Poytaxtimizdagi uchta «Barkamol avlod» bolalar maktabida RoboCraft kurslari ochildi
18.10.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Joriy yilning 17-oktyabr kuni Toshkent shahridagi uchta «Barkamol avlod» bolalar maktabida RoboCraft kurslarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur kurslar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining beshta tashabbusi hamda “Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Sirg‘ali, Yashnobod va Yakkasaroy tumanlarida faoliyat yuritayotgan «Barkamol avlod» bolalar maktablarida ochildi.

RoboCraft — maxsus kurslardan iborat bo‘lib, mashg‘ulotlarda o‘quvchilar robotlarni yig‘ish hamda ularni dasturlashni o‘rganadi. Mazkur kurs asoschilari tomonidan o‘quv jarayonida o‘ziga xos yondashuv joriy etilishi, shuningdek, mashg‘ulotlarni zamonaviy ta’lim modellariga tayangan holda o‘tish taklifi berilgan.

Xususan, kurs mashg‘ulotlari STEAM metodikasi asosida o‘tiladi. Ushbu ta’lim modeli o‘quvchilarga nafaqat bilim olish, balki ularni amalda qo‘llashda ham ko‘mak beradi. Bu esa yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirib, kelajakda o‘zi tanlagan kasbga oson moslashishiga zamin yaratadi.

RoboCraft kurslari ta’lim yo‘nalishidagi davlat va xususiy sheriklik loyihasi hisoblanadi. Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi qoshidagi innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi tomonidan xususiy investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

«Barkamol avlod» bolalar maktablari o‘quv kurslarining oson, texnologik qulay va qiziqarli o‘tilishi uchun barcha zarur jihozlar bilan ta’minlangan.

Dastlab, mazkur kurslarda o‘quvchilar dasturlash bilan tanishtirilib, mexatronika, informatika, robototexnika asoslari bo‘yicha ta’lim oladi. Shu tarzda algoritmlash bo‘yicha dastlabki bilim va zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lib, shaxsiy robotlarini boshqarishni o‘rganishadi.

O‘quvchilarda o‘zaro aloqa ko‘nikmalar, STEAM bo‘yicha kompetensiyalar, ijodiy va tizimli fikrlash rivojlantirilib, kelajakda haqiqiy liderlar bo‘lib yetishishadi.Mazkur kurslar joriy yilning noyabr oyida Chilonzor tumanida ham ochilishi rejaga kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning yanvar oyida ilk RoboCraft kurslari Respublika «Barkamol avlod» markazida ochilgan edi.

Mazkur loyiha yurtboshimiz ilgari surgan beshta tashabbusning uchinchisini amalga oshirish uchun o‘z hissasini qo‘shadi. Uchinchi tashabbus aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan.

«Barkamol avlod» maktablarining manzillari:

Sirg‘ali tumani

Manzil: 100012, Toshkent shahri, Sirg‘ali tumani, Sputnik S-2 mavzesi, 18-uy, 2-maktab «A» bloki

Telefon raqamlari: +998 977604554

Yashnobod tumani

Manzil: Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Aviasozlar ko‘chasi 1-tor 7-A uy

Telefon raqamlari: +998 977604554

Yakkasaroy tumani

Manzil: 100100, Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli ko‘chasi, 17-uy

Telefon raqamlari: +998 977613959

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq