Birinchi xalqaro zamonaviy ta’lim usullari festivali O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi
21.10.2019
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Joriy yilning 26-oktyabr kuni Yoshlar ijod saroyida STEAM Fest festivali bo‘lib o‘tadi. Festivalda STEAM (Science — fan, Technology — texnologiya, Engineering — muhandislik, Art — san’at, Math — matematika) sohalarida ta’limni rivojlantirish bo‘yicha xorijiy mamlakat tajribalari namoyish etiladi.

Festivalni o‘tkazishdan asosiy maqsad, yoshlar orasida tabiiy fanlarni keng targ‘ib qilish hamda STEAM ta’limi sohasidagi xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganishni ta’minlashdir.

Dunyo iqtisodiy bilimlar tomon, ya’ni rivojlanishning asosiy omillari bo‘lmish bilim va inson kapitaliga tobora yaqinlashib bormoqda. Shu boisdan ham, yoshlarni kelajakka tayyorlashda STEAM ta’limi muhim ahamiyat kasb etadi.

STEAMning maqsadi — o‘quvchilar tafakkurini rivojlantirish hamda ularni fan, texnologiya, muhandislik, matematika va san’at kabi fanlardan olgan bilimlarini samarali qo‘llashga o‘rgatishdan iborat. Shu bilan birga, STEAM ta’limi murakkab o‘quv loyihalarini amalga oshirishda fanlarni o‘zaro uyg‘unlikda o‘rganish imkonini beradi.

STEAM Fest festivalida Toshkent shahridagi eng yaxshi nodavlat ta’lim muassasalari, zamonaviy o‘quv dastur mualliflari hamda STEAM ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha fikr bildiruvchi xorijiy kompaniyalar ishtirok etadi.

Festival ishtirokchilari orasida GIGO (Rossiya), Robolab (Belarus), Lego Edu (Qozog‘iston), Krutaya Nauka (Ukraina) kabi xorijiy kompaniya vakillari ham bor.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovning ta’kidlashicha, STEAM ta’limidan foydalanishdan asosiy maqsad — bolalarni savollarni to‘g‘ri tuzishga va ularga eksperimental tarzda javob topishga o‘rgatishdir. Shu bilan birga, o‘quvchilar berilgan vazifani birgalikda, o‘zaro hurmat bilan, oson va tezkor hal etish kerakligini tushunishlari zarur.

— An’anaviy ta’lim — «tinglang, eslang, ishlatmang» kabi usullar bilan olib borilsa, STEAM — «yondashing — o‘rganing — harakat qiling — amalda qo‘llang» tamoyillaridan tashkil topadi. Aminmanki, ushbu festivalda ta’lim sohasi bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribalarga qiziqqan har bir inson o‘zi uchun yangi va qiziqarli ma’lumotlarni topadi, — deydi nodavlat ta’lim muassasalari assotsiatsiyasi raisi Feruza Vaxabova.

Birinchi xalqaro zamonaviy ta’lim usullari festivali O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi ko‘magida Nodavlat ta’lim muassasalari assotsiatsiyasi tomonidan o‘tkazilmoqda. Tadbir hamkorlari MIND Champ (O‘zbekiston) va New Generation (Ukraina).

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq