga oshirishda fanlarni o‘zaro uyg‘unlikda o‘rganish imkonini beradi.

STEAM Fest festivalida Toshkent shahridagi eng yaxshi nodavlat ta’lim muassasalari, zamonaviy o‘quv dasturlari mualliflari hamda STEAM ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha fikr bildiruvchi xorijiy kompaniyalar ishtirok etdi. Festival ishtirokchilari orasida GIGO (Rossiya), Robolab (Belarus), Lego Edu (Qozog‘iston), Krutaya Nauka (Ukraina) kabi xorijiy kompaniya vakillari ham bor.

Festival ikki yo‘nalishda o‘tkazildi. Xorijlik va mahalliy mutaxassislar STEAM, 3D-texnologiyalar va robototexnika yordamida yoshlarning tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish, ta’limda internet resurslaridan foydalanish kabi mavzularda ma’ruzalar taqdim etdi.

Tashkilotchilar tomonidan festival doirasida bolalar uchun ham STEAMning turli yo‘nalishlari bo‘yicha ellikdan ortiq mahorat darslari o‘tildi. Mazkur mahorat darslari yosh avlodga bilim olish va yangilikka intilish qiziqarli hamda maroqli bo‘lishini amalda ko‘rsatdi.

— Mamlakatimizda ta’lim tizimida keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Islohotlarning asosiy maqsadi farzandlarimizni vatanparvar, bilimli va raqobatbardosh mutaxassis sifatida tarbiyalashdir. Bunday tadbirlar o‘quvchilarga bilim olish qiziqarli bo‘lishini ko‘rsatadi va ularning ta’lim olishga ishtiyoqini oshiradi. O‘qituvchilar esa ta’lim berishning zamonaviy va qiziqarli usullarini o‘zlashtirishga ko‘mak beradi, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq