Oʼzbekistonlik startapchilar Tadbirkorlik boʼyicha jahon chempionatining finaliga oʼtdi
16.10.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Jizzaxlik tadbirkorlar Ilhom Joʼraev va Mirazim Turgʼunboev Tadbirkorlik boʼyicha jahon chempionati — Entrepreneurship World Cup finaliga yoʼllanma oldi. Saralash bosqichlarida 187 mamlakatdan 102 938 nafar startapchilar onlayn ishtirok etgan boʼlib, ulardan finalgacha 10 jamoa yetib bordi. Mana shu 10 ta startapchilar ichida bizning yurtdoshlarimizning ham borligi quvonarlidir. Endi ular joriy yilning 12 noyabrda Saudiya Аrabistonining Er-Riyod shahrida boʼladigan Tadbirkorlik boʼyicha jahon chempionatining super-finalida ishtirok etish imkoniyatiga ega boʼldilar.

Eslatib oʼtamiz, Oʼzbekistonda milliy saralash bosqichi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʼtkazildi. Bunda 130 dan ortiq loyihalar kelib tushgan boʼlib, ulardan 13 ta startap loyiha milliy saralash bosqichining finaliga yoʼllanma oldi. 30–31 may kunlari boʼlib oʼtgan “EWC-Tashkent 2019” seminari doirasida 13 ta jamoa oʼz gʼoyalari va biznes-rejalarini erkin xalqaro va mahalliy ekspertlardan iborat jyuri oldida taqdim etdilar. “Agroport Jizzakh” korxonasi taʼsischilari Ilhom Joʼraev va Mirazim Turgʼunboev Tadbirkorlik boʼyicha jahon chempionati finalida ishtirok etish uchun gʼoliblikni qoʼlga kiritib, Аkseleratsiya-2 bosqichiga oʼtdi.

6 hafta davomida GEN kompaniyasi vakillari butun dunyodan tanlab olingan jamoalarga Onlayn-akseleratsiya dasturini oʼtkazdi. Dunyoning turli burchaklaridagi jamoalar treninglar davomida biznes-reja tuzish, potentsial mijozlardan intervyu olish kabi vazifalarni bajardilar. Onlayn akseleratsiya GEN platformasida amalga oshirildi.

Oʼzbekistonlik tadbirkorlar gʼoʼzapoyaga biotexnologik yoʼnalishda ishlov berib, qator mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʼlga qoʼyishmoqchi. Ularning aytishicha, Oʼzbekistonda yillik oʼrtacha 2-3 mln tonna paxta terib olinsa, 6 mln. tonnaga yaqin gʼoʼzapoya ortib qoladi. Gʼoʼzapoya 80 % sellyuloza, 20 % lignindan tarkib topgan. Lignindan 7 xil maxsulot — vanilin, binafsharang aldigid, polifenab, laktofiltrum, chorva uchun “Ekofiltrum” enterosorbentiva eng muhimi, chorva uchun bioozuqa ishlab chiqarish mumkin. Mazkur innovatsion texnologiya yordamida 80 % sellyulozani qayta ishlashga erishiladi.

Final gʼoliblari 2019-yil 12-noyabrda Saudiya Аrabistonining Er-Riyod shahrida boʼladigan Tadbirkorlik boʼyicha jahon chempionatining xalqaro super-finalida ishtirok etish imkoniyatiga ega boʼldilar.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq