Internet jahon axborot tarmog‘ida milliy kontentni rivojlantirish kompleks dasturi qabul qilindi
28.10.2019
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturining 244-bandida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi zimmasiga Internet jahon axborot tarmog‘ida milliy kontentni rivojlantirish kompleks dasturini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan edi.

Agentlik Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va boshqa manfaatdor davlat organlari bilan hamkorlikda Hukumat qarori bilan tasdiqlanadigan 37 banddan iborat «Internet jahon axborot tarmog‘ida milliy kontentni yanada rivojlantirish bo‘yicha kompleks dastur»ni ishlab chiqdi. Dastur O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Internet jahon axborot tarmog‘ida milliy kontentni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 888-sonli qarori bilan qabul qilinib tasdiqlandi.

Dasturga muvofiq, milliy veb-resurslar sonining o‘sishiga erishish, «Vikipediya» internet entsiklopediyasida yurtimiz to‘g‘risida xorijiy tillardagi ma’lumotlar hajmini oshirish, mobil messenjerlarda milliy axborot-kutubxona kanallarini rivojlantirish, o‘zbek adabiyoti va san’ati mumtoz namoyondalarining asarlaridan iborat veb-portal tashkil qilish kabi bir qancha yangi loyihalar amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, arxivlarda jismoniy va yuridik shaxslarga interaktiv xizmatlar ko‘rsatishni kengaytirish, mamlakat tarixiy-madaniy merosi obyektlarining 3D-formatdagi kolleksiyalarini yaratish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar veb-saytlari mazmunini boyitish, o‘z faoliyati haqida aholini muntazam xabardor qilib borish vazifasi topshirilgan. Dasturda, shuningdek, ta’lim darajasi, fuqarolarning intellektual salohiyati, dunyoqarashini oshirish, ularni madaniyat, fan, tarix va san’at haqida ko‘proq xabardor qilish bo‘yicha yangi veb-resurslar yaratish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Hujjatning to‘liq matni bilan quyidagi manzilda tanishishingiz mumkin.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq