INNOWEEK-2019: innovatsion koʻrgazma, robotlar tanlovi, “Innovatsion gʻoyalar yetakchisi” koʻkrak nishoni taqdirlash marosimi va boshqalar
28.10.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Innovatsion gʻoyalar haftaligi – INNOWEEK-2019 29—31-oktyabr kunlari “Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar majmuasida boʻlib oʻtadi. Tadbir mahalliy va xorijiy tadqiqot va innovatsion markazlar, investitsiya fondlari, texnologiya agentliklari, texnoparklar va biznes inkubatorlar uchun noyob platforma boʻlishi kutilmoqda. Haftalik doirasida innovatsion va investitsiya forumi, innovatsion mahsulotlar koʻrgazmasi, IRC xalqaro robototexnika chempionati , Osiyo-tinch okeani texnologiyalar transferi markazining taqdimoti boʻlib oʻtadi.

Innovatsion mahsulotlar koʻrgazmasi

Koʻrgazmadan koʻzlangan asosiy maqsad — yangi mahalliy va xorijiy texnologiyalarni namoyish etish,mamlakat iqtisodiyoti uchun qulay boʻlgan yangi investitsiya imkoniyatlarini jalb qilish. Koʻrgazmada mahalliy va xorijiy barcha sohalarda eng innovatsion mahsulotlar, innovatsion loyihalar, prototiplar yoki biznes modellari namoyish etiladi. Tadbirda xorijiy innovatsion va ilmiy markazlar, investitsiya fondlari, texnologiya agentliklari, texnoparklar va biznes inkubatorlar ishtirok etadi.

Koʻrgazma 29, 30, 31-oktyabr kunlari soat 9:00 dan 18:00 ga qadar davom etadi.

Innovatsion va investitsiya forumi

Forumda xorijiy ilmiy-innovatsion markazlar, investitsiya jamgʻarmalari, texnologik agentliklar, texnoparklar va biznes inkubatorlari ishtirok etadilar. Tadbirda 30 dan ortiq mamlakat vakillari, nufuzli xalqaro tashkilotlar va kompaniyalar, Avstriya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Italiya, Isroil, Rossiya, Turkiya, Estoniya, Eron, Qozogʻiston va AQSHdan ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi yetakchi mutaxassislar qatnashadi. Prezidentimizning “2019-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmonida taʼkidlanganidek, inson kapitalini mamlakat raqobatbardoshligi va xalqaro maydonda innovatsion rivojlanishning asosiy omili sifatida rivojlantirish haftaning asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi.

IRC Xalqaro robototexnika chempionati

IRC-2019 28-oktyabrdan 31-oktyabrgacha “UzEkspoMarkaz” koʻrgazmalar majmuasida ikki yosh toifasida boʻlib oʻtadi: 9-16 (Junior) va 17-23 (Senior). Har bir yosh toifasi turli tanlovlardan iborat.

“Junior” kategoriyasi boʻyicha musobaqalar Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda tashkil etiladi. “Kegelring” va “Robo-sumo” tanlovida oʻz-oʻzini boshqaradigan robotlar bilan ishtirok etadilar.

“Senior” toifasidagi musobaqalar “1st OIC Robotics Challenge Uzbekistan” deb nomlanadi. Mazkur xalqaro musobaqa Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Islom hamkorlik tashkiloti Ilmiy-texnik hamkorlik boʻyicha doimiy qoʻmitasi bilan birgalikda tashkil etildi. Musobaqada Islom hamkorlik tashkiloti ishtirokchi-davlatlaridan kelgan yoshlar ishtirok etadi.

Chempionat 29, 30 va 31-oktyabr kunlari soat 09.00-12.00 va 13.00-16.00 da boʻlib oʻtadi.

ESKATO

Innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida 2019-yilning 30-31-oktyabr kunlari Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar transferi markazi faoliyatini yurtimiz jamoatchiligiga taqdim etish maqsadida BMT huzuridagi Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasining Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar transferi markazi bilan hamkorlikda “Innovation and Technology Transfer — Role of Intellectual Property” (“Innovatsiyalar va texnologiyalar transferida intellektual mulkning ahamiyati”) mavzusida OTTTMning mintaqaviy seminari oʻtkaziladi.

“Innovatsion gʻoyalar yetakchisi“ koʻkrak nishoni taqdimoti”

“InnoWeek-2019”doirasida “Innovatsion gʻoyalar yetakchisi” koʻkrak nishoni topshiriladi. “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”da taʼsis etilgan “Innovatsion gʻoyalar yetakchisi” koʻkrak nishoni yosh olimlar, talabalar va tashabbuskor fuqarolarga, shu jumladan, norezidentlarga innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni rivojlantirishga qoʻshgan hissasi va ularni amaliyotga joriy etgani uchun topshiriladi.

Future Foresight

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasida Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Birlashgan Arab Amirliklarining Vazirlar Mahkamasi va Kelajak ishlari boʻyicha vazirligi bilan hamkorlikda “Future Foresight” seminar-treninglari tashkil etiladi.

Mazkur seminar-treninglar davlat xizmatchilari uchun xalqaro ekspertlardan yangi bilim va malakalarni oʻzlashtirishlariga qaratilgan boʻlib, bu oʻz navbatida ish samaradorligini oshirish, aholiga xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash, kelajakni prognozlashtirishga yordam beradi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq